Dunyo avtoritar rejimlar qo’liga o’tmoqda. Markaziy Osiyo mutlaq yana diktaturaga qaytishi mumkin.
Inson huquqlari xalqaro masalalar kundaligidan tushishi, fuqarolik jamiyatiga diqqat kamayishi kutilmoqda.
Xalqaro “Ozodlik uyi” ( Freedom Hause) tomonidan chop etilgan yillik hisobot xulosalari shunday. Bu hisobotda Markaziy Osiyo davlatlari ham yana erkin bo`lmagan mintaqa sifatida qayd etilgan.
Faollar bu tendensiya kuchayishini Markaziy Osiyo davlatlari islohotlardan chekinib, yakkahokimlik avj olayotgani bilan bog'laydi.
Mintaqa bo`yicha tahlilchi Alisher Ilhomov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda deydiki:
“Dunyodagi erkinlik darajasi, shuningdek, korrupsiya miqyosiga doir hisobotlar nazarimda jamoatchilik uchun juda muhim. Ayniqsa, jamoatchilikka hukumatlar faoliyati qanchalik samaradorligi haqida tushunchalar berishi inobatga olinsa. Bundan tashqari hukumatlarga ham nisbiy bo`lsa-da ta’sir qiladi, hamma hukumatlar ham ro`yxatlarga befarq emas. Bunday reytinglar ekspertlar tadqiqotlari natijasida tuziladi, davlatlar o’rtasidagi vaziyatlar solishtiriladi. Agar bunday tadqiqotlar, hisobotlar to`xtab qolsa, AQShdagi hozirgi vaziyatdan shuni kutsa bo`ladi, bundan inson huquqlari yutqazadi. AQSh hukumati bunday tadqiqotlardan voz kechgan taqdirda ham bu kabi tashkilotlarni qo`llovchi donorlar paydo bo’lishiga umid qilamiz”.
Hisobotda davlatlardagi erkinlik darajasi 100 balli tizimda baholab chiqilgan. Mintaqada nisbatan ijobiy ko`rsatkich Qirg’izistonda (26), keyin o’rinda Qozog’iston (23), O´zbekiston (12), Tojikiston (5) va mintaqa, shuningdek, dunyo bo`yicha ham eng yomon ko`rsatkich qayd etilgan Turkmaniston (1).
“Mintaqani avtoritar liderlar boshqarmoqda, qayerdadir juda keskin, qayerdadir nisbatan yumshoqroq. Fuqarolik jamiyati bo’g’ilmoqda, shaxsiy erkinliklar, huquq buzilmoqda. Albatta, O’zbekistondagi vaziyat Karimov davriga nisbatan yaxshiroqdir, ammo so`nggi paytda jurnalistlar, blogerlarga nisbatan jinoyat ishlari ochilishi ancha ko’payganini qayd etish kerak”, - deydi Ilhomov.
Ekspertlar nazarida AQSh tashqi siyosatida ustuvorlik kasb etib kelgan inson huquqlari, demokratik qadriyatlar muhofazasiga darz ketayotgani, Prezident Donald Trampning o`zi turli ziddiyatli bayonotlar bilan chiqayotgani xavotirlarni oshirgan.
“AQSh hukumati oldindan inson huquqlari masalasini muhofaza qilib kelgan. Xalqaro tashkilotlarning bu boradagi hisobotlari jiddiy qabul qilingan. Avtoritar hukumatlar bilan muzokaralarda ham inson huquqlariga oid vaziyat muhokama qilingan. Bundan tashqari turli tashkilotlar, masalan USAID vositasida ham fuqarolik jamiyati rivojlanishi qo`llab-quvvatlangan", - deydi Ilhomov.
"Albatta, hozir Tramp jamoasi inson huquqlari muhofazasidan mutlaqo voz kechdi deyishga hali ertadir. Ammo uning ayrim bayonotlari, xususan falastinliklarni G’zo bo`lagidan ko’chirishi kabi, mutlaqo inson huquqlariga, xalqaro me’yorlarga zid. Bunday bayonotlar, inson haqlariga befarqlik avtoritar rejimlarni tashqi bosimlardan xalos qiladi. Nisbatan islohotlar qilganlar ham yana avvalgi rejimlarga qaytishlari mumkin. Mana yaqinda Tailand 10 yil davomida mamlakatda saqlangan 40 nafarga yaqin uyg’urlarni Xitoyga deportatsiya qilishga qaror qildi, ya’ni bu siyosat dunyodagi inson huquqlariga oid vaziyatda allaqachon o`z aksini topmoqda”.