Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yevropa Ittifoqiga ilk tashrifi Fransiyadan boshlandi. 9-oktabr kuni Mirziyoyev Parijda Fransiya rahbari Emmanuel Makron bilan muzokaralar o’tkazdi. O’zbekiston va Fransiya o’rtasida qiymati 4 milliard yevroga yaqin shartnomalar imzolanmoqda. Mirziyoyevning safari davomida O’zbekistonda siyosiy islohotlarni jadallashtirishga doir chaqiriqlar yangramoqda.
Mirziyoyev Fransiya rahbariyati bilan iqtisodiyot, energetika, moliya, transport, sayyohlik, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida hamkorlikni oshirishga kelishib, 10 oshiq hujjatlar imzolanmoqda.
Mirziyoyev 8-oktabr kuni Parijda UNESCO, BMTning ta'lim, ilm-fan va madaniyat agentligiga tashrif buyurdi. Tashkilot rahbari Odri Azule bilan uchrashuvda O’zbekiston va UNESCO o’rtasida 2018-2021 yillarga mo’ljallangan hamkorlik dasturi qabul qilingan.
Parijdagi muzokaralarda O’zbekistonda Fransiyaning yangi madaniyat markazini ochishga ham kelishib olingan.
Mirziyoyev Fransiya parlamenti a'zolari, mamlakat biznes liderlari hamda moliya bankirlari bilan ham uchrashgan.
Tashrif arafasida, 5-oktabr kuni, O'zbekiston prezidenti Fransiya fuqarolari uchun viza tartibni bekor qilish haqida farmon berdi.
Fransiyada siyosiy qochqinlikda yashayotgan, Islom Karimov rejimining ashaddiy tanqidchilaridan bo’lgan 80 yoshli huquq himoyachisi Tolib Yoqubov shu kunlarda vataniga qaytdi.
Parijda o'zbek huquq faollari namoyishlar uyushtirgan. Yevropa bo'ylab istiqomat qilayotgan muhojirlar Fransiya poytaxtiga yig'ilib, O'zbekiston prezidentiga inson huquqlariga nisbatan e'tibor va hurmatni oshirish lozimligi, adolat ta'minoti uchun qattiqroq harakat qilish kerakligini eslatmoqda.
Shuningdek, Fransiyadagi “O’t yuraklar” inson huquqlari klubi rahbari Mo’tabar Tojiboyeva fikricha Mirziyoyev Yevropadagi siyosiy muhojirlar bilan uchrashishi zarur edi.
Fransiyadagi inson huquqlari tashkilotlari (FIDH) Prezident Makronni Mirziyoyev bilan muzokaralarda inson huquqlari masalalarini ko’tarishga undadi.
Murojaatda, Karimov davri qatag‘oni qurbonlari, bedarak yo’qolgan odamlar taqdiri aniqlanmagani, ayniqsa diniy erkinlikka oid vaziyat hozir ham og’irligicha qolayotgani, ko'plab namozxonlar hamon qamoqda ekani ta’kidlanadi.
Bu huquq himoyachilari nazarida O’zbekistonda vaziyat haliyam xavotirli va hokimiyatni tanqid ostiga olganlar bosim ostida.