Jahon bankiga ko’ra, migrantlar vatanga yo’llayotgan mablag’ miqdori 2017-yilda ancha oshgan. Shu tariqa ularning ona yurtidagi iqtisodiyot ham shunchalik foyda ko’rdi, deyiladi yaqinda chiqqan hisobotda. O’zbekistonga bunday daromad asosan Rossiyadan kelgan va 2017-yilda u 2 milliard 839 million dollarni tashkil etgan.
Iqtisodiy o’sish, ishsizlikning kamayishi, immigratsion tizimlardagi o’zgarishlar – AQShda migrantlar ko’proq pul topishiga sabab bo’lgan omillar. Jahon banki shunday xulosa qilmoqda.
“Migrantlar daromadi ko’plab jamiyatlarni boqadi, ayniqsa iqtisodiy jihatdan zaif va nochor kichik davlatlarni. Chetga chiqib ishlab, vatanidagi oilasini boqib yurganlar bugun har qachongidan ko’p va ularning ta’sirini yuqori baholamay iloj yo’q. Milliardlab dollar haqida gap ketmoqda”, - deydi Dilip Rata, Jahon banki eksperti.
Daromadi past yoki o’rtacha bo’lgan mamlakatlarga o’tgan yili chetdan jami 466 milliard dollar yo’llangan. Bu yili 485 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Hindiston, Xitoy, Filippin, Nigeriya va Meksika – migrantlardan eng ko’p foyda ko’rayotgan davlatlar.
“Lotin Amerikasida iqtisodni migrantlarning ulushisiz tasavvur qilish qiyin, ayniqsa Meksikada. 31 milliard dollar chetdagi meksikaliklardan kelgan”.
Pul esa asosan Amerikada topilmoqda. Meksika va AQSh orasidagi bu bog’liqlik – dunyodagi eng kattasi.
“Jahonning boshqa hech bir qismida migrantlarning bunchalik yuqori daromadi va moliyaviy oqimini ko’rmaysiz. Rasman yiliga 54-55 milliard dollar, lekin norasmiy hisoblar 130 milliard dollar”.
Ya’ni Amerikada turli davlatlardan kelib ishlayotgan migrantlar har yili shuncha pul chiqaradi. Gaiti, Nikaragua va Gonduras iqtisodining 10-30 foizi AQShga qaram.
“Qattiq ishlaymiz, imkoniyatlar serob, lekin ularni topish kerak. Oilamizga yordam berishimiz kerak. Ular esa vatanda”, - deydi Gladis ismli muhojir.
“Gondurasda muammo ko’p, yetishmovchilik… Katta yoshdagilarga ayniqsa juda qiyin”.
Jahon bankiga ko’ra, migrant daromadidan yoshlar manfaatdor.
“Salvador singari mamlakatlarda aynan Amerikada topilgan pul evaziga bolalar bilim olish imkoniyatiga ega. Bunday holatni dunyo bo’ylab ko’rasiz. Pul ilmga ketadi”.
Biroq ilm qatori oziq-ovqat, turar joy, sog’liqni saqlash singari nozik talablar ham bor. Migrantlarning vatanlarida bu boradagi vaziyat murakkab, qay mintaqa bo’lishidan qat’i nazar.