Breaking News

"Islomiy davlat"ga qarshi harbiy jabhadagi kurash yetarli emas


AQSh askarlari Iroq poytaxti Bag'dod yaqinida. 27-may, 2015
AQSh askarlari Iroq poytaxti Bag'dod yaqinida. 27-may, 2015

Mana ikki yildan buyon AQSh “Islomiy davlat” guruhiga qarshi kurash olib boradi. Ammo, rasmiylar va tahlilchilar fikricha, faqat harbiy qudrat yordamida jangarilarni yo’q qilib bo’lmaydi.

Obama ma’muriyati Suriya va Iroqning katta qismini nazorat qilayotgan guruhga qarshi strategiya ustida bosh qotirmoqda. Yanvar oyida Davlat kotibi Jon Kerri bu xususda gapirar ekan, keng ko’lamli va yaxlit, ya’ni shaffof hukumat, siyosat, iqtisod va ta’lim sohalarida barcha imkoniyatlarni kengaytiradigan yondashuv kerak, deb aytgan edi.

Shu hafta Katta yettilik guruhining Germaniyadagi uchrashuvi yakunida Prezident Barak Obama, “Pentagon yakuniy rejani taqdim etsa, men uni Amerika xalqiga ma’lum qilaman”, deb aytdi. U, shuningdek, iroqliklarni ham jangarilarga qarshi jiddiyroq kurashishga chaqirdi.

Ammo Yaqin Sharq bo’yicha mutaxassislar fikricha, mintaqa ahli jangarilarni o’zi uchun tahdid deb bilsa-da, “IShID”ga qarshi kurashga qo’shilishni istamaydi.

Harbiy kuch kifoyami?

“Ularni yo’q qilish bilan muammo hal bo’lmaydi. Guruhning vujudga kelishi va kuchga kirishiga Suriyada davlatning samarasizligi, Iroqda davlatning zaifligi va fuqarolarni himoya qilolmayotgani sabab bo’lgan”, - deydi AQShning Misrdagi elchisi Fransis Richardone.

“Zogby International” ijtimoiy fikrni o’rganish markaziga ko’ra, aksariyat arablar, “IShID”ni nihoyatda xavfli deb hisoblasa-da, AQShning guruhga qarshi havo hujumlarini qoralaydi.

“Ular AQShning kuch ishlatish salohiyatiga, bu kuchni mas’uliyat bilan ishlatishiga ishonmaydi. Iroqdagi hodisalar arablar ongida chuqur iz qoldirgan. Salbiy iz. Isroil-Falastin muammosi ham ular fikriga ta’sir qiladi. Shu sababdan arablar jangarilardan qo’rqsa-da, Amerikaning bu guruhga qarshi harbiy hujumlarini ma’qullamaydi”, - deydi markaz rahbari Jim Zogbi.

Bundan tashqari, ko’plab arablar AQShning jangarilarga qarshi Eron bilan birga kurashayotganidan xavotirda. Chunki bu shialar va sunniylar orasidagi ixtilofni yanada chuqurlashtiradi.

Kurashning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati

2009-yilda Prezident Obama Qohirada barcha fuqarolarni hurmat qiladigan hokimiyatni va xalq manfaatlarini o’z partiyasidan ustun qo’yadigan siyosatchilarni qo’llab-quvvatlaymiz, deb aytgan edi.

Ammo Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti professori, mintaqashunos Xalil Ananiy arab rahbarlari muxolifat, xususan, mo’tadil islomiy muxolifatni siyosiy jarayonga jalb etmaganiga alohida e’tibor qaratadi.

“Ko’plab yosh arablar demokratiyaga ishonmaydi, radikal g’oyalarga ega. Siyosiy partiya emas, jangari guruhga qo’shilgan odam bu jamiyatlarda kattaroq obro’ga ega”, - deydi u.

AQSh yo’l qo’ygan eng katta xato esa barqarorlik deb repressiv tuzumlarni tanqid qilmaslik, deydi professor Ananiy.

“Inson huquqlarini ta’minlamay, odamlarga bemalol fikr bildirish imkonini bermay, kambag’allarning iqtisodiy ahvolini yaxshilamay turib barqarorlikka erishib bo’lmaydi,” – deydi u.

“Islomiy davlat” faoliyatini harbiy yo’l bilan cheklash kerak der ekan, professor Ananiy guruhning kuchayishiga iqtisodiy tengsizlik sabab bo’lganiga e’tibor qaratadi.

“Qashshoqlik, ishsizlik hamda boy va kambag’allar orasidagi tengsizlik kabi muammolarni hal qilmasa bo’lmaydi. Aks holda yoshlar “IShID” saflariga qo’shilaveradi”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG