Breaking News

AQSh-Qirg'iziston yillik maslahat kengashi o'tdi

Amerika va Qirg'iziston Vashingtonda yillik maslahat kengashini o'tkazdi. Bishkekdan Tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev boshliq delegatsiya keldi. Qirg'iziston yaqinda AQShdagi elchisini yangilagan. Qodir Toktogulov mart oyida Prezident Barak Obamaga ishonch yorlig'ini topshirgan.

9-aprel kuni Davlat departamentida o'tgan muzokaralarda xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik, inson huquqlari va demokratiya, madaniy va ta'limiy rishtalar haqida gap ketdi. O'tgan yilning yozida Amerika Manasdagi tranzit bazasini yopib, u yerdagi havo kuchlarini Ruminiyaga ko'chirganidan beri ikki davlat orasidagi aloqalar nozik pallada. Bishkek va Vashington rasmiylari aloqalar joyida, deydi.

Qirg'iziston AQSh nazarida Markaziy Osiyoning eng erkin va demokratik davlati va jamiyatidir. Bu boradagi yordam bir necha o'n million dollarni tashkil etadi. Bugungi uchrashuvlarda tomonlar bir-biri bilan yaqindan ishlashni xohlashini bildirgan. Biror yangi hujjat imzolanmagan.

Qirg'iziston tashqi ishlar vaziri Abdildayev muzokaradan tashqari AQSh Davlat kotibi muovini Vendi Sherman va Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomat Nisha Bisvol bilan muloqot qildi.

Afg'onistondagi vaziyat, terrorizm xavfi, Rossiya-Ukraina orasidagi mojaroning Markaziy Osiyoga siyosiy va iqtisodiy ta'siri, mintaqaviy masalalar, xususan energetik hamkorlik va regional tijorat haqida fikr almashildi.

Ekspertlar deydiki, Bishkek Rossiya bosim ostida harakat qilmoqda va Amerikadan uni quvvatlab turishni so'ramoqda. Qirg'iziston Kremlga ko'p jihatdan tobe, federatsiya harbiy ta'sirga ega va iqtisodiy jabhada ham mustaqil qarorlar qabul qila olmaydi, chunki tirikchilik Rossiya bilan bog'liq. Shu bois Yevrosiyo boj ittifoqiga kirmoqda.

Xitoy va Rossiya kabi yirik davlatlar orasidagi Qirg'iziston AQSh bilan iloji boricha mustahkam aloqaga ega bo'lishni xohlaydi va rahbarlar bu borada so'nggi muzokaralarda ham qayta-qayta ta'kidlagan.

XS
SM
MD
LG