Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 6-kun


Xarkov ma'muriyatining raketa hujumiga uchragan binosi
Xarkov ma'muriyatining raketa hujumiga uchragan binosi

Urushning oltinchi kunida Ukraina poytaxti Kiyev, Xarkov va boshqa shaharlarga hujumlar davom etmoqda. Ukraina va Rossiya rasmiylari o’rtasidagi muzokaralarning ikkinchi davrasi ertaga, 2-mart kuni Belarus-Polsha chegarasida o’tkazilishi kutilmoqda.

Xalqaro hayot - 1-mart, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:16 0:00

“Boshingizga qurol niqtab turishsa, tankning tumshug’i sizga qaratib turilsa, bu diplomatiya emas. Zaruratsiz va shafqatsiz mojarodan chiqish yo’lini topish uchun ukrainalik va yevropalik hamkorlarimiz bilan haqiqiy diplomatiyaga tayyormiz, biroq qarama-qarshilik va eskalatsiya fonidagi diplomatiya samarasizdir, natija bermasligi aniq”, - deydi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays.

Ukraina armiyasi ancha kuchli rus qo’shinlariga qarshi qattiq qarshilik ko’rsatmoqda. Rossiya urush boshidan beri birorta yirik shaharni qo’lga kiritgani yo’q hali, biroq Pentagon nazarida, vaziyat o’zgarishi mumkin.

“Ukrainaliklar o’z mamlakati uchun qattiq kurashyapti, Putinning salohiyatiga zarar yetkazyapti. Bu harakatlari hurmatga loyiqdir, ammo ruslar tez xulosa qiladi, o’rganadi”, - deydi Pentagon so’zlovchisi Jon Kirbi.

AQSh Kiyevning olinishiga 96 soat vaqt bergan edi, biroq bunday bo’lmadi. Ukraina tarafi ruslar talafot ko’rayotganini, hujumlari sekinlashganini ta’kidlamoqda.

Rus tahlilchilariga ko’ra, Kiyev ayni paytda asosiy mo’ljal emas. Rossiya armiyasi sharqdagi bo’lginchi hududlar qo’shinlari bilan birga Ukraina armiyasining Donbassdagi asosiy qismlarini iskanjaga olib, taslim bo’lishga majburlaganidan so’ng Kiyevdagi siyosatchilar kapitulyutasiya qiladi, deydi ular.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSh va ittifoqchilarini Ukraina uzra uchishni taqiqlashga chaqirmoqda.

“Bizga havodan himoya kerak. Ya’ni rus harbiy samolyotlarini urib tushirishlarini, havo sarhadlarimizga kirishlariga to’siq qo’yilishini so’rayapmiz”, - deydi Ukraina sobiq bosh vaziri Oleksiy Goncharuk.

AQSh bunday rejasi yo’qligini bildirmoqda. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bungacha mojaroga aralashgan va rus armiyasiga hujum qilgan uchinchi taraflarni qattiq ogohlantirgan.

Shunga qaramay, G’arb iqtisodiy, moliyaviy va madaniy tomondan Rossiyaga zarba bermoqda.

“Oq uy ma’muriyati Ukrainaga qo’shimcha 350 million dollarga yordam va’da qildi. Ammo qanday qurollar uchun? Qachonga? Qurollar mard ukrainaliklarga qanday yetkaziladi, agar hududiy nazoratni qo’ldan boy berishayotgan bo’lsa? Qurollar imkon qadar tez Ukrainaga yetkazilishi uchun Kongress o’z nazorat vositalarini ishga solishi kerak. Sharqiy qanotdagi NATO ittifoqchilarimizni ham kuchaytirishda yordam berishimiz kerak”, - dedi respublikachi senator Mitch Makkonel.

BMT hisobiga ko’ra, so’nggi salkam bir haftada Ukrainadan 520 mingdan ortiq odam qochgan va qochishda davom etmoqda. Gumanitar inqirozga yuz tutayotgan odamlarga yordam berish uchun AQSh qo’shimcha 54 million dollar ajratmoqda.

Harbiy xizmatga yaroqli ukrainalik erkaklarga mamlakatni tark etish taqiqlangan. Ukraina-Polsha chegarasida, asosan, ayollar va bolalar. Ukraina chegarachilariga ko’ra, urushning birinchi uch kunida 100 mingdan ortiq odam chegarani kesib o’tgan bo’lsa, 27-fevral kuni esa bir kunda 120 mingdan oshiq odam.

Polsha chegarasigacha avtomobillar navbati 30 kilometrgacha cho’zilgan. Chegaradan tezroq o’tmoqchi bo’lganlar mashinalarini tashlab, yayov yurishga majbur.

“Navbatda 24 soat kutish kerak degan gapni eshitgandim. Lekin unda kolonna 6 kilometrga cho’zilgan edi”, - deydi bir ayol.

Ukrainani nafaqat ukrainaliklar, balki bu mamlakatda o’qigan, yashagan xorijliklar ham tark etmoqda. Ba’zilarining shikoyat qilishicha, chegaradan avval ukrainaliklarni o’tkazishmoqda.

"Oldin oq tanlilarni o’tkazishyapti. Keyin hindlar va arablarni, qora tanlilarni esa eng so’nggida”, - deydi ganalik talaba Etel Otto.

"Temir yo’l stansiyasiga yetganimizda, avvaliga bizni poyezdga olishmadi. Ammo keyin pul so’rashdi. “Xorijliksizlar, sizlarga tekin emas” deyishdi. Biz o’qishga kelganmiz. Urush bo’layotganini, avval o’z odamlariga yordam berishmoqchi ekanini tushunamiz”, - deydi Salma Alaui ismli marokashlik.

Bugun Xarkov markazida shahar ma’muriyati binosiga raketa tekkan. Kamida 10 odamning halok bo’lani ma’lum. Mahalliy rasmiylar hujumda Rossiyani aybladi. Zelenskiy xalqaro hamjamiyatni qo’shni mamlakatni terrorchi davlat deb tan olishga chaqirdi.

“Buni hech kim kechirmaydi. Hech kim unutmaydi. Barcha davlatlarni bosqinchining bunday jinoiy taktikasiga qarshi tezkor javob berishga chaqiramiz. Xalqaro sudlarda terrorchilarni javobgarlikka tortishlarini talab qilamiz”, - dedi u.

Xarkov oblasti rahbari Oleg Sinegubovning aytishicha, hudud vayronalardan tozalanmoqda, qo’shimcha qurbonlar bo’lishi mumkin. Unga ko’ra, Rossiya Xarkovga GRAD va qanotli raketalar yog’dirmoqda, biroq shahar mudofaachilari bo’sh kelgani yo'q.

Bugun, shuningdek, Kiyevdagi teleminora va atrofidagi telemarkaz binosi nishonga olingan. Ayrim telekanallar signallari yo’qolgani aytmoqda.

Rossiya bosqiniga javoban G’arb kompaniyalari bu mamlakat bilan hamkorlikni muzlatmoqda. Xususan, Britaniyaning “Shell” va “British Petroleum” kompaniyalari rus bozoridan chiqishini, “Volvo” va “General Motors” esa Rossiyaga avtomobil yetkazishni to’xtatayotganini bildirdi.

Yuk tashuvchi yirik kompaniyalar Rossiyaga va Rossiyadan konteyner tashishni bas qilayotganini ma’lum qildi.

“MasterCard” va “Visa” to’lov kompaniyalari Rossiyaning xalqaro sanksiyalarga tushgan moliyaviy idoralari tranzaksiyalarini bloklab qo’ydi.

“YouTube” va “Facebook” ijtimoiy sahifasiga egalik qiluvchi “Meta” kompaniyasi Yevropa Ittifoqi hududida Rossiyaning “Russia Today” va “Sputnik” matbuot agentliklarining o’z platformalaridagi faoliyatini taqiqlamoqchi.

Gollivuddagi kino kompaniyalar yangi kartinalarning Rossiyadagi premyerasini bekor qildi. Rossiyaning Yevropada ijod qilayotgan madaniyat xodimlari, ayrim hollarda rossiyalik talabalarning haydalayotgani xabar qilinmoqda.

Rossiya sporti ham taqiqlarga uchramoqda. Futbol, basketbol, voleybol, xokkey, figurali uchish va ko’plab boshqa sport turlari bo’yicha Rossiyada rejalangan musobaqalar bekor qilinmoqda, rus terma jamoasi va klublari xalqaro turnirlardan chetlatilmoqda, Rossiya klublarida ishtirok etayotgan xorijlik va, xususan, ukrainalik sportchilar mamlakatni tark etmoqda.

Britaniya Rossiyani Interpoldan haydatmoqchi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, uning mamlakati G’arb sanksiyalari oldida bo’yin egmaydi. Peskov rus qo’shinlarining kassetali va vakuumli bomba ishlatayotgani haqidagi xabarlarni soxta deb atadi.

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu “Ukrainadagi amaliyot belgilangan barcha maqsadlarga erishilmaguncha davom etishini” ma’lum qildi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bugun BMTning Jenevadagi Inson huquqlari kengashiga teleko’prik orqali murojaat qilib, Yevropa Ittifoqini rusofobiyada aybladi, Ukrainaga hujumkor qurol berilishini tanqid qildi.

AQSh, Yevropa Ittifoqi va Britaniyaning zalda o’tirgan diplomatlari Lavrov ma’ruzasiga boykot e’lon qilib xonani tark etishdi.

Yevropa Ittifoqi havo sarhadlarini Rossiya samolyotlariga yopib qo’ygani uchun Lavrov Jenevaga borolmagan.

Rossiyani ushbu mojaroda qo’llab-quvvatlayotgan oz sonli davlatlar qatorida bo’lgan Eron Oliy diniy raisi Oyatulla Ali Xomeneiyning aytishicha, Ukraina AQSh vujudga keltirgan inqirozlarning qurboniga aylandi.

Xomeneiy urush tezroq tugashi tarafdori ekanini bildirgan holda mojaro sabablarini tan olishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG