DXX hibsxonasida saqlanayotgan jurnalist Said-Abdulaziz Yusupovning jamoatchilikka havola qilingan maktubida hokimiyatda hamon ichki kurash davom etayotgani iddao qilinadi. Bundan Prezident Shavkat Mirziyoyev xabarsizligiga ishonayotgan jurnalistning yozishicha, maxsus xizmatlar davlat rahbarini “sindirish” niyatida. Jurnalist bilan Turkiyada uchrashgan o’zbek muxolifati yetakchisi Muhammad Solih nazarida hokimiyatdagi kurash haqidagi qarashlar jamoatchilikka yo’naltirilgan o’yin, tuzum o’zgarishsiz ishlashda davom etyapti.
Your browser doesn’t support HTML5
Poraxo’rlik, firibgarlik aybi bilan hibsga olingan Yusupovning ishi ayni paytda Toshkentda yopiq sudda ko’rib chiqilmoqda.
Jinoiy ishi DXX tomonidan yuritilgan jurnalistga katta miqdorda pora olish, firibgarlik aybi qo’yilgan. Yopiq mahkama ishning boshqa tafsilotlarini imkonsiz qiladi.
Bu mahkama arafasida Yusupovning hibsdan chiqargan maktubi jamoatchilikka ochiqlandi.
Jurnalist oilasiga yozgan bu maktubida o’zining maxfiylik tamg’asi ostidagi jinoiy ishiga doir ma’lumotlar beradi, xususan pora olish bo’yicha ayblovlarni rad etadi, bu maxsus xizmatlar bilan kelishilgan tarzda o’tkazilgan amaliyot ekanligi haqida yozadi.
Yusupovning maktubi u maxsus xizmatlarda ishlagani yoki ular bilan yaqindan hamkorlik qilganidan darak beradi. Har holda Yusupov jurnalistlarga o’zini DXX xodimi sifatida tanishtirgani haqidagi ma’lumotlar asossiz emasdek.
Maktubda hokimiyat va maxsus xizmatlar o’rtasidagi munosabatga doir ma’lumotlar bor. Turli amaldorlarga qarshi ko’rsatma berishga majburlanayotganini yozgan jurnalist maxsus xizmatlar prezident Mirziyoyevdan ham, Prezident xavfsizlik xizmati faoliyatidan ham noroziligi, ular “sindirilishi” mumkinligi haqida ogohlantiradi.
Yusupovning yozishicha, unga Turkiya foydasiga josuslik qilish aybini qo’yishga ham urinishmoqda, o’ziga nisbatan qiynoq, bosimlar tufayli barcha ayblovga iqror bo’lishdan boshqa chorasi qolmasligi ham mumkin.
Yusupov hibs qilinishidan avval bir muncha vaqt Turkiyada muhojirlikda bo’lgan, bu yerda o’zbek muxolifati yetakchisi Muhammad Solih bilan tanishgan, u bilan intervyu ham o’tkazgan.
Muhammad Solihning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Yusupov tomonidan chiqarilgan maktub ohangi ikki yil avval davlatga xiyonatda ayblanib hibs qilingan jurnalist Bobomurod Abdullayev doxil vaziyatga juda o’xshash.
“Bu maktub Bobomurod Abdullayev hibsga olinishidan keyingi siyosiy vaziyat bugun ham davom etayotganidan darak beradi. Ya’ni, prezidentning bayonotlariga qaramasdan ichki siyosiy vaziyat o’zgargani yo’q, Karimov davridagi repressiv mashina hamon ishlayapti. Bir narsaga diqqat qiling, u yerdagi jazolovchi odamlarning ko’rinishi, belgilari ikki yil avval Bobomurod Abdullayevni tutqilagan, unga azob bergan odamlarning belgilari. Ular yana ham bemalol zo’ravonlikka asoslanib insonlarni taqib qilmoqda, qiynoqqa solmoqda. Ya’ni Mirziyoyev aytgan ichki siyosatda, huquq tartibot tizimlaridagi islohotlarda ham hech qanday o’zgarishlar yo’q”, - deydi Muhammad Solih.
Rasman fribgarlik, katta miqdorda pora olishda ayblanayotgan jurnalistning ishi yopiq mahkamaga asos emas, huquq tartibot idoralari bunga Yusupov o’zini DXX xodimi sifatida tanishtirgani asos qilib keltirishgan.
Muhammad Solihning aytishicha, DXX Yusupov ishini ochiq o’tkazishdan manfaatdor emas, chunki jurnalist Bobomurod Abdullayev ustidan o’tgan ochiq mahkama maxsus xizmatlar ayblovlari asossizligini ochib berdi, DXX qayta bunday ochiq mahkamalarga yo’l qo’ymaydi.
“Chunki Bobomurodning ochiq sudi qiynoq qo’llayotgan apparatlarga biror ijobiy sifat bermadi, aksincha ular bu voqea ular obro’sizlanishiga vosita bo’ldi. Bu narsa takrorlanmasligi uchun buni yashirin qilishyapti, ochiq sud o’tkazilganda ularning yolg’onlari, hiylalari oshkor bo’lardi, aynan shuning uchun ham sud yopiq o’tmoqda”, - deydi Muhammad Solih.
O’zbekistonda hokimiyat va maxsus xizmatlar o’rtasidagi kurash, xususan Mirziyoyev islohotlar tarafdori, maxsus xizmatlarning bu islohotlarga qarshiligiga doir iddaolar Yusupovning qamoqdan chiqargan maktubida ham uchraydi.
“Men ham jumladan u bilan, shuningdek hokimiyatga yaqin bo’lgan boshqa odamlarning suhbatidan Mirziyoyev reformator va unga qarshi bo’lgan sabotajchi kuchli guruh bor deb o’ylagan edim. Lekin bugun ko’rib turibmizki, vaziyat o’zgarmayapti, qanchalik fosh qilishimiz, odamlarni, guruhlarni ochiq gapirishimizga qaramasdan, buning ta’siri yo’q. Demak, bu narsa shunchaki niqoblangan o’yin, kelishilgan kurash, ya’ni sen yutasan, men yutqazaman, odamlarga tomosha ko’rsatamiz, kurashning samimiyligiga ishontiramiz, degan. Men bugun shu atrofdagi voqealar tepadagilar va patsdagilarning shunday o’yini degan shubhadaman”, - deydi Muhammad Solih.
Yusupov Turkiyadan qaytishi ortidan hibsga olinadi, uning hibs qilishi Muhammad Solih, muxolifat bilan munosabatga kirishishi bilan bog’liq bo’lishi mumkinmi?
“Yo’q, bu uning muxolifat bilan munosabatga kirishgani bilan bog’liq deb o’ylamayman, men bilan gaplashgani muxolafatga yordam berdi degani emas. Men undan aniq bir narsada yordam istagandim, bu ham bo’lsa marhum xonimim Oydin Solihning “Haqiqiy tibbiyot” kitobini O’zbekistonda chiqarilishiga yordam so’raganman. U menga gaplashdim, bu narsaga hukumatdagi odamlar ham xayrixoh, kitob chiqsa xalqimiz salomatligiga yordam bo’ladi, degan qarashdagi odamlar bor, hatto bu kitob Mirziyoyevning xonimini qo’liga ham yetib borgan, bosdim, deb menga signal nusxasini ham jo’natgan edi. Kitob olti ming nusxada bosilishi kerak edi, demak kitob hozir biror bosmaxonada yoki Said-Adbulazizni aldashgan. Yoki uning qo’lga olinishi ortidan bu ish to’xtatilgan, hozir men bu kitob chiqishidan umidvor ham emasman”, - deydi Muhammad Solih.
Yusupov hibs qilinishiga qadar, 2005- yilda tuzilgan O’zbekiston ommaviy axborot vositalarini qo’llab quvvatlash jamg’armasiga rahbarlik qilib kelgan.
Jamg’arma bunga qadar biror faoliyati bilan diqqatga tushmagan, ammo jurnalistning o’zi so’nggi yillardan, mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan, bir qator tanqidiy chiqishlar qilib kelayotgan edi.
Quyida Yusupovdan uzatilgan xat deya iddao qilinayotgan yozuvlar: