Rossiyada qabul qilingan yangi qonunga ko’ra, agar tan jarohati yetkazilmagan bo’lsa, uydagi janjal uchun hech kim jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Tanqid shuki, federatsiya bo’ylab xotin-qizlarga nisbatan jinoyatlar shundoq ham ko’p hollarda tergov qilinmaydi. Yangi qonun jamiyatdagi illatlarni, tobora chuqurlashayotgan ijtimoiy inqirozni yanada avj oldiradi.
Moskvada azoblangan ayollar yotoqxonasidamiz. Marina pirojka pishirib sotadi. Tirikchiligi shundan. Uch oy oldin eridan qochib, qizi bilan shu yerga kelgan. Shu qadar qattiq kaltaklanganidan harakat qila olmay qolgan edi, kolyaskada yurgan vaqtlar bo’ldi.
“Politsiya keldi. Dabdalam chiqib yotgan edi",- deydi Marina. "Erim shundan keyin ham rosa urdi. Hatto kolyaskada o’tirganimda do’pposlardi. Politsiya bo’lsa, bu sening oilang, janjal tabiiy narsa, toqat qil, dedi”.
Yangi qonun bunday ayollar uchun vaziyatni yanada og’irlashtirib, imkoniyat eshiklarini yopmoqda. Jabrlovchiga jarima solinadi yoki hibsxonada ozgina o’tirib chiqadi.
Qonunni olg’a surganlar deydiki, uyida kimgadir jismonan zarar keltirgan shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Deputat Olga Batalina:
“Lekin agar hissiyotlarga berilib, kimdir boshqa odamga qo’l ko’tarsa va buning natijasida hech kimga tan jarohati yetkazilmasa, bunga jinoyat deb qaralmaydi. Ma’muriy jazoga tortilishingiz mumkin”.
Bunday qonun tashabbusi oilaviy qadriyatlarni himoya qiladigan tashkilotdan chiqqan. Arzimagan narsaga oilalar buzilib ketayapti, deydi mana shu faollardan biri Mariya Mamikonyan.
“Ajrashish hollari ko’p. O’tgan yillar ichida, masalan, jinoiy javobgarlikka tortish hollari ko’paydi. Er-xotinlar bir umr dushmanga aylanib ketadi. Bolalar azobda. Ularga qarashmaydi”.
Ayrim jabrlanuvchilar Prezident Vladimir Putindan qonunga imzo chekmaslikni so’ramoqda.
“Yetti o’lchab bir kesish kerak. Bu juda muhim qaror. Mamlakatimizdagi har bir oila uchun o’ta dolzarb masala. Oilaviy janjallar, zo’ravonlik azobi nima ekanini men shaxsan yaxshi bilaman”, - deydi Alla Perfilova, Valeriya ismi bilan tanilgan xonanda.
Uyidan qochgan ayollar uchun yotoqxonalarga talab katta.
“Ko’plab xotin-qizlar najot so’rab kelishadi. Markazimiz haqida bilishadi. Bu yilning o’zida kelayotganlar soni bir yarim baravar oshdi”, - deydi xotin-qizlarga yordam beruvchi markaz direktori Alyona Sodiqova.
Hukumatga ko’ra, oilaviy zo’ravonlik qurbonlari 40 foizga ortgan va har yili Rossiya bo’ylab minglab ayollar uyida, eri yoki boshqa oila a’zosi tomonidan o’ldiriladi.