Breaking News

"Prezidentning bu tashabbusini men jiddiy qabul qilayotganim yo’q"


Chodirlarda tunab, vatanga qaytishni kutayotgan o'zbekistonliklar, Samara, Rossiya
Chodirlarda tunab, vatanga qaytishni kutayotgan o'zbekistonliklar, Samara, Rossiya

Nega pandemiya davrida aksariyat fuqarolari himoyasiz qatlamga aylangan O’zbekistonning prezidenti BMT doirasida davlatlar majburiyatiga doir xalqaro kodeks ishlab chiqish tashabbusini olg’a surmoqda?

O’zbek matbuoti Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMTdagi chiqishi dunyo bo’ylab olqishlanayotgani haqida xabar bermoqda.

Bu olqishlar nafaqat O’zbekiston prezidenti virtual sessiyada o’zbek tilida so’zlagani, shuningdek, xalqaro jamoatchilikka qator tashabbuslar taqdim etgani bilan ham bog’liq.

Prezidentning ayrim tashabbuslari, xususan, O’zbekistonda mintaqa madaniyatiga doir xalqaro forum o’tkazishga doir taklifi YUNESKO tomonidan qo’llab-quvvatlangan.

Mahalliy matbuot Afg’oniston o’zbeklari yetakchisi marshal Abdul Rashid Do’stumning O’zbekiston prezidentining BMT Bosh Assambleyasida o’zbek tilida ma’ruza qilishi mintaqa o’zbeklariga iftixor bergani, shuningdek, Prezident Mirziyoyevning Afg’oniston bo’yicha tashabbuslariga yuqori baho berilgan murojaatini e’lon qilgan.

Shavkat Mirziyoyev BMTda ikkinchi bor ma’ruza qilmoqda. Tashkilotning Nyu-Yorkda o’tgan avvalgi sessiyasida u bevosita ishtirok etgan, rus tilida nutq qilgan edi. Pandemiya sharoitida onlayn o’tayotgan navbatdagi sessiyada Mirziyoyev o’zbek tilida gapirdi, xalqaro jamoatchilik diqqatiga bir qator tashabbuslar taqdim etdi.

BMTda O'zbekiston rahbari ilk bor o'zbek tilida so'zladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:17:33 0:00

Mirziyoyevning nutqi ortidan mamlakat parlamenti a’zolari, jamoatchilik vakillari uning 75-sessiyadagi ma’ruzasini muhokama qilishmoqda, tashabbuslar dolzarb ahamiyatga egaligini ta’kidlashmoqda.

Mamlakat parlementida “O’zbekiston xalqaro maydonda” mavzusida tashkil etilgan muhokamada Senat raisi Tanzila Norboyeva Prezident Mirziyoyevning tashabbuslari xalqaro ekspertlar tomonidan keng muhokama qilinishiga ishonishini aytar ekan, prezidentning pandemiya davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatiga doir kodeks ishlab chiqish taklifi O’zbekistonning o’ziga ham jiddiy mas’uliyat yuklashini aytgan.

“Maqsadimiz – har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini taʼminlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratishdir.

Bu borada biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqishni taklif etamiz. Ushbu hujjatda har bir davlatning oʻz fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi lozim”, - dedi prezident o’z nutqida.

Prezident Mirziyoyevning bu tashabbusi pandemiya O’zbekiston fuqarolarini, asosan xorijdagi minglab o’zbekistonliklarni biror himoyasiz, nochor qatlamga aylantirib qo’ygani fonida ancha dolzarb ko’rinadi.

Pandemiya millionlab fuqarosi xorijda mehnat muhojirligida bo’lgan O’zbekiston uchun nafaqat kasallik tarqashi tahdidi bilan, balki bu fuqarolarning vatanga qaytish yo’li yopilishi, noroziliklar kuchayishi bilan jiddiy sinov bo’ldi.

Rossiya-Qozog’iston chegarasidagi dalalarda qarovsiz qolgan, aeroport, vokzallarda tunayotgan, vatanga qaytish imkoniyatini kutib, ijtimoiy tarmoqlarda turli murojaatlar bilan chiqayotgan o’zbekistonliklar pandemiya davrining oddiy ko’rinishiga aylandi.

Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyati haqida kodeks ishlab chiqish tashabbusini olg’a surgan Prezident Mirziyoyev bu kodeksda har bir davlatning o’z fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyati aks etishi lozimligiga diqqat qaratgani inobatga olinsa, O’zbekiston amaldagi hamkorlarining bu boradagi majburiyatidan qoniqmagan ko‘rinadi.

O’zbekistonning minglab fuqarolari xorijda boshpanasiz qolar ekan, ularni vatanga qaytarish ishlari nima sababdan oqsayotgani yuzasidan hukumat hozirgacha aniq, batafsil izoh bermagan.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining, Respublika maxsus komissiyasining vaziyat yuzasidan mavjud qisqa izohlaridan jarayonning davlatlararo muzokaralar taqozo etishini anglash mumkin, ammo O’zbekiston tomonining o’zi bu borada qanchalik jiddiy harakat qilgani, mavjud imkoniyatlarni ishga solgani ham noma’lum.

Jurnalist Ulug’bek Ashur pandemiya davrida Rossiyadagi o’zbekistonliklar taqdiriga doir qator chiqishlar qilgan, bu vaziyatda avvalo hukumatni aybdor sanaydi.

“Men Prezident Mirziyoyevning BMTda bunday tashabbus bilan chiqishidan ko’ra, Rossiyadagi boshpanasiz qolgan minglab o’zbeklarni zudlik bilan vatanga olib kelinganini ko’rishni ma’qul bilardim. Pandemiya butun dunyoda aks etayotgan vaziyat, ammo ko’chada, dalalardagi chodirlarda muhtojlikka mahkum bo’lganlar aksariyati bu o’zbekistonliklar. Nega hukumat o’z fuqarolarini bunday vaziyatda qoldirdi, hozirgacha berilgan izohlar qoniqarli emas. Mana Samara yaqinidagi dashtda yashayotgan 5-6 mingga yaqin o’zbeklarni olib kelish uchun yana avtobuslar yuborilibdi. Nega samolyotlar emas? Avtobus qancha yuradi, ayollar, bolalar, kasallar bu uzoq yo’lga qanday chidaydi? Xullas, bu borada hukumat javob berishi lozim bo’lgan savollar juda ko’p. Har holda O’zbekiston hukumati o’z fuqarolari oldidagi majburiyatini bajargani yo’q. Shunday ekan, prezidentning bu tashabbusini men jiddiy qabul qilayotganim yo’q”, - deydi Ulug’bek Ashur.

Prezident Mirziyoyev 23-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida nutq so’zladi, mintaqa va xalqaro hamkorlikka doir qator tashabbuslar bilan chiqdi. Mahalliy matbuot bu tashabbuslar xalqaro ekspertlar tomonidan muhim, dolzarb baholanayotgani haqida xabar bermoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG