AQSh yadroviy qurollar nazoratiga doir 1987-yilda Rossiya bilan imzolangan kelishuvdan chiqmoqchi. Bu masala yuzasidan Moskva bilan kechayotgan muzokaralar natija bermayapti.
"Umuman olganda, hech qanday progress yo'q. AQSh murosasiz va qaysar pozitsiyada turib olgan", - deydi Sergey Ryabkov, Rossiya Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari. U Jenevada AQSh Davlat kotibi muovini Andrea Tomson bilan muzokara qilgan.
Vashington ham uchrashuvdan qoniqmagan.
O'rta masofali yadroviy qurollar to'g'risidagi 32 yillik kelishuv 500 kilometrdan 5500 kilometrgacha uchadigan ballistik raketalarni ishlab chiqarish, sinovdan o'tkazish va ishlatishni taqiqlaydi. Rossiyani bu bitimga amal qilmayotganlikda ayblayotgan Prezident Donald Trampga ko'ra, AQSh 2-fevraldan paktni tark etadi.
Sergey Ryabkov deydiki, agar kelishuv bekor qilinsa, bunda mutlaqo Amerika tomon aybdor bo'ladi. Uning so'zlariga ko'ra, Jenevadagi muloqot natijasiz tugagan va uni davom ettirish taklifini Vashington javobsiz qoldirgan.
AQShning talabi shuki, Rossiya bitim shartlarini buzgan raketalardan voz kechishi kerak.
"Tenglik, o'zaro hurmat asosida va ultimatumlarsiz dialogga tayyormiz", - deydi Ryabkov.
Prezident Vladimir Putinning ta'kidlashicha, AQSh bitimdan chiqishi yangi qurol poygasiga turtki beradi. Yaxshisi unga boshqa davlatlar ham qo'shilsin, kerak bo'lsa yangi bitim imzolashimiz ham mumkin, deydi Putin.
Facebook Forum