Koronavirus AQSh iqtisodiyotini turg'unlikka boshlaydimi?

Your browser doesn’t support HTML5

Koronavirus pandemiyasi AQShda iqtisodiy o’sishni to’xtatib, mamlakatni turg’unlikka boshlashi mumkinligi haqida xavotirlar oshmoqda. Moliyaviy muammolarni bartaraf etish uchun Oq uy qisqa muddatli choralar ustida o’ylanmoqda. Ammo, deydi iqtisodchilar, pandemiya qancha ko’p cho’zilsa, iqtisodiy zarar ko’lami shuncha oshib, undan qutilish yanada uzoq vaqt olishi mumkin.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya deb e’lon qilingan koronavirus moliya bozorlarini ostin-ustun qilmoqda.

“AQShda zaif iqtisodiy davr bo’lishini kutyapmiz. Avval taxmin qilingan o’sish bo’lmaydi”, - dedi tahlilchi Uilyam Xogland.

Koronavirusning tarqalishi allaqachon turizm industriyasiga katta zarba berdi. Kruiz sayohatlar va minglab havo qatnovlari bekor qilindi.

Ko’pchilik to’planadigan yig’inlarni o’tkazmaslik tavsiyasi ortidan konferensiyalar, musiqiy festivallar va sport o’yinlari bekor qilindi. Restoran, muzey kabi bizneslar ham og’ir yo’qotishga uchramoqda.

Xitoyda ehtiyot qismlari ishlab chiqaradigan korxonalar to’liq quvvat bilan ishlamayotgani bois AQShdagi avtomobil zavodlarida ham ish hajmi qisqaradi.

Moliya bozorlarini vahima va qo’rquv egallagan. Neft va aksiya narxlari keskin tushib ketdi.

Prezident Donald Tramp koronavirusning salbiy ta’sirini xaspo’shlab, AQSh iqtisodiyoti baquvvat ekanini aytdi.

“Kutilmagan narsa bo’ldi, lekin o’tib ketadi. Vahima qilmang, o’tib ketadi”, - dedi Tramp.

Prezident ishchilarga va zarar ko’rgan biznes sohalariga vaqtinchalik soliqni kamaytirishni taklif qildi. Odamlarga pulli ta’til berish g’oyasi ham ilgari surildi.

“Biznes olamida bu narsa tadbirkorlarni qattiq bezovta qilishi aniq. Odatda, bunday choralarni yoqtirishmaydi. Lekin hozir jamoatchilik sog’ligi bilan bog’liq inqiroz bilan yuzlashyapmiz”, - deydi Texas universiteti tadqiqotchisi Bredli Gold.

Yangi mablag’ ajratilishini Kongressdagi demokratlar qo’llashi lozim. Ular ayni paytda tibbiy yordam, ishsizlik sug’urtasi va ijtimoiy dasturlar uchun ham ko’proq pul ajratilishini talab qiladi.

“Qisqa muddatda federal defitsit oshadi. Lekin Amerika xalqi xavfsizligini himoya qilish va kelajakka iqtisodiy ishonchni qayta tiklash uchun bu muhim”, - deydi Uilyam Xogland.

Tahlilchilar fikricha, aziyat chekayotganlarga tezkor yordam ko’rsatish kerak. Busiz, deydi ular, pandemiya ortidan iqtisodiyotni ko’tarish qiyin bo’ladi.