AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Xitoy Markaziy Osiyo davlatlariga koronavirusga qarshi kurashda yordam berayotganidan xavotirda emas, qolaversa ajablanayotgani ham yo'q. Amerikaning o'z roli va o'rni bor, deydi u. Jurnalistlar bilan telefon muloqotda Pompeo "Amerika Ovozi"ning bu boradagi savoliga javob berdi.
'Xitoy hukumati O'zbekiston va boshqa davlatarga insonparvarlik yordami berayotgan ekan, biz buni quvvatlaymiz va bu tashabbuslarga sherikmiz. Global krisiz davri ekan, hammamiz qo'ldan kelgancha harakat qilishimiz zarur", - deydi Pompeo.
AQSh bosh diplomati joriy yilning fevral oyida Qozog'iston va O'zbekistonga borganida koronavirus hali pandemiyaga aylanmagan edi. Nursulton va Toshkentdagi muloqotlarda siyosiy va biznes hamkorlik, mintaqaviy birdamlik, regional xavfsizlik va Afg'onistondagi jarayonlar muhokama qilingan edi.
Pompeo safardan qaytishi bilan Vashington mintaqaga nisbatan strategiya yangilanganini e'lon qildi. Lekin bu borada ishlar bir necha oydan beri ketayotgan edi.
Buni ham ko'ring AQSh Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyasini yangiladi
Janubiy va Markaziy Osiyo bilan aloqalarga mas'ul Elis Uells so'zi bilan aytganda, strategiyaning tub maqsadlari o'zgarmagan, ya'ni AQSh mintaqadagi har bir davlat bilan ikki tomonlama va ularning hammasi bilan regional hamkorlik yo'lida davom etadi. Xavfsizlik, iqtisodiy taraqqiyot, demokratik rivojlanish bo'yicha hamda madaniy-ilmiy aloqalarni mustahkamlayveradi.
Pompeoning matbuot kotibi Morgan Ortagus esa strategiyaning yana bir jihatini eslatadi: xalqaro tahdidlarga qarshi birga kurashish. Koronavirus ana shunday xavfdir va shu bois Vashington mintaqa davlatlariga bu borada yordam bermoqda, deydi rasmiy.
Buni ham ko'ring AQSh: Koronavirusga qarshi kurashda Markaziy Osiyo bilan birgamizLekin mintaqa bu borada asosan Xitoyga tayanmoqda - uning tajribasi, ilmi va texnik madadiga.
Pompeo deydiki, Tramp ma'muriyati bundan bezovta emas. Vaholanki, Prezident Tramp Xitoyni koronavirus borasida haqiqatni yashirganlikda, Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkilotini esa Pekin bilan til biriktirib, insoniyat hayotini xavf ostiga qo'yganlikda ayblamoqda.
"Amerika Ovozi" Pompeodan AQShning roli nimasi bilan ajralib turadi, deb so'raganida shunday javob oldi:
"Biz - insonparvarlik bobida yetakchimiz. Dunyoda hech kim bizchalik katta miqdorda tashqi yordam ko'rsatmaydi va biz singari keng ko'lamda ishlamaydi. Markaziy Osiyo bilan hamkorligimizdan ko'nglimiz to'q".
Hozirgacha AQSh 100 dan ortiq davlatni koronavirusga qarshi kurashda quvvatlab, yarim milliard dollardan oshiq mablag' sarflagan, xususan Markaziy Osiyo uchun besh million dollardan ziyod.
Davlat departamentiga ko'ra, o'tgan 20 yilda Qozog'istonga 2 milliard dollardan ko'proq miqdorda yordam ko'rsatilgan, 86 million dollari aynan sog'liqni saqlash sohasida. Joriy yilda 1,6 million dollarlik tibbiy madad yetkazilgan.
Qirg'izistonga esa bunday ko'mak qairyb 900 ming dollarni tashkil etgan, xususan o'tgan bir oyda. O'tgan ikki o'nyillikda esa 1,2 milliard dollarga teng yordam berilgan, 120 million dollari tibbiyot va salomatlik yo'nalishida.
Tojikistonga koronavirus davrida Amerikadan 866 ming dollarlik tibbiy vositalar yetkazilgan. Oxirgi 20 yilda bu davlatga AQSh 1 milliard dollarlik beg'araz madad, jumladan 125 million dollarga teng tibbiy ko'mak bergan.
Turkmanistonga pandemiyaga qarshi tura olishi uchun Amerika 920 ming dollarga yaqin miqdorda tibbiy texnologiya taqdim etgan. 2000-yildan buyon Vashington bu republika ravnaqi uchun 201 million dollar sarflagan, 21 million dollari aynan sog'liqni saqlash tizimida.
O'zbekiston AQShdan mart-aprel oylarida 848 ming dollarlik texnik-tibbiy yordam olgan. O'tgan 20 yildagi ko'mak 1 milliard dollardan oshadi, 122 million dollari aholi salomatligi uchun.
Pompeo deydiki, mintaqa davlatlari Amerika bilan o'z tajriba va tarixiga ega. Ular kim nimaga qodirligini biladi, Vashington ko'magiga ochiq va uni qadrlaydi. Amerika ham ularni qadrlaydi, deydi davlat kotibi.
AQSh O'zbekiston va qo'shnilarini ham bevosita, ham xalqaro tashkilotlar doirasida quvvatlayveradi. Yordam nafaqat hukumatdan balki nohukumat tashkilotlar orqali ham boradi. Amerika ilmiga, professional va texnik madadiga talab hamisha bor va hozirda AQShda vaziyat qanchalik qiyin bo'lmasin, bu xalq beg'araz ko'makni hech kimdan ayamaydi, deydi Pompeo.
Koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etishda biznes hamkorlikka ham e'tibor yangilanishi kutilmoqda. Amerika mintaqadagi kompaniyalari manfaatlarini himoya qilish bilan birga yangi biznes va sarmoya uchun imkoniyatlarni ko'rib chiqadi. Javobini kutayotgan takliflar, qog'ozdan amaliyotga ko'chmagan loyihalar va kelishuvlar Vashingtonning diqqat markazida bo'ladi.
U yana bir omilga urg'u beradi: Amerika eng kuchli demokratik, oshkora tizim, fuqaro erkinligi va kuchiga tayanadi. Dunyoning har chekkasida bo'lgani kabi Markaziy Osiyo jamiyatlarida ham buning farqiga borishadi, deydi AQSh bosh diplomati.
O'zbekiston va Qozog'iston hukumatlari tashqi dunyo bilan aloqalarda siyosiy muvozanat zaruratini tan oladi. Bu davlatlarning rasmiylariga ko'ra, Rossiya, Xitoy, Qo'shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi singari yirik taraflar bilan qanday ishlash borasida o'z strategiyalariga ega ekanini qayd etadi.