Breaking News

AQSh qonunchilari chegaradagi inqiroz sabablarini o'rganmoqda


Markaziy Amerikada zo’ravonlik, qashshoqlik va umidsizlikka barham berilmaguncha AQSh janubiy chegaralariga har kuni kelayotgan yuzlab noqonuniy bolalarning keti uzilmaydi. Yaqinda Senat Ichki xavfsizlik qo’mitasi yig’inida qator ekspertlar ana shunday xulosaga keldi.

Markaziy Amerikada ota-onalar farzandini xatarli safarga jo’natayotganida qonunga ko’ra yosh bolalar Amerikada avtomatik ravishda qoladi degan yanglish fikrga boradi. Ammo ommaviy migratsiyaga asosiy sabab bu emas, deydi Vashingtondagi Vudro Vilson tahlil markazida Lotin Amerikasi bo’yicha mutaxassisi Erik Olson.

“Aksariyat odamlar uchun o’z mamlakatida qolish bu yerga, shimolga kelishdan xavfliroq”.

Chunki Salvador, Gonduras va Gvatemalada jinoyatchilik va qashshoqlik dunyo bo’ylab eng yuqori darajada, deydi yaqinda Senatdagi tinglovda hisobot bergan Amerikalararo muloqot markazi rahbari Maykl Shifter.

“Bugun Salvadorda 1980-yillardagi eng qonli urushga qaraganda ko’proq odam nobud bo’lmoqda. Markaziy Amerikaning bu mamlakatlari inqirozga yuz tutgan, chunki ularda davlat institutlari va hokimiyat nihoyatda zaif. Hukumatning fuqarolarni himoya qilish va asosiy xizmatlar ko’rsatishdagi imkoniyatlari cheklangan. Korrupsiya chuqur ildiz otgan,” - deydi u.

Shifter fikricha, immigrant bolalar muammosini hal qilish uchun AQSh Markaziy Amerikada mahalliy darajada vaziyatni yaxshilashi lozim.

“AQSh ko’magi birinchi navbatda politsiya va sud tizimiga qaratilishi kerak. Qonun ustuvorligini o’rnatishning eng samarali yo’li shu. Muammo bir kunda hal bo’lmaydi. Barcha ishlar ko’p vaqt talab qiladi”, - deydi Shifter.

Markaziy Amerikada yoshlarning yarmidan ko’pi maktabni bitirmaydi. Iqtisodiy imkoniyatlarni yaratish ustida ham ishlash kerak, deydi Amerika Kengashi tashkiloti vakili Erik Farnsvort.

“Muammo yechimining muhim qismi, nazarimda, migrantlar vatanida iqtisodiy imkoniyatlar yaratishdan iborat. Ya’ni har bir inson halol, qonuniy mehnat va tayin ish orqali mahalliy darajada barqaror va farovon hayotga erisha olishi kerak”, - deydi Fransvort.

Ichki xavfsizlik qo’mitasi a’zosi, respublikachi senator Tom Koburn Markaziy Amerikadagi vaziyatning og’irligini inkor etmasa-da, chegarada migrant bolalarning ko’payishiga AQSh hukumatining siyosati sabab bo’ldi, deydi.

“Chegarada qo’lga tushganlar bilan suhbatlashsangiz, 90 foizi AQShga bemalol kirish mumkin deb o’ylagani ayon bo’ladi”, - deydi qonunchi.

Ammo qo’mita raisi, demokrat Tom Karper bu migrantlarni qonunga ko’ra mamlakatdan chiqarib yuborish bilan muammo hal bo’lib qolmaydi degan fikrda.

“Markaziy Amerikada chuqur ildiz otgan va keng ko’lamli muammolar mavjud, aynan ular ko’plarni bunday xavfli safarga chiqishga majbur qiladi. Ana o’sha muammolarni hal etmas ekanmiz, pulni behuda sarflashda davom etamiz. Isitmani tushiramiz-u, kasallikni davolamaymiz”, - deydi senator.

Prezident Barak Obama chegaradagi minglab bolalarni joylashtirish, har birining ishini ko’rib chiqish va chegaralarni mustahkamlash uchun Kongressdan to’rt milliard dollar mablag’ so’radi.

Ayrim qonunchilar 2008-yilgi qonunga tuzatish kiritib, meksikalik bo’lmagan aksariyat muhojirlarning ishini immigratsion sudda tezlashtirishni taklif qilmoqda. Har ikkala partiya vakillari Kongress avgustda yozgi ta’tilga chiqishidan oldin chegaradagi inqiroz masalasini muhokama qilishi kerak, demoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG