Prezident Donald Tramp Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbariyatiga maktub yo'llab, bu organning "noto'g'ri xulosalari dunyo ahliga qimmatga tushdi va tushmoqda", deya shikoyat qilgan. Kelasi bir oy ichida tashkilot "salmoqli o'zgarishlar" qilib, faoliyatini to'g'rilamasa, deydi Tramp, AQSh unga mablag'ni batamom kesadi.
"Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti o'z ishini qilmayapti. Xolis emas. AQShga nisbatan, masalan. Biz nega u bilan ishlashimiz kerak? Aloqani uzamiz, agar hozirgi yo'nalishidan qaytmasa", - deydi Tramp.
Oq uyga ko'ra, BMTning bu organi koronavirus haqida ishonchli ma'lumot tarqatmagan, davlatlarga to'g'ri yo'l ko'rsatmagan va Xitoy ta'siri ostida izdan chiqqan.
Tashkilot bu iddaolarni inkor etadi. Xitoy ham AQShning bu xulosalarini qoralaydi. AQSh Jahon sog'liqni saqlash tashkilotiga bu yil jami 450 million dollar berishi rejalangan edi.
Bu orada Amerika dunyoga ochilishga shoshmayapti. Shimoliy qo'shnisi Kanada bilan chegara 21-iyungacha yopiq turadi. Faqatgina favqullodda muhim va zarur sabablarga ko'ra o'tish mumkin.
"Hozircha vaziyat shunday, lekin biz uni o'zgartiramiz va yaqin kelajakda ochilamiz", - deydi Tramp.
Kanadaga oziq-ovqatning aksariyat qismi AQShdan yoki AQSh orqali boradi. Yuk mashinalari, avia sanoat xizmatchilari, tibbiy xodimlarga chegaradan o'tish uchun ruxsat bor.
Kanada eksportining 75 foizi AQShga, AQSh eksportining 18 foizi esa Kanadaga. Ikki davlat orasidagi chegara uzunligi dunyoda birinchi o'rinda.
Prezident Tramp fermerlarga yordamni oshirib, ularning qo'liga bevosita 16 milliard dollar yordam puli borishini e'lon qildi.
"Bu qaror ustida qattiq ishladik", - deydi Tramp. "Dehqonlarimiz va chorvadorlarimiz Xitoydan chiqqan virus sabab ulkan zarar ko'rdi".
Chorva, jo'xori va soya Amerika qishloq xo'jaligining uch asosiy mahsuloti. Bu mamlakatda 2 million fermer xo'jaligi bor, aksariyati oilaviy.
Pandemiya davrida katta miqdorda oziq-ovqat isrof bo'ldi, ko'plab mahsulotlarga talab tushib ketdi, ta'minot tizimi izdan chiqdi.