Koronavirus Qirg’izistonga qanday ta'sir ko’rsatmoqda?

Your browser doesn’t support HTML5

Qirg'iziston: Koronavirus bilan bog'liq ahvol qanday?

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Qirgʻizistonda koronavirus yuqtirganlar yoʻq. Qirgʻiziston Sogʻliqni saqlash vazirligining qayd etishicha, shu kunga qadar jami 1500 nafar kishi tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan va ularning hech biridan koronavirus aniqlanmagan.

Infeksiyasining oldini olish maqsadida respublika boʻyicha barcha ommaviy tadbirlar bekor qilindi.

“Rasmiy buyruqqa koʻra, bizning teatrda oʻtkazilishi kerak boʻlgan barcha konsertlar, 7-mart kuniga rejalashtirilgan yangi spektakl taqdimoti ham nomaʼlum muddatga koʻchirildi”, — deydi Oʻsh shahridagi oʻzbek teatrining direktori Aʼzam Abdurazzoqov.

Ammo, Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari matbuot anjumanida aytishicha, Qirgʻizistonda taʼlim maskanlari va masjidlarning faoliyatini cheklashga hech qanday asos yoʻq.

Qirgʻiziston masjidlari ochiq. Biroq, ularda dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.

Qirgʻiziston hukumati 1-martdan boshlab, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Italiya va Eron kabi mamlakatlarning fuqarolariga Qirgʻizistonga kirishni taqiqlagan.

Milliy statistika qoʻmitasi bergan maʼlumotga koʻra, Qirgʻizistonning Xitoy bilan savdo aloqasi oʻtgan yilga nisbatan 26,6 foizga qisqargan.

“Ammo hozircha koronavirusning Qirgʻiziston iqtisodiga boʻlgan taʼsiri haqida aytish qiyin. Bu ikki oydan keyin bilinadi”, — deydi milliy bank rahbari Tolkunbek Abdigʻulov.

Avtomobil taʼmiri bilan shugʻullanuvchi oʻshlik Ilhomning aytishicha, koronavirus sabab Xitoy bilan chegaralarning yopilishi ortidan avtomobil ehtiyot qismlari narxi sezilarli darajada oʻzgargan.

“Chegara yopilganini sabab qilib avto ehtiyot qismlari 300-500 (4-7 dollar atrofida) somga qimmatladi. Bu sezilarli oʻzgarish. Agar boshqa mahsulotlar – oziq ovqat haqida aytsam, bir hafta boʻlib qoldi, odamlar yogʻ, un qimmatlab ketar ekan deb vahima qilayotganiga guvoh boʻldim. Oʻzim ham un sotib olish uchun navbat kutishga majbur boʻldim”, — deydi u.

Oʻsh shahar markaziy bozorining yetakchi oʻrinbosari Zayirbek Rayimqulov “Amerika ovozi” bilan suhbatda, odamlar orasida oziq-ovqat mahsulotlarining qimmatlashi haqida mish-mishlar paydo boʻlganini, ammo bu xavotir asossiz ekanini aytdi. Bugungi kunda un, yogʻ kabi zaruriy mahsulotlarda hech qanday jiddiy oʻzgarish yoʻq. Xitoydan keladigan qurilish mollarining narxida ehtimol oʻzgarish boʻlar, lekin oziq-ovqat mahsulotlari boʻyicha muammo boʻlmaydi, deydi u.

Biz bilan suhbatlashgan oʻshlik sotuvchilar va xaridorlar nazarida dunyoni xavotirga solayotgan koronavirusning Qirgʻizistonga kirib kelmasligi uchun xorijdan kelayotganlar diqqat bilan tekshirilishi, ehtiyoj tugʻilsa chegaralar yopilishi kerak.

“Ozodlik” radiosining qirgʻiz xizmati bergan maʼlumotga koʻra, AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va Jahon banki koronavirusdan himoyalanish uchun Qirgʻizistonga tibbiy vositalar shaklidagi insonparvarlik yordamini topshirgan.

Soʻngi maʼlumotlarga koʻra, Xitoydan chiqqan koronavirus dunyoning 100dan ortiq davlatiga tarqab, deyarli 110 ming kishiga yuqqan, ularning aksariyati xitoyliklar. Toʻrt ming nafardan ortiq inson halok boʻlgan. 60 ming nafarga yaqin inson esa bu kasallikdan tuzalgan.