Afg'onistonni uzoq yillardan beri o'rganib kelayotgan ekspertlar nazarida, Kobulda yangi hukumat ish boshlar ekan, Tolibon bilan til topishish asosiy vazifa deb belgilanishi kerak.
Nyu-York universitetidan Barnett Rubin tahlilicha, Tolibon bilan muzokara qilish uchun markaziy hukumat o'ziga ishonishi va birdam bo'lishi shart.
"Abdulla Abdulla va u bilan murosa qilgan Prezident Ashraf G'ani" buni tushunadi", - deydi Rubin.
Toliblar markaziy hukumatdan kamida 5000 mahbusni ozod etishni talab qilmoqda. Xurujlar, portlashlar tinmagan. Muzokara boshlash uchun shartlarni ko'rib chiqish va muzokarada tomonlar o'zini qanday tutishi zarurligini aniqlashtirilish kerak, deydi Rubin. Hozirgacha ular mavhum.
AQSh Tolibon bilan tinchlik tomon qadam tashlash yuzasidan kelishib olgan edi. Lekin Vashingtonga ko'ra, bu qurolli muxolifat bitim shartlarini tinimsiz buzmoqda. Tolibonning maqsadi tinchlik emas, degan qarash keng tarqalgan.
Rubinning fikricha, AQSh bilan kelishuv shartlari to'liq oshkor etilmagani bois Tolibon bundan foydalanib, o'z kuchini ko'rsatib turibdi, ya'ni uning aytgani bo'lmasa, jangarilar quroliga tayanib ish ko'raveradi. Asosiy muammo markaziy hukumatning zaifligi. Shu masala ustida ishlash kerak, deydi olim.
Markaziy hukumatdan asirdagi toliblarni ozod etish so'ralgan va boshqaruv sust harakat qildi, deydi Rubin.
AQSh nima qila oladi hozir?
"Urush to'xtamagan. Bitim bilan tinchlik ta'minlanmaydi. Bitim shartlari bajarilsa, tinchlik yuzaga kelishi mumkin. Agar maqsad tinchlik bo'lsa, har ikki tomon barqarorlik sari qadam tashlashi kerak. Xalq hozircha buni ko'rmayapti", - deydi Rubin.
Uning tushuntirishicha, AQSh har ikki tarafni tinchlik uchun bir yoqadan bosh chiqarishga unday olishi lozim. Juda qiyin ish, lekin boshqa yo'l yo'q, deydi tahlilchi. Kobuldagi siyosatchilarning bir-biri bilan chiqisha olmagani toliblarga qo'l keldi va ularni kuchli taraf sifatida ko'rsatdi. Yangi hukumat buni o'zgartira olishi kerak.
AQSh Tinchlik institutidan Skot Vorden tahlilicha, markazdagi kelishuv, ya'ni Ashraf G'ani va Abdulla Abdullaning murosasi umidlarni yangiladi, xalq katta o'zgarishlar kutmoqda.
"Afg'oniston bosh qomusi ijroiya organiga katta vakolatlar beradi. Qay vazifaga kimni tayinlash - o'ta muhim omil", - deydi olim.
Vordenning tushuntirishicha, yangi hukumat serqirra bo'lishi va barcha siyosiy kuchlar olg'a surgan ezgu maqsadlarni o'zida mujassam etmog'i lozim.
Davlat, millat va jamiyat sifatida Afg'oniston o'ziga ishona boshlashi uchun birdamlik yetishmay keladi. Lekin bu haqda tinimsiz gapiriladi. Konstitutsiyada ko'rsatilganidek, milliy uyg'unlik sari yo'nalsa, Tolibon ham murosa qilishga majbur bo'ladi, deydi Vorden. Qurolli muxolifatga kuch berayotgan omil mamlakatda mana shu milliy uyg'unlikning yo'qligidir.
Yangi hukumatdan mo'jizalar kuta olmaymiz, deydi Vorden, uning muvaffaqiyat qozonishi uchun yordam zarur. Tolibon G'ani va Abdullani G'arb qo'g'irchoqlari deb biladi. Ular bilan jiddiy muzokara boshlamay, asosan AQSh va boshqa davlatlar bilan gaplashib, toliblar o'ziga xos ustunlikni ta'minlab kelmoqda.
"Tolibon shu paytgacha markaziy hukumatni noqobillikda, xususan, mahbuslarni ozod etishni va'da qilib, keyin ahdidan qaytganlikda ayblab keldi. Kobuldagi rahbarlar xalq oldida buning aksini isbotlashga urinadimi yoki yangi bir siyosiy qarorlar qabul qiladimi?"
Skott Vorden singari ekspertlar G'ani va Abdullani mana shu masalalar ustida bosh qotirishga undamoqda. Tolibonni yovuzlik va zulmda ayblash bilan tinchlik ta'minlanmaydi, deydi Vorden.