Amerika Qo’shma Shtatlari Qirg’iziston maktab o’quvchilarini issiq ovqat bilan ta’minlash dasturini davom ettiradi. To’rt yil mobaynida ushbu maqsadda 20 million dollar ajratilib, 86 ming nafar boshlang’ich sinflar o’quvchilari hamda 5 ming nafar bolalar bog’chalarining tarbiyalanuvchilari uchun sifatli mahsulot yetkazib beriladi.
Your browser doesn’t support HTML5
O'quv yurtlarida ovqatlanish tizimini rivojlantirish, oshpazlarning malakasini oshirish ham ko’zda tutilgan.
“Ta’lim uchun oziq-ovqat va bolalar ozig’i”, deb nomlangan Makgovern-Doul dasturi xususida Bishkekda matbuot anjumani o'tdi.
Loyiha jami 1500 dan ziyod o’quv yurtini qamraydi. Bu o’lka maktablarining deyarli 70 foizi demakdir.
Dastur Qirg’izistonda 2012-yil boshlangan bo’lib, dastavval unga 500 maktab kiritilgan edi.
Qirg’iziston maktablarida issiq ovqat masalasi naqadar dolzarb? Zikr qilingan dastur muammoni hal qilishda qanday rol oynashi mumkin?
Sovet davridan qolgan boshlang’ich sinf o’quvchilarini bepul ovqatlantirish amaliyoti Qirg’izistonda o’n ikki yil muqaddam qayta tiklangan. Mahalliy byudjet har-bir o’quvchi uchun bir piyola choy hamga bulka yoki quymoq kabi yengil yemakka yetgulik mablag’ ajratadi. Ayrim maktablarda haftada bir marta sut ham beriladi.
Mahalliy maktablardan birining direktori Manzura Aslamova deydiki, AQSh Qishloq xo’jalik vazirligi qo’llab-quvvatlayotgan loyiha o’quv yurtlarida to’laqonli tamaddi tizimini joriy etishga turtki bo’lsa ajab emas. Bunday sistema vujudga kelgan taqdirda tegishli nazorat ham o’rnatilishi kerak. Toki taomlar to’yimli, sifatli, bola o’rganizmi uchun kerakli moddalarga boy bo’lsin.
Bu o’rinda aytish lozim: maktablarda muntazam o’tkaziladigan tibbiy ko’riklar bolajonlar kaltsiy, yo’d, turli vitaminlar yetishmaslidan aziyat chekayotganini ko’rsatib keladi.
“Ta’lim uchun oziq-ovqat va bolalar ozig’i” dasturi qo’shimcha ravishda maktab o’shhonalariga salkam ikki ming uch yuz tonna un, bo’yitilgan guruch, o’simlik moyi hamda no’hat yetkazib beradi.
“Afsuski, shu paytgacha maktab bolalariga ajratilgan mahsulotning ma’lum qismigina tegib keladi. Uning ham sifati past. Korruptsiya jilovlansa, vaziyat ham o’nglanadi”, deydi O’shdagi “Ulibka” (yani “Tabassum”) nomli nodavlat tashkilot rahbari Elmira Umarova. Mazkur yushma bolalar hamda oilalar muammolari bilan yaqindan tanish.
Dasturda ko’zda tutilgan mablag’ning bosimli qismi bolalarni yemak bilan ta’minlashga dahldor xodimlar (oshpazlar, o’quv yurtlarining rahbarlari, faol ota-onalar)ning malakasini oshirishga yo’naltirilishi aytilmoqda.
“Menimcha, malaka oshirishga mo’ljallangan pulni oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilishga sarflash afzal. Tajribali oshpazlar ota-onalar orasida ham ko’plab topiladi, ular sidqidildan ishlashlari tayin. Shuningdek, dastur qanday amalga oshirilayotganini kuzatib borishni ham aynan ota-onalarning jamoatchilik tashkilotlari hamda mahalliy nodavlat yushmalarga topshirish maqsadga muvofiq”, - deydi Elmira Umarova.
Shoira Malika Komil qizi ko’p yillat o’rta oquv yurtlarida faoliyat ko’rsatgan. Hozirda nabiralarini maktabga olib boradi.
“Bolalarga berilayotgan ovqatning tuz-namagi harob. Ba’zan qorni og’rib, ranglari o’chib qaytishadi maktabdan. Uydagi shirin ovqatga o’hshatishmay, yeb-yemay tashlab yuborganlarni ko’rganman. Oqibatda - isrofchilik. O’zimizning amaldorlar ham, chetdan yordam ko’rsatayotganlar ham ajratilgan mahsulotning bolalarga to’la-to’kis yetib borishini, shiringina qilib pishirib berilishini nazorat qilsalar edi”, - deydi faxriy.