Breaking News

Immunitet taqchilligi virusiga chalinganlar orasida zotiljamdan o'lish hollari ko'p


Yangi tadqiqotga ko’ra, orttirilgan immunitet taqchilligi virusi (OITV) bilan yashayotgan bolalar orasida pnevmoniya, ya’ni zotiljam kasalligidan o’lish hollari ko’p uchraydi. Hozirda dunyo bo’ylab yoshi 14 ga yetmagan bolalar orasida virusga chalinganlar soni 3 milliondan ko’p. Ularning aksariyati Afrikada.

Orttirilgan immunitet taqchilligi virusini yuqtirgan bolalarning zotiljamdan o’lishini kamaytirsa bo’ladi. Faqat muolaja dasturlarini kengaytirish lozim, deydi olimlar.

Britaniyaning Edinburg universitetidan doktor Harish Nair bu mavzuda izlanish olib bormoqda.

Zotiljamni o’rgana boshlaganimizga 10 yildan oshdi, deydi u. Tadqiqot jarayonida bu kasallik hamda OITV bir-biriga qanchalik bog’liq ekani xususida ma’lumot yo’qligini tushundik. Vaholanki, virusga chalingan bolalar o’pka shamollashidan ko’p o’lishi azaldan ma’lum, deydi Harish Nair.

Ammo muammo ko’lami aniq emas. Tadqiqotchilar global miqyosda ma’lumot to’pladi.

“Jahon bo’ylab yiliga yoshi beshga yetmagan bolalarning 116 million nafari pnevmoniya bilan og’riydi. Ulardan 1,4 millioni OITV yuqtirgan. Beshga yetmagan bolalarning 920 ming nafari pnevnomiyadan o’lgan bo’lsa, ulardan 88 mingida VICh virusi bo’lgan”.

Afrika va Janubiy Osiyo - ahvol eng og’ir mintaqalar. Zotiljam odatda qashshoqlar orasida, sanitariya-gigiyena sharoitlari yomon joylarda, tibbiy xizmatlar yetarli darajada bo’lmagan aholi orasida tarqaladi.

Doktor Nair boshchiligidagi tadqiqotga Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti homiylik qildi. Natijalar yangi muolaja usullarini ishlab chiqishda qo’l keladi.

Suhbatdoshga ko’ra, OITVga qarshi dori qabul qilgan bemorlar orasida zotiljamga chalinish hollari kamroq uchraydi. Biroq hozirgi kunda Afrikada mavjud dorilar bolalarga emas, asosan kattalarga mo’ljallangan.

“Hanuzgacha aksil-retrovirus dorilar kam. Masalan, besh yoshga yetmagan bolalar orasida qancha dori tarqatilishiga oid ma’lumotlar yo’q. Yangi tug’ilgan chaqaloqlardan yoshi 14 gacha bo’lgan o’smirlarni oladigan bo’lsak, ular orasida ham muolaja oladiganlar juda kam. Ro’yxatdagi 22 mamlakatda bundaylar bor-yo’g’i 29 foizni tashkil etadi”, - deydi doktor Nair.

OITV bilan yashayotgan bolalarga oddiy infeksiyalar ham oson yuqadi. Bemorlarning atigi 30 foizigina kotrimoksazol dorisini qabul qiladi. Bu dori zotiljam, bezgak va sepsis kabi kasalliklarning oldini oladi.

Pnevmoniyaga qarshi emlashda bolalar birinchi o’rinda turishi kerak, deydi shifokor.

“Bolalar pnevmoniyaga qarshi emlanganda kasallikka chalinish hollari keskin kamaygan. Ko’pgina tadqiqotlar buni tasdiqlagan,” - deydi mutaxassis.

Tadqiqot xulosalaridan biri shuki, OITV yuqtirgan bolalar orasida o’pka shamollashi diagnozini qo’yishga alohida e’tibor qaratilishi kerak. Xavfli virus bilan yashayotgan homilador ayollar va yosh bolalar orasida aksil-retrovirus muolajasini kuchaytirish ham tavsiya etiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG