O'zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo'shilsa, nima bo'ladi?

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya parlamenti raisi Valentina Matviyenko bilan. Toshkent, 2-oktabr, 2019.

Rossiya parlamenti raisi Valentina Matviyenko Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirish qarorida, deya ma’lum qilgach jamoatchilik, xususan ekspertlar orasida bu borada munozara avj oldi. Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamada bu qaror O’zbekistonni sobiq ittifoq davriga yetaklashi mumkin degan xavotirlar yangramoqda. Siyosatshunos Farhod Tolipov fikricha bu kabi qarorlar referendum orqali hal etilishi lozim.

Your browser doesn’t support HTML5

Farhod Tolipov: Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirish masalasini referendum orqali hal etish lozim


O’zbekistonga tashrif buyurgan Rossiya parlamenti rahbari Valentina Matviyenko O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish qarori yuzasidan qo’shimcha tafsilotlarni ochiqladi.

Matviyenkoning O’zbekiston prezidenti bilan o’tgan uchrashuvidan ma’lum bo’lishicha, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilish yuzasidan qo’shma komissiya tuzilgan. Komissiya shu yilning oxirigacha o’z ishini yakunlashi kerak.

O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishidan nimalarda yutishi ba nimalarda yutqazishi yuzasidan tadqiqot o’tkazayotgan qo’shma komissiya xulosalari prezidentlar Putin va Mirziyoyevning Moskvada kutilayotgan muzokarasi arafasida e’lon qilinadi.

O’zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga doir qo’shma komissiya mavjudligi haqida ham, bu borada muzokaralar borayotgani yuzasidan ham hozirgacha biror bir izoh bermadi.

Jamoatchilik va xususan ekspertlar orasida bu yangilik jiddiy munozara qo’zg’agan. O’zbekiston Rossiya yetakchiligidagi tashkilotlarga qo’shilsa, sobiq ittifoq tuzumiga qaytadi, degan qarash keng.

Siyosatshunos Farhod Tolipov nazarida, asosiy ustuni Rossiyadan iborat bo’lgan bu tashkilotga qo’shilish O’zbekistonning taraqqiyot yo’lidagi burilishni anglatadi. Nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy jihatdan ham. Aynan shuning uchun bunday qaror xalq tanlovi, referendum orqali qabul qilinishi kerak.

“Bu yerda oddiy iqtisodiy hamkorlik, shartnomalar haqida gap ketmayapti. Bu yerda juda katta masalalarni o’z ichiga qamrab oladigan, mamlakat taraqqiyoti kelajagini belgilovchi masala ekanligi uchun bu masala faqatgina tor doirada, vazirliklar, shu doiradagi mutaxassislar ishtirokida hal etilmasligi kerak. Xalqning fikri, irodasi aniqlanishi zarur, roziligini olish kerak. Agar bu kabi yirik, jiddiy masalada referendum o’tkazilmasa, unda qachon va qaysi masalada referendum o’tkaziladi? Aynan shu kabi yirik, uzoq taraqqiyotni belgilovchi strategik masalalar ahamiyatga molik. Mana Yevropa Ittifoqi misoli, bu ittifoq a’zolari hal qiluvchi ahamiyatdagi yirik masalalarni faqat xalq irodasi, referendum orqali hal etishgan. Bu biz uchun ham yaxshi namuna. Bu masala faqatgina iqtisodiy o’lchamdan iborat emasligi uchun ham bu qaror referendum orqali qabul qilinishi kerak”, - degan fikrda Farhod Tolipov.

O’zbekiston qonunchiligi mamlakatning siyosiy-harbiy ittifoqlarga qo‘shilishini taqiqlaydi. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi esa Rossiya yetakchiligidagi yana bir tashkilot Kollektiv xavfsizlik shartnomasidan farqli o'laroq harbiy emas, iqtisodiy integratsiyani nazarda tutadi. Ya’ni qonunchilik bu borada to’siq emas.

Ammo Rossiya iznidagi tashkilotga qo‘shilishning O’zbekiston uchun siyosiy bosimdan xoli bo’lishi kafolatlanmagan.

“Bu tashkilot nomi bilan iqtisodiy bo’lgani bilan unga nisbatan turlicha fikrlar mavjud. Tashkilot faqat iqtisodiy o’lchamdan iborat emasligi ko’p ekspertlar tomonidan aytilgan. Ya’ni siyosiy, geosiyosiy, madaniy o’lchamlarni ham o’z ichiga oladi. Bu o’lchamlar mahvumligicha qolmoqda. Ular muhokama qilinishi kerak. Bu borada ekspertlarning ko’plab tadqiqotlari mavjud. Ularda siyosiy o’lchamlar, mintaqadagi geosiyosiy raqobat tahlil qilinadi, xavotirlardan ogohlantiriladi. Shunday ekan, biz hech narsaga qaramasdan Yevrosiyo ittifoqiga kirishimiz, ekspertlar doirasining mana shu uzoq yillik tahlillari, xavflardan ogohlantirishlarini mutlaqo inobatga olmaganimizni ham bildiradi. Umuman, bu boradagi mavjud shubha, gumonlar tarqashi uchun ham masala ochiq muhokamaga qo’yilishi kerak. Bu tashkilotda Rossiyaning o’rni juda ustuvor, tenglik yo’q. Buning turli og’ishlarga sabab bo’lishi ehtimoli juda yuqori”, - deb hisoblaydi Farhod Tolipov.

Toshkent Rossiya parlamenti rahbarining bayonotlarini izohsiz qoldirdi. Uchrashuv haqida O’zbekiston tomoni tarqatgan ma’lumotda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish masalasi muhokama qilingani aytilmagan.

Armaniston, Belarus, Rossiya, Qirg’iziston va Qozog’istondan iborat Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi 2015-yilda tashkil topgan.