7-oktabr kuni AQSh vitse-prezidentligi uchun nomzodlar Mayk Pens va Kamala Harris o’rtasida debat bo’lib o’tadi. So’nggi voqealar ortidan tadbirga qiziqish yuqori.
“Yirik partiyadan ushbu lavozimga qora tanli ayol nomzodi ko’rsatilgani, uning sahnaga chiqishi ham tarixiy voqea”, - deydi Missuri universiteti professori Mitchell Makkini.
Vitse-prezidentlik uchun debatda ishtirok etgan ilk ayol Jeraldin Ferraro edi. 1984-yilda u Ronald Reyganning sherigi Jorj Bush bilan bahslashgan.
“Vitse-prezident Bush bunday lavozimga ko’rsatilgan ilk ayol bilan debatda o’zini qanday tutishi kerak, degan xavotirlar bo’lganini eslayman. Bush raqobatda kuchli, debatlarga obdan tayyorlanadigan, mavzularni chuqur biladigan raqib edi. Lekin Ferraroga nisbatan agressiv ko’rinishni istamagan”, - deydi Virjiniya universitetida tadqiqotchi Meri Keyt Keri.
2008-yilda Sara Peylin va Jo Bayden o’rtasida debat bo’lgan.
“Bayden-Peylin debatiga aholi orasida qiziqish shunchalik yuqori ediki, debatlar tarixida ilk bor prezidentlikka nomzodlar orasidagi bahsdan ham ko’proq odam uni tomosha qilgan. Vaholanki, prezidentlikka da’vogarlar orasidagi munozara ham Barak Obamaning poygada ishtiroki sabab tarixiy edi”, - deydi Makkini.
Bu gal, Donald Trampning koronavirusga chalingani navbatdagi debatga e’tiborni oshirmoqda.
“Vitse-prezident Pens boshida koronavirusga qarshi maxsus komissiya rahbari edi. Tramp keyinchalik bu rolni o’zi egallab oldi. Kamala Harris Amerikadagi pandemiya bilan bog’liq vaziyatni Pens ham, Tramp ham uddalay olmaganini qayd etishi turgan gap”, - deydi Keri.
AQShda virusni yuqtirganlar 7 milliondan, o’lganlar 200 mingdan oshib ketdi.
“Harris AQSh Senatining Adliya qo’mitasi a’zosi, majlislarda o’tkir savollari bilan tanilgan. “Tuzoq tashlab”, aniq javoblar olmaguncha qo’ymaydi. Shuning uchun debatda kuchli chiqish qiladi, deb o’ylayman. Mayk Pens esa pinagini buzmaydigan, tabiatan vazmin odam. Doim osoyishta ohangda so’zlaydi. Pens Harris bilan munozarada “tuzoqqa” ilinishi ehtimoli past. Pensning auditoriyasi bitta insondan iborat”, - deya sharhlaydi Meri Keyt Keri.
Prezident Tramp hozir 74 yoshda, Jo Bayden esa 77 da. Debatning kelajakdagi saylovlarga ham ta’siri bor.
“Agar Mayk Pens to’rt yil oldingidek yaxshi natija ko’rsatsa, u 2024-yilda prezidentlikka respublikachilar nomzodi degan mavqeini mustahkamlaydi. Kamala Harris ham uzoq muddatli ambitsiyaga ega bo’lish uchun yetarlicha yosh”, - deydi Shimoli-sharqiy universitet professori Alan Shroder.
Ammo hozir kelajakdagi rejalarni muhokama qilish mavridi emas. Debatda ular o’z sheriklarini, prezidentlikka nomzodlarni himoya qilishadi.
“Kamala Harris Tramp nima uchun ikkinchi muddatga loyiq emasligini isbotlashga harakat qiladi. Mayk Pensning vazifasi esa o’tgan to’rt yilda qilingan ishlarni himoya qilish. Qiziqarli debat bo’ladi”, - deydi professor Makkini.
Debat 7-oktabr kuni Yuta shtatining Solt Leyk Siti shahrida o’tadi.
Facebook Forum