Breaking News

Hirotda qizlar yana maktabga bormoqda


Hirot, 25-noyabr, 2021
Hirot, 25-noyabr, 2021

Yuqori sinf yoshida bo'lsa, Afg'onistonda qizlar maktabga bora olmayapti. Tolibon boshliq muvaqqat hukumat ta'lim maskanlari va ota-onalarga shunday talablar qo'ygan.

Biroq Hirot viloyatida hozirda qizlar yana o'qishga qatnamoqda. Qanday qilib? Ota-onalar va o'qituvchilar darslar to'xtamaydi, deya o'quvchilarni chaqirdi. Yoshlar shashtini ko'rgan toliblar hech narsa qila olmadi.

“Ota-onalar, qizlar va muallimlar... Birgalikda bosim o'tkazishdi, - deydi Muhammad Sobir Mash'al, Hirot pedagoglar uyushmasi rahbari.

"Tolibondan qo'rqmaymiz. Biz shuni namoyish etdik".

Mash'al nazarida Tolibon bugun 25 yil oldingi Tolibondan farq qiladi. Ular ilm ahamiyatini tushunadi va yoshlarga haddan tashqari qattiq to'siqlar qo'ya olmaydi. Aks holda o'ziga zarar qiladi, deydi o'qituvchi.

Lekin bu harakat hamon shafqatsiz, deya tasvirlaydi afg'onlar. 1-6 sinflargina bemalol o'qiy oladi. 7-12 sinflarda esa faqat o'g'il bolalar bo'lishi kerak.

Hirotda muallimlar hokim bilan uchrashib, masalani muhokama qildi. Ayol o'qituvchilar, xususan maktab direktorlari muzokara olib bordi.

Hirot maktablarida, 25-noyabr, 2021
Hirot maktablarida, 25-noyabr, 2021

Kelishuv shuki, sinflarda faqat qizlar bo'ladi, hammasining boshi o'ralgan. Intizom ta'minlanadi, deya so'z bergan muallimlar.

Ikki qizini maktabga qaytargan Mastura boshqa onalarni ham faollikka undamoqda. Qizlarni maktabga kuzatib qo'yishadi va chiqishini kutishadi. Oldingidek, o'quvchilar o'zlari borib kelmaydi.

"Xavotir kuchli, albatta. Hayot bugun boshqacha. Ammo farzandlarim bilim olayapti", - deydi Mastura.

14 yoshli Fadiya maktabga chiqayotganidan ko'zlari yoshga to'lgan.

"Endi o'qiy olmaymiz deb o'ylagan edik", - deydi u.

Hirot maktablarida, 25-noyabr, 2021
Hirot maktablarida, 25-noyabr, 2021

Hozirda Hirot viloyatida 4000 ga yaqin bola 1-12 sinflarda ta'lim olmoqda.

Viloyat maktablari boshqarmasi rahbari Shahobiddin Saqib deydiki, Tolibon ilmga qarshi emas.

"Biz bolalar bilim olsin, deymiz. Maktablar yopilsin, deb hech qanday buyruq yoki e'lon bermaganmiz”, - deydi rasmiy. "Qizlar o'qimasin, demaganmiz".

Ammo Hirotdan boshqa joyda qizlar o'qishga bormayapti. Ayrim shaharlarda, xususan Mozori-Sharifda ba'zi joylarda istisno tarzida ba'zi sinflar ochilgan.

Mash'al fikricha, Tolibonga takliflarni beraverish kerak.

“Toliblar boshqaruvni bilmaydi, ular jangchilar. Muzokara qilaverish lozim".

Lekin hukumat mablag' yo'qligini ro'kach qilib, o'qituvchilarga maosh bermayapti. Bu esa tizimni oqsatgan.

Qandahor viloyatida ham muallim va ota-onalar mahalliy hokimiyat bilan maktablarni qayta ochishni muhokama qilmoqda, hozircha samarasiz.

BMT Kobulni bu masalani hal etishga chaqirib, yordam taklif qilmoqda. O'qituvchilarning oyligini ham tashkilot o'z zimmasiga olishi mumkin.

Aksariyat maktablarda bahorgacha ta'til e'lon qilingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG