3-noyabrda o'tadigan saylovda AQShda Jo Bayden prezident bo'lib saylanishi kelajak uchun nihoyatda muhim, deydi sobiq prezident Barak Obama.
Obama fikricha, Bayden amaldagi rahbar Donald Trampni Oq uy uchun kurashda yenga oladi.
“Istiqbolimiz shu saylovlarga bog'liq", - dedi Obama 14-aprel kuni Baydenni yoqlab bayonot berar ekan.
Obama amerikaliklarni Baydenni quvvatlashga undamoqda. Ayni damda avj olgan pandemiya oqibatlarini bartaraf etish uchun ham AQShga Baydendek chuqur tajribali va kuchli irodali lider kerak, deydi sobiq prezident.
Uning fikricha, Trampda bularning birortasi yo'q va Amerika hozirgi og'ir damlarda zaif rahbar qo'lida.
“Baydenni vitse-prezident sifatida tanlashim eng to'g'ri qarorlarimdan biri bo'lgan. U mening do'stimga aylandi. Undagi sifatlar prezidentlik uchun nihoyatda zarur va ahamiyatli", - deydi Obama.
“Jo bilan 2008-2009 yillardagi inqirozni yenga oldik. Birgalikda Amerika avtosanoatini asrab qoldik. Jo o'rta sinf uchun tinimsiz kurashib kelgan siyosatchidir".
Obama deydiki, Jo boshlagan ishini bitiradigan odam va pandemiyaga barham berilishini ta'minlashga qodir inson. Chunki u boshqa yuqumli kasalliklar tarqalganida samarali choralar boshida turgan.
Bayden prezidentlikka nomzod sifatida vitse-prezidentlik uchun kimni tanlaydi? Bu qarorni u albatta Obama maslahati bilan qilishi kutilmoqda.
O'tgan hafta Oq uy uchun poygadan chiqqan demokrat senator Berni Sanders ham Baydenni quvvatlamoqda va Tramp qayta saylanmasligi uchun qo'lidan nima kelsa shuni qilishga tayyor.
Trampning qayta saylanish kampaniyasi boshlig'i Bred Parskeyl deydiki, Obamaning Baydenni quvvatlayotgani va uni targ'ib qilayotgani biror jihatdan ajablanarli hol emas. Baydendan boshqa nomzod maydonda bo'lmaganidan keyin kimni ham olqishlar edi, deydi Parskeyl.
“Bayden yaroqsiz nomzod. O'zini ham, partiyasini ham uyaltirishdan boshqa narsa qilolmaydi. Prezident Tramp uni bemalol mag'lub qiladi", - deydi Parskeyl.