"Ozodlik" O'zbekistonda hamon blokda ekaniga Allamjonovdan javob

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekiston - "Ozodlik": matbuot erkinligi nimani anglatadi?

Bir necha kun oldin qator xorijiy axborot manbalarini blokdan chiqargan Toshkentdan "Ozodlik" radiosi sayti nega hamon yopiq, degan savolga javob berildi. Bugun Toshkentda Axborot va Ommaviy Kommunikatsiyalar Agentligi rahbari Komil Allamjonov jurnalistlar bilan tadbirda bu masaladan gap ochdi.

Uning aytishicha, Oʻzbekistonda soʻz erkinligi va matbuot mustaqilligini taʼminlash borasida harakatlar avjida va xorijiy OAV faoliyati uchun "barcha zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda".

10-may kuni Allamjonov uzoq yillar davomida bloklangan saytlar, xususan "Amerika Ovozi", "Bi-Bi-Si", “Fergananews”, “Eurasianet” va boshqa axborot manbalari, shuningdek, "Human Rights Watch" va "Amnesty International" kabi xalqaro huquq tashkilotlarining global tarmoqdagi sahifalariga endi O'zbekistonda bemalol kirish mumkin bo'ladi, deya e'lon qilgan edi.

Xalqaro hamjamiyat O'zbekiston hukumatini azaldan bloklarni olib tashlashga undab kelar edi. Chunki bloklaydigan hukumat, informatsiya bloklangan jamiyat erkin emas.

Toshkentning bloklash siyosatidan chekina boshlagani dunyo bo'ylab olqishlandi. Lekin "Ozodlik" radiosi kabi yetakchi o'zbek axborot manbai nima uchun hamon cheklovda ekani yuzasidan savollar ko'p, xavotir va qarshilik ham kuchli.

Nafaqat xalqaro maydonda balki O'zbekistonning o'zida ham "Ozodlik" ochilsin, deya chaqiriqlar yangrab kelmoqda. Bu ovozlarga ko'ra, hukumatning matbuotni yaxsh va yomonga ajratishga haqqi yo'q. Muhimi, matbuot erkin bo'lsin va qonuniy sharoit yaratib berilgandagina hukumat jurnalistlarni biror bir buzg'unchilik yoki boshqa qora ishda ayblab chiqishi mumkin. Erkinlik hamma uchun bir bo'lishi kerak, kim qanday axborot berayotganiga bahoni xalq bersin, degan fikr keng tarqalgan.

"Ozodlik" AQSh Global Media Agentligining bir qismi va Pragada asoslangan. Sovet davrida Myunxendan efirga chiqqan. Markaziy Osiyoning barcha tillarida informatsiya beradi. Tashkilot axborot oqimi cheklangan hududlar bilan ishlashga ixtisoslashgan. Xususan, O'zbek xizmatining asosiy vazifasi O'zbekistondagi hayot, siyosat va jamiyatni yotirib, e'tiborni mahalliy OAV ko'tarib chiqa olmayotgan masalalarga qaratish. Shu jihatdan, "Ozodlik" o'zini yetakchi deb hisoblaydi va internetda blokda bo'lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda katta auditoriyaga ega.

Komil Allamjonovga ko'ra, O'zbekiston hukumati "Ozodlik"ka ishonchli manba deb qaramaydi.

“Ozodlik” tahririyatining noxolis va asosan ishonchsiz materiallarni nashr etishga qaratilgan bir yoqlama va yanglish siyosati jamoatchilik, umuman global auditoriyaning chalgʻishiga sabab boʻlib, bu vaziyat koʻplab savollarni keltirib chiqarmoqda. Bundan tashqari, ijtimoiy va maishiy masalalarga qasddan siyosiy tus berish, aldov yoʻli bilan maʼlumot toʻplash hamda audioyozuvlarni soxtalashtirish holatlari hayratlanarlidir", - deydi rasmiy bugungi chiqishida.

"Ozodlik" hali bu murojaatga javob bermadi.

Allamjonovning qayd etishicha, radio va O'zbekiston hukumati o'tgan yili gaplasha boshlagan, yuqori darajada uchrashuvlar kechgan, lekin biror natijaga erishilmagan.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi barcha jurnalistlarni, xoh mahalliy xoh xorijiy, jurnalistikaning “vijdon kodeksi”ga rioya qilishga va asossiz ma'lumot bermaslikka chaqirmoqda. Bu - dunyoning barcha hukumatlariga xos yondashuv. Jurnalistlar va OAV ham o'z o'rnida hukumatlarni oshkoralikka va mas'uliyatli bo'lishga chaqirib keladi.

O'zbekiston hukumati oldin bu masalalarda bu qadar ochiq gapirmagan. Lekin bugungi ochiqlik yanayam kengayishi kerak, deydi so'z va matbuot erkinligi tarafdorlari.

Allamjonovga ko'ra, uning agentligi OAV xodimlarining huquqlarini himoya qilish, ularning professional saviyasini koʻtarish, mustaqil jurnalistikani rivojlantirish, hukumat idoralari shaffofligini taʼminlash va "mamlakatda raqobatbardosh media bozorni yaratish" borasida hamkorlikka tayyor.

Xo'sh, siz nima deysiz? Hukumatning "Ozodlik"ka shart qo'yishga haqqi bormi? Uni blokda qoldirishga-chi? Bugungi O'zbekistonda matbuot erkinligi, sizning nazaringizda, qanchalik?