O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov va Kapital bozorlarini rivojlantirish agentligi rahbari Otabek Nazirov, shuningdek, yetakchi senator Sodiq Safoyev bu hafta AQShda. Maqsad - Vashington va Nyu-Yorkda muzokaralar o'tkazib, bu davlat bilan hamkorlikni oshirish, xususan inson huquqlari va islohotlar, iqtisodiy va moliyaviy masalalarda Amerikadan ko'proq yordam va xayrixohlik olish.
Vashingtonda 18-iyul kuni Diniy erkinlik bo'yicha xalqaro anjuman o'tmoqda. O'zbekiston ham yuzlab davlatlar qatorida o'z vakillarini yuborgan. Tadbir asosan tashqi ishlar va adliya vazirlari darajasida o'tadi.
AQSh e’tiqod erkinligiga asoslangan tuzumdir, deydi Mayk Pompeo, davlat kotibi. Huquq va adolat - bu mamlakat ustuni. Diniy erkinlik - nasroniy, yahudiy, musulmon yoki buddist erkinligi bilan cheklanmaydi, dedi u. Diniy erkinlik - umumbashariy, umuminsoniy erkinlik.
Vitse-prezident Mayk Pens deydiki, Amerika diniy jihatdan ezilgan odamlarni himoya qiladi. Maqsad tinchlik va ezgulik bo’lsa, deydi Pens, AQSh siz tomonda.
O'zbekiston delegatsiyasi Nyu-Yorkda nufuzli Kolumbiya universitetida bo'lib, bu dargoh bilan ilmiy-amaliy sheriklikni yo'lga qo'yish hamda dunyo moliya bozori joylashgan shaharda o'z sheriklariga ega bo'lishni ta'minlash haqida kelishib olgan.
Vashingtonda Jahon bankida ham uchrashuvlar kechgan. Unda O'zbekistondagi moliyaviy ahvol va kapital bozori shakllanishi uchun qilinayotgan ishlar haqida gap ketgan.
Toshkentdan kelgan rasmiylar AQSh Moliya vazirligiga ham tashrif buyurgan. Texnik ko'mak olish, ya'ni O'zbekistonda endi oyoqqa turayotgan kapital bozoriga funksional yordam berish borasida gaplashilgan.
Tashqi ishlar vaziri Komilov Oq uyda Prezident Trampning Milliy xavfsizlik masalalari bo'yicha maslahatchisi Jon Bolton bilan muloqot qilgan. Vashington O'zbekistondagi islohotlarni quvvatlab keladi va uning nazarida bu jarayonlar butun Markaziy Osiyoga ijobiy ta'sir o'tkazmoqda.
Kelishuv va memorandumlar olamshumul yangilik emas. Amerika siyosiy, biznes va ilmiy doiralarida savollar ko'p. Asosiylari, jumladan: Islohotlar bugungacha nimani yangiladi? Konkret natijalar nimalardan iborat? O'zbekiston bugun qanchalik erkin? Qonun, adolat qanchalik ustuvor? O'zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash qanday kechmoqda? Toshkentga ishonish uchun qanday asoslar bor?
O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida delegatsiya bilan katta davra suhbati bo'lib o'tdi. Unda mamlakatdagi bugungi vaziyat, tashqi siyosatdagi ustuvor maqsadlar, shuningdek, adliya va inson huquqlari bobidagi o'zgarishlar va muammolar hamda kapital bozori va iqtisodiy muhit muhokama qilindi.
Komilov deydiki, bugungi O'zbekiston barcha muammolarni o'rganib, yechimlar ustida ishlashga moyil.
"AQSh biz uchun hamisha ishonchli sherik bo'lib kelgan va hozirgi tashrifimiz ham mana shu ishonch namunasi, chunki biz Amerika bilan serqirra va sermahsul hamkorlik istaymiz", - deydi O'zbekiston tashqi ishlar vaziri.
Oq uy rasmiysi, Prezident Trampning mintaqa bo'yicha maslahatchisi Liza Kurtis fikricha, Prezident Mirziyoyev kuchli diplomatlarga ega va tashqi siyosat ustida ishlayotgan komanda salohiyati bilan boshqalardan ajralib turadi.
"O'zbekistonga biz ulkan umid bilan qaraymiz. O'zgarishlarni kuzatib, tahlil qilib kelayapmiz. Muammolar talay lekin yutuqlarni ham tan olib, O'zbekiston hukumatini qilayotgan sa'y-harakatlari yuzasidan quvvatlashda davom etamiz... O'zbekiston yangilanmoqda, yangicha tuzum va jamiyatga aylanishga urinmoqda... Bu oson emas, lekin harakatda ekani bizni xursand qiladi", - deydi Kurtis.
Davlat departamentida Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha bosh rasmiy Elis Uells ham O'zbekiston elchixonasidagi tadbirda so'zlar ekan, Komilovga ikki davlatni yaqinlashtirish borasida qilayotgan xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirdi.
"Strategik sheriklik muntazam muloqot va fikr almashinuv talab qiladi. Bu jarayon O'zbekiston bilan silliq va ishonchli", - deydi Uells.
"Afg'onistonda tinchlikka erishish masalasidan tortib, O'zbekistondagi islohotlar ko'lami va uninq mashaqqatli jihatlarigacha, Toshkent bilan muloqotimizdan ko'nglimiz to'q," - deydi diplomat.
Vashington rasmiylari har safar O'zbekiston tomon bilan uchrashuvlar paytida yoki ulardan keyin bir narsani eslatadi: AQSh respublikada islohotlar ketayotganiga ishonadi. O'zgarishlar qanchalik sust yoki jadal bo'lmasin, muammolarni hal etish murakkab qadamlar talab qilishini biladi. O'zbekistonga yordam kerak. AQSh tayanch bo'lishga bel bog'lagan.
Senator Sodiq Safoyev tahlilicha, tomonlar bir-biridan o'rgangan holda qadam tashlamoqda, ya'ni bir-birini chuqurroq tushunadi. O'zbekiston o'zgarayotganini namoyon etgani sari Amerika ham unga ko'proq ishonch bilan qaramoqda. Xalqaro masalalarda hamkorlik, Markaziy Osiyo birdamligi va tinchligi, ikki tomonlama aloqalar - O'zbekiston va AQSh yakdil, deydi Safoyev.
O'zbekistonda yil oxirida parlament saylovlari. Bu saylovlar qanchalik shaffof va adolatli o'tishi respublikaning bugungi maqomini belgilab beradi. Safoyev deydiki, O'zbekiston dunyo ko'zi unda ekanini biladi. E'tibor jiddiy va davlat buni suiiste'mol qilmaydi.
BMT va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining tegishli organlari O'zbekistonda saylovlar milliy va xalqaro qonunlarga mos ravishda o'tishini ta'minlash uchun harakat boshlab, yordam ko'rsatadi. Taklifnomalar allaqachon yuborilgan va tayyorgarlik boshlangan.
Xalqaro tashkilotlar O'zbekistonda ro'yxatdan o'tish borasida hamon katta qiyinchiliklar borligini qayd etib keladi, xususan inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" tashkiloti. U singari boshqa muassasalarning bir paytlar Oliy sud yoki boshqa sudlar hukmi bilan faoliyati tugatilgan. Ular mamlakatga qayta kirishi uchun sudlarga murojaat qilishi kerak, agar sudlar arzlarni eshitishga tayyor bo'lsa. Aks holda O'zbekistonda idora ocha olmaydi. Faqat vaqt-vaqti bilan kelib, vaziyatni o'rganib, dasturlar yuritishi mumkin xolos.
O'zbekiston Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning "Amerika Ovozi" ga tushuntirishicha, jarayonni osonlashtirish yo'llari ustida harakat ketmoqda. Respublikaga kiraman degan tashkilotlar ko'p va mamlakat eshiklari ochiq, deydi vazir, lekin yuridik chigalliklar har bir tashkilot uchun alohida ko'rib chiqib, qaror qilinadi.
"Hamma uchun birdaniga javob bera olmaymiz va har bir arizani darrov ko'rib chiqib, muammolarni hal eta olmaymiz", - deydi Davletov.
"Lekin O'zbekiston bu tashkilotlar uchun ataylab to'siq qo'yayotgani yo'q. Biz ular bilan ishlashni xohlaymiz. Ochiqmiz. Muloqotdamiz. Vakillar kelib O'zbekistondagi bugungi vaziyat bilan tanishib, imkoniyatlarni o'rganib ketmoqda. HRW eksperti Stiv Sverdlov ham tez-tez kelib turibdi. O'zbekistonga viza bilan kelib ishlab ketish imkoniyatiga ega," - deydi adliya vaziri.
Kapital bozorlarini rivojlantirishdek murakkab vazifaga zamon sinovi deb qarayotgan Otabek Nazirov ham "Amerika Ovozi" bilan gaplashar ekan, yangi bozor uchun mamlakatda tabiiy sharoit bor, deydi. Uningcha, moliyaviy mexanizmlar ishga tushgani sari u kengayib boraveradi.
"Bank tizimi rivojlanmoqda. Xususiy sektor kengaymoqda. O'zbekistonda bugun qudratli sarmoyadorlar va tadbirkorlar bor. Moliya sistemamiz yanada zamonaviylashar ekan, kapital bozorida ham imkoniyatlar oshadi", - deydi Nazirov, Kapital bozorlarini rivojlantirish agentligi rahbari.
Uning agentligi biror vazirlikka qaramaydi, mustaqil. Respublika bo'ylab 13 vakolatxona va 100 dan ortiq xodimi bor.
Nazirov deydiki, O'zbekistonda kapital bozori Amerika modeli bo'yicha rivojlanishi kerak. Uning o'zi amerikalik-o'zbekistonlik. O'zbekistonda tug'ilgan, Amerikada voyaga yetgan. Turli mamlakatlarda ishlab, tajriba orttirgan. Ikkinchi yildirki, O'zbekiston hukumatida faoliyat yuritmoqda.
Mamlakat o'z kapital bozori bilan maqtanishiga hali ancha bor. Nazirov ta'biricha, 5-6 yil kerak.
"Hozir strategiya va tizim ustida qattiq ishlayapmiz", - deydi u.
Bu tashrif mobaynida Nyu-Yorkning Kolumbiya universiteti bilan amaliy hamkorlik qilish, uning ekspertlaridan foydalanish, O'zbekistonda mutaxassislarni treningdan o'tkazish, shuningdek, AQSh Moliya vazirligi, kapital bozori bilan bog'liq tashkilotlar, Jahon banki, Xalqaro Valyuta Jamg'armasidan texnik ko'mak olish hamda hamkorlik qilish bo'yicha kelishuvlarga erishilgan.
Amerika biznes doiralariga O'zbekistondagi sharoit va imkoniyatlar haqida aytib berayotgan delegatsiya G'arb ishbilarmonlarini mamlakatga juda bo'lmaganda sayyoh sifatida borishga taklif qilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5