Breaking News

Saylov-2019: XDP ijtimoiy qashshoqlikni yoqlashda tanqid qilinmoqda


Saylov jarayonida Xalq demokratik partiyasi (XDP) Markaziy Kengashi raisi o’rinbosari, senator Maqsuda Vorisovaning Rossiya kommunistlari yetakchisi Gennadiy Zyuganovga o’xshatilgan kollaj rasmi keng muhokamaga sabab bo’ldi.

Vorisova bu kollajning muallifi bo'lgan “Milliy tiklanish” gazetasi va partiyasi ustidan sudga arz qilishini bildirgan. Kollaj senator tomonidan O'zbekistonda “nikoh shartnomasi” tuzishni majburiy qilib belgilash va to'ylarni militsiya nazorati ostida o’tkazish taklifini olg'a surishi ortidan paydo bo'lgan edi.

Senator Maqsuda Vorisovaning to’y-hashamlarga doir taklifi ortidan Oliy Majlisning ikki palatasi jamoatchilikda ancha munozara bo’lgan to’ylar, tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish haqidagi qo’shma qarori qabul qilindi.

Ayni paytda Oliy Majlisning har ikki palatasi raisi (Tanzila Norboyeva, Nurdinjon Ismoilov), shuningdek, istiqbolli ko’rilayotgan bosh vazir o’rinbosari Ochilboy Ramatov ham XDP faoli ekani inobatga olinsa, mazkur partiyaning bosh vazirni taqdim etish uchun kurash da’vosi nazariy jihatdan bir qadar jiddiy ko’rinadi.

Saylovga sobiq ta’lim vaziri Ulug’bek Inoyatov yetakchiligida kirib kelgan XDPni mamlakatdagi eng keksa siyosiy partiya deyish mumkin. XDP Sovet Ittifoqi parchalanishi ortidan inqirozga uchragan O’zbekiston kommunistik partiyasi negizida tashkil etilgan edi.

SSSRda hukmronlik qilgan kommunistlar partiyasi qoldirgan meros mustaqil O’zbekiston tarixida ham muhim ahamiyat kasb etdi.

XDP mustaqillikning dastlabki davrida muxolifatga keskin toqatsiz bo’lgan yagona hukmron partiya maqomida edi. Mamlakatda muxolif kuchlar mutlaq bostirilgan bir sharoitda marhum Islom Karimov bir necha bor bu partiyadan nomzod sifatida prezidentlikka ko'rsatildi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatda siyosat, boshqaruv va rejim shakllanishi bevosita aynan XDP va uning yetakchisi Karimov ishtirokida kechdi deyish mumkin.

Islom Karimov, keyinchalik Prezident Shavkat Mirziyoyev ham o’z nomzodini mamlakatda tashkil etilgan yangi partiyalar tomonidan olg'a surishni ma’qul ko’rishi ortidan XDP hukumat partiyasi maqomidan ayrildi, saylovlarda prezidentlikka muqobil nomzodlarni ko'rsatish imkoniyati bilan cheklanib kelmoqda.

Parlament saylovlarida XDP ko’tarayotgan asosiy shior ijtimoiy tenglik, ijtimoiy adolat ta’minlanishidir. Partiya kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi manfaatlarining asosiy himoyachisi ekanligini da’vo qilmoqda.

Ammo XDPning ijtimoiy himoya siyosati kam ta’minlangan aholi qatlamini yanada qashshoqlikka uloqtirishi mumkinligidan xavotir kuchli.

XDP yetakchisi Ulug’bek Inoyatovning besh kishilik oilaning minimal tirikchiligi uchun 2,5 million so’m yetarli ekanligi haqidagi bayonoti jamoatchilikda aynan shunday taassurot uyg’otgan.

O’zbekistonda uzoq yillardan buyon mavhum qolayotgan iste’mol savatini shakllantirish, yashash uchun yetarli bo’lgan minimal maosh miqdorini belgilash tashabbusini olg'a surgan Inoyatovning inson ehtiyoji uchun xarajatlarni o’ta minimal darajaga tushirishi kuchli norozilikka, kinoya va hazil-mutoyibalarga ham sabab bo’ldi.

Ulug’bek Inoyatov keyinchalik bu mablag’ asosan oziq-ovqat mahsulotlarini, ko’proq qishloq aholisini nazarda tutishini aytsa-da, kam ta’minlangan qatlam manfaatlarini himoya qilish da’vosidagi partiya real hayotdan uzoqda, shundoq ham zo’rg’a tirikchilik qilayotgan aholini yanada qashshoqlikka yetaklash siyosatida ayblandi.

Faollarga ko’ra, O’zbekistonda inflatsiya darajasi yildan yilga kuchayib, narx-navo o’sishi uzuliksiz davom etayotgan bir paytda, 2,5 million so’m bir kishining ehtiyojlarini qoplashga ham kamlik qiladi.

XDPning ijtimoiy tenglikka erishishga doir tashabbusi ham mavhum ko’rinadi, ayniqsa sovet davridagi sinflar va tabaqalar haqidagi tushunchalar deyarli unutilgan bir paytda.

O’zbekiston qonunchiligidagi so’nggi o’zgarishlarga ko’ra, parlament saylovida ko’pchilik ovoz bilan g’alaba qilgan partiyalarga bosh vazirlikka nomzod ko’rsatish vakolati berilgan.

Bosh vazirlikka Ochilboy Ramatov nomzodini qo'yishini bildirgan XDP avvalroq o’tkazilgan so’rovlarda jiddiy qo’llovga erishgan, bu borada amaldagi Bosh vazir Abdulla Aripov nomzodini ko’rsatgan Liberal-demokratik partiyani ortda qoldirgan edi.

Parlament saylovlarida qatnashayotgan rasmiy partiyalarning barchasi hukumatni qo’llab-quvvatlashi, muxoliflikka da’vogar emasligi, kadrlar masalasida esa asosiy vakolat prezidentda ekanligi inobatga olinsa, siyosiy partiyalar o’rtasidagi bu kurash bir qadar yasamadek tuyuladi.

O’zbekistonda hokimiyat boshqaruvidagi asosiy kadrlar Karimov hukumatida ham, Mirziyoyev davrida ham asosan sobiq kommunistlardan iborat qolayotgani ta’kidlanadi.

Shu ma’noda, sobiq kommunistlar partiyasi negizida tashkil qilingan XDP mamlakatda partiyalar soni ko’payganidan, nomzodlar u yoki bu partiyadan ko’rsatilayotganidan qat’i nazar o’z imkoniyatlarini yo’qotmagan ko’rinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG