AQSh va Meksika o’rtasidagi chegara 3200 kilometrga teng. Har yili uni minglab odam noqonuniy ravishda kesib o’tishga harakat qiladi. Ko’plar uchun bu xatarli safar o’lim bilan barobar. Hujjatsiz migrantlar hayotiga zomin bo’layotgan asosiy sabab – cho’lda suvsizlanish.
Arizona shtatining janubiy chegarasi, Sonora dashtiga xush kelibsiz. So’nggi oylarda minglab bolalar va oilalar Amerikaga Texasning Rio Grande vodiysi orqali kirgan edi. Lekin Arizonaning bu cheksiz dashtliklarida daryo yo’q. Faqat tog’lar, kaktuslar va zaharli ilonlarni ko’rasiz.
“Havo harorati nihoyatda keskin. Tunda juda sovuq, kunduzi esa jazirama issiq. Juda xavfli hudud. Odamlar zimdan chegarani kesib o’tishga harakat qilganida eng ko’p nobud bo’ladigan joylardan biri shu,” - deydi AQSh Chegara xizmatidan Pit Baydgeyn.
O’limga odatda suvsizlanish sabab bo’ladi.
“Cho’lni kesib o’tish uchun yetarli suv tashiy olmaydi hech kim, jismonan buning iloji yo’q. Bir kunga qolmay zaxira tugaydi. Hali safarni boshlamay turib madori qolmagan odamlar qancha. Ular bir necha soat ichida hushidan ketib, o’lib qolishi mumkin,” - deydi Chegara xizmatining yana bir xodimi, vertolyot uchuvchisi Larri Stili.
Dashtlikda nobud bo’lganlar shu darajaga yetdiki, AQSh Chegara xizmati qoshida “Borstar” nomli qidiruv-qutqaruv guruhi ta’sis etilgan. Hujjatsiz migrantlar o’limini kamaytirish uchun bu suvsoq territoriya bo’ylab ko’k chiroqlar o’rnatib chiqildi. Har birining uzunligi 7,5 metr bo’lib, ularning nuri olisdan ko’rinadi. Chorasiz qolgan odam knopkani bosib, yordamga chaqirishi mumkin.
“Nima qilsak bo’ladi deb ancha o’ylandik. Statistika va boshqa ma’lumotlardan foydalanib, xarita ustida ish boshladik. Mayoqlarni qayerda joylashtirish ustida muhokamalar bo’ldi. Muhimi cho’lda qiyin ahvolga tushib qolgan odamlarning hayotini asrab qolish,” - deydi Chegara xizmarining Tuson bo'limi boshlig'i Rali Leonard.
Tuson chegara xizmati shu yilning o’zida 459 odamni o’limdan qutqardi. Ulardan 142 nafari aynan ko’k chiroqlar yordamida topilgan.