AQSh-O’zbekiston aloqalari jadallashar ekan, o’zbek muxolifati bu hamkorlikning oqibatlaridan norozi. O’zbekiston Xalq Harakati nazarida umri tugayotgan Islom Karimov diktaturasi bilan orani mustahkamlayotgan G’arb kelajakda mintaqada o’z manfaatlarini himoya qilishda muammoga duch kelishi mumkin.
Yaqinda Toshkentda AQSh-O’zbekiston yillik maslahat kengashi bo’lib o’tdi.
Davlat kotibi muovini Robert Bleyk (Robert Blake) “Amerika Ovozi” (audio va video) bilan suhbatda O’zbekistonda huquq va erkinlik bobida progress bo’lishi kerak dedi.
Lekin o’zbek muxolifati uchun bu faqat quruq gap.
Yaqinda Toshkentda AQSh-O’zbekiston yillik maslahat kengashi bo’lib o’tdi.
Davlat kotibi muovini Robert Bleyk (Robert Blake) “Amerika Ovozi” (audio va video) bilan suhbatda O’zbekistonda huquq va erkinlik bobida progress bo’lishi kerak dedi.
Lekin o’zbek muxolifati uchun bu faqat quruq gap.
AQSh-O’zbekiston muloqoti boshlanishi arafasida muxolifat yetakchilaridan Sanjar Umarov Vashingtonni inson huquqlariga oid vaziyat bo’yicha rasmiy Toshkentga nisbatan keskin talab qo’yishga chaqirdi. "Amerika Ovozi" bilan muloqotda Umarov Obama ma'muriyati o'zbek muxolifati bilan ishlashi kerak dedi (audio).
O’zbekiston Xalq Harakati a’zolari fikricha, Karimov bilan hamkorlik, bir tomonlama yondashuv, G’arbning mintaqadagi manfaatlarini yo’qqa chiqarishi mumkin.
“Diktaturalar qulayapti, Karimov rejimidan keyin bir fuqaroviy jamiyat o’rtaga chiqadi. Demak AQSh ham, boshqa davlatlar ham shuni hisobga olishi kerak. Faqat Karimov bilan bugun apoq-chapoq bo’lib, AQSh qisqa davrdagi manfaatlarga asoslanmoqda”, - deydi harakat faollaridan biri Namoz Normo’min.
O’zbekiston Xalq Harakati Vashingtonni O’zbekiston bilan munosabat yuritishda keng ko’lamli hamkorlikka, jumladan muxolifat bilan hamda inson huquqlariga oid vaziyat bo’yicha muloqotni yo’lga qo’yishga chaqirayapti.
“AQShda diktatura rejimlari bilan hamkorlikda muayyan tajriba bor. Bu tajribalardan shu narsa ko’rinadiki, rejimlar o’zgargandan keyin o’sha xalqlarda bir manfiy taassurot qoladi. Biz shunday taassurot qolishini istamaymiz",- deydi Namoz Normo’min.
"Bugun Karimov rejimi bilan hamkorlikni yo’lga qo’yish majburiyati bor ekan, ayni paytda muxolif harakatlar ham, inson huquqlari harakatlari ham unutilmasligi, ularga jiddiy e’tibor berilishi, kelajakni nazarda tutib siyosat yuritilishi kerak”.
O’zbek muxolifati faollaridan yana biri Hazratqul Xudoyberdiyev deydiki, demokratik islohotlar bo’yicha hozirgacha mavjud muloqotlar samarasiz kechdi, doimiy tazyiqlar sabab demokratiyani olg’a surgan kuchlar deyarli qolmadi.
“20 yil davomida muxolifat vakillari qamoqlar tahdidi ostida mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’ldi... Ularning qaytib borishiga imkoniyat berilmadi, rahbariyati va faoliyat yuritish nuqtai-nazaridan. Ichkaridagi a’zolarimiz esa bir narsa qilolmaydi. Ularga yo’l ham berilmayapti, mana necha yillardan buyon. Bo’lmasa hozir eng demokratik ruhdagi rahbar kelgan AQSh prezidentligiga, Barak Obama janoblari ”, - deydi Xudoyberdiyev.
AQSh va O’zbekiston o’rtasida yo’lga qo’yilgan maslahatlashuv kengashi siyosiy, iqtisodiy, demokratik islohotlar bo’yicha hamkorlikni nazarda tutadi. Hozircha bu maslahatlashuv asosan Afg’oniston bo’yicha ekani sir emas.
Rasmiylar inson huquqlari va demokratiya bilan bog’liq muammolar haqida ham gaplashayapmiz deydi, ammo amalda vaziyat yaxshilanayotgani yo’q.
G'arb diplomatlari O'zbekiston haqida gap ketganida bir narsaga urg'u beradi: o'zgarish qiladigan tashqi kuchlar emas, xalqning o'zi.
Respublikada progress bo'lsa, bundan avvalo O'zbekiston ahlining o'zi manfaatdor. G'arb nasihat qilishi, yo'l ko'rsatishi mumkin, ammo vaziyatni o'zgartirish uchun ichki siyosiy iroda kerak.