Mutaxassislarning aytishicha, kam daromadli mamlakatlar o’z taraqqiyotini ta’minlash uchun soliq siyosatini yaxshilashi kerak. Efiopiyada bo’lib o’tgan xalqaro anjumanda shu mavzu muhokama qilindi.
Britaniyada joylashgan Taraqqiyot tadqiqotlar instituti “Rivojlanayotgan mamlakatlarda soliq bazasini kengaytirish” nomli tahlilnoma chiqardi. Unda hukumatlar soliq undirish sistemasini takomillashtirishi, donorlar esa bu jarayonda yordam ko’rsatishi zarurligi aytiladi.
Tahlilnoma muallifi, Soliq va taraqqiyot xalqaro markazi rahbari Mik Mur so’zlariga ko’ra, daromadi past mamlakatlar bugungi kunda o’zi uchun mablag’ to’plashga qodir va hukumatlar buni sekin-asta tushunib yetayapti.
“O’nlab yillar mobaynida xorijdan ko’mak olish siyosati olib borildi. Bunday “katta yordam” davri tugayotgani ko’pchilikka ma’lum”, - deydi suhbatdosh.
Albatta, favqulodda holatlar va gumanitar maqsadda donorlar pul ajratishda davom etadi, deydi professor Mur. Biroq kambag’al mamlakatlar o’zi mustaqil ravishda mablag’ to’plashdan, chet el ko’magiga tayanmaslikdan manfaatdor.
Kam daromadli deb belgilangan davlatlar ham o’z soliq bazasiga ega, ammo odatda soliq siyosati to’g’ri yo’lga qo’yilmagan, deya tushuntiradi hisobot muallifi. Samarali tizim kambag’al oilalarga ko’proq soliq solishni ham anglatmaydi.
“Gap shundaki, soliqdan qochish va noqonuniy daromad olish keng tarqalgan amaliyotlardan. Bunday davlatlar iqtisodiyotida hisob-kitob qilinmagan operatsiyalar ko’p bo’ladi. Shifokorlar, huquqshunoslar, konsultant, tish doktorlari, artist va arxitektorlar, turli soha vakillari xizmatlari uchun naqd pul olib, daromaddan soliq to’lamaydi. Ko’plarning mol-mulki bor, mulkka solinadigan soliqlar esa past”, - deydi professor Mur.
Uning aytishicha, eng qashshoq jamiyatlar ham AQSh yoki Britaniyada bo’lgani kabi o’z soliq tizimlariga ega. Faqat undan samarali foydalanishni, mavjud mexanizmlarni ishga solishni bilish kerak.
Muammo ortidagi sabablardan biri – soliq bobida malakali kadrlarning yetishmasligidir, chunki hukumatga kerakli mutaxassislar xususiy sektordan o’ziga ish topadi. Ikkinchi sabab - soliq siyosatiga e’tiborsizlik. Shuningdek, hukumatlar xorijiy investorlar uchun imtiyozlar yaratishga shoshiladi.
Rivojlanayotgan mamlakatlar bunday xatolarga yo’l qo’ymasligi uchun xorijiy donorlarning yordami zarur. Muayyan davlatga borib, uni qiling, buni qiling deyish emas, balki o’sha jamiyatning o’zidagi mutaxassislarga muammolarni yechishda yordam berishimiz kerak, deydi professor Mur.
Soliq siyosati yaxshilansa, noqonuniy moliyaviy oqimlarni ham to’xtatish mumkin.
“Kambag’al mamlakatlardan xorijga olib chiqilayotgan pullar hajmi juda katta. Ular banklar orqali o’tkaziladi. Bu korrupsiya orqali qo’lga kiritilgan daromad. Ushbu mablag’ badavlat mamlakatlar, soliq to’lanmaydigan o’lkalarga jo’natiladi. Lekin bu pullarning hammasi ham hukumat soliq solishi mumkin bo’lgan pullar emas. Demak, kapitalning noqonuniy yo’llar bilan mamlakatdan olib chiqilishiga chek qo’yish natijasida davlat g’aznasiga tushadigan soliqlar oshadi deyish to’g’ri emas”, - deydi suhbatdosh.
So’nggi yillarda soliq siyosatini ancha kuchaytirgan mamlakatlar qatorida Keniya, Mozambik va Tanzaniyani sanab o’tish mumkin.