Breaking News

Ko'hna uslubda ijod qiladigan virjiniyalik musavvir


Jorjiya Nassikas enkaustika uslubida ishlaydi.
Jorjiya Nassikas enkaustika uslubida ishlaydi.

Amerikalik rassom Jorjiya Nassikas o’z bog’idan ijodi uchun nafaqat ilhom, balki noyob asarlari uchun material ham oladi. Uning uslubi minglab yillar davomida qo’llanilgan.

Jorjiya Nassikas ijodida san’at va tabiatga muhabbat mujassam.

U enkaustika deb nomlangan ko’hna uslubni qo’llaydi. Asosiy ish qurollari - mum, tabiiy bo’yoqlar va daraxt yelimi.

Qorishma isitilib, kuydiriladi.

“Enkaustika grekcha so’z bo’lib, kuydirishni anglatadi. Mum, bo’yoq va daraxt yelimining har bir qatlamini kuydirasiz. Issiqda ular bir-biri bilan aralashadi va yopishadi”.

Rassom mumni bog’idagi asalari uyalaridan oladi.

“To’g’ridan-to’g’ri uyadan olingan… Quyosh nurida erib, go’zal, tilla rang kulchaga aylanadi. Kulchani mana bu qozonga solib, eritish kerak. So’ngra uni archalardan terilgan yelim bilan aralashtiraman. Undan keyin esa dunyoning turli qismlaridan keltirilgan, pigmentdan tayyorlangan mana bu go’zal ranglar bilan aralashtirish kerak. Bu metod ko’hna Yunoniston va Misrda ham qo’llanilgan, shu bois o’sha davr asarlari bizgacha yetib kelgan,” - tushuntiradi rassom.

Natijada mana bunday go’zal, tabiat ilhomlantirgan rasmlar vujudga keladi.

“Tabiatning o’zi - go’zallik manbai, ijodimdagi asosiy ingrediyent shu,” - deydi u.

Rassom asalarilar hayoti haqida qator suratlar ishlagan. Bu hasharotlar uni nafaqat asal va ish qurollari bilan ta’minlaydi, balki asarlarida ham bosh mavzuga aylangan.

“Yaxshi o’rganilmagan sabablarga ko’ra, asalarilar qirilib ketyapti. Koloniyalar yo’q bo’lishini o’z asarlarimda tasvirlashga qaror qildim. Albatta, bu mening shaxsiy, ijodiy talqinim,” - deydi ishini ilhom bilan davom ettirayotgan rassom.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG