Tramp: Falastin Isroil bilan baribir kelishishi kerak

  • Amerika Ovozi

Vashington, 2020-yil, 27-yanvar

Oq uyda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan muloqot qilgan Prezident Donald Tramp fikricha, bu hafta e'lon qilinadigan tinchlik rejasi Falastin va yahudiy davlati orasidagi azaliy nizoga chek qo'yadi.

Falastin rahbariyati bu rejani allaqachon qoralagan va Isroil bilan muzokara qilmoqchi emas. Lekin Amerika prezidenti nazarida arablar bu yo'ldan qaytadi.

"Nega, deysizmi? Chunki Falastin tinchlik istaydi. Barqarorlik xohlaydi. Biz taklif qilayotgan reja shuni ko'zlaydi. Falastin biz bilan ishlab, murosa qilishiga ishonaman",- deydi Tramp.

Falastin yo'q desa, demak, tinchlik bo'lmaydi, deya tan oladi AQSh rahbari.

Tramp Netanyahuni hokimiyatdan ag'darishga bel bog'lagan Benni Gantz bilan ham uchrashdi. Isroil parlamenti uchun navbatdagi saylov 2-martga belgilangan.

Netanyahuning maqsadi Iordan daryosining g'arbiy sohilini butunlay Isroil nazoratiga olishdir. Hozir u yer Falastin rahbariyati iznida. AQSh bu rejani quvvatlashi mumkin. Falastinni shu tariqa siqish uning mustaqillik orzusini puchga chiqarib, Isroilning arab qo'shnilar bilan aloqalarini yanada chigallashtirishi mumkin.

Falastin Bosh vaziri Muhammad Shtayya Tramp taklifini la'natlab, Amerika bu borada hech qachon vositachi bo'la olmaydi, dedi. Vashingtonga zarracha ishonch yo'q, deydi Shtayya.

Falastin Prezidenti Mahmud Abbos ham shunday fikrda va Tramp bilan telefonda gaplashishga ko'nmagan.

Benni Gantz Oq yda, 2020-yil, 27-yanvar

Gantz esa Netanyahu rahbarlikka noloyiq deya targ'ib qilar ekan, bosh vazir xalqaro va milly qonunlarni buzgan, deydi. Amerika Netanyahuni quvvatlasa, deydi u, demak, yahudiy davlatining buzilishiga hissa qo'shadi.

Netanyahu o'tgan yili katta korrupsiya ishlarida ayblangan edi. Bosh vazir - poraxo'r, degan propaganda va ishonch kuchayib borayotgan Isroilga Gantz singari harbiylardan chiqqan, qa'tiyatli, yangi bir lider kerak, degan amerikalik siyosatdonlar ko'p. Ular Vashingtonni Gantzni quvvatlashga chaqirmoqda.

Tramp Gantz bilan ham uchrashganining yana bir sababi - Netanyahuning raqibi Oq uyning Yaqin Sharq uchun yangi tinchlik rejasini yoqlamoqda.