Ukraina sharqida va janubida harbiy harakatlar davom etmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi Chernigov viloyatida qanotli raketalar bilan artilleriya ombori yo’q qilinganini, Ukrainaga qarashli bir harbiy samolyot va bir vertolyot urib tushirilganini ma’lum qildi.
Vazirlik so’zlovchisi Igor Konashenkovning aytishicha, rus armiyasiga taslim bo’lish istagini bildirgan ukrainalik harbiylar safdoshlari tomonidan o’qqa tutilib, 30 dan ortig’i halok bo’lgan.
Ukraina armiyasi ham jim turgani yo’q. Sharqdagi Donetsk shahri yana o’qqa tutilgan. Bo’lginchi hudud ma’muriyati 300 ga yaqin snaryad va raketa otilgani haqida ma’lum qildi. Turar-joylar, bozor va tug’ruqxona zarar ko’rgan. Kamida 5 odamning o’lgani, 18 kishining jarohat olgani aytilmoqda.
Lugansk viloyatining Ukraina askarlari ushlab qolishga harakat qilayotgan so’nggi hududi – Severodonetskda qattiq janglar ketmoqda. Kecha rus qo’shinlari shaharni qo’shni Lisichansk bilan bog’lab turgan uch ko’prikdan so’nggisini vayron qilib, ukrain harbiylarini ta’minot yo’lidan ayirdi.
“Azot” kimyo zavodida bir necha ming askar qurshovga olingan, korxonada 500 dan ziyod tinch aholi jon saqlayotgani ham ma’lum. Jang qilayotgan taraflar odamlarni evakuatsiya qilishga kelishishga urinmoqda.
Severodonetsk Severskiy Donets daryosining chap tarafida, Ukraina armiyasi nazoratidagi Lisichansk esa o’ng tarafida joylashgan.
Gollivud yulduzi, Kaliforniya shtati sobiq gubernatori Arnold Shvarsenegger Yevropa davlatlarini Rossiyadan neft sotib olishda davom etayotgani uchun tanqid qildi. Unga ko’ra, ular bu bilan Rossiyaning Ukrainadagi urushini moliyalamoqda.
Uzoq vaqtdan beri toza ekologiya uchun tashviqot olib borayotgan Shvarseneggerning aytishicha, Ukraina urushi qazilma yoqilg’idan voz kechish zaruratini namoyish etmoqda.
Kanadaning Toronto shahrida yangi kartina ustida ishlayotgan aktyor bu haqda Venadagi iqlim anjumani ishtirokchilariga virtual murojaatida so’zladi.
“Qaysi tarafdan qaramang, bizning qo’limiz ham qonga bulg’angan. Biz urushni moliyalayapmiz”, - dedi u.
Finlyandiyada shu hafta chop etilgan bir hisobotdan ma’lum bo’lishicha, urush boshidan beri Rossiya neft va gaz savdosidan 98 milliard dollar pul ishlagan va uning eng katta xaridori Moskvani sanksiyalar bilan siylagan Yevropa Ittifoqining o’zidir.
Facebook Forum