2019-yilda AQSh va unga hamkor davlatlar Iroq va Suriyada terroristlarni yer tishlatdi, deydi Davlat kotibining Fuqaro xavfsizligi, demokratiya va inson huquqlari bo'yicha muovini va kontrterrorizm koordinatori Nataniyel Seyls, yillik hisobotni taqdim etar ekan. Biroq terrorism va ekstremizm hamon jiddiy tahdid.
O'tgan yili mobaynida AQSh maxsus kuchlari Iroq va Suriyada o'zini "xalifalik" deb atovchi to'dalarga tinimsiz zarba berib, ularning qo'rg'on va inlarini yo'q qilgan. Shu bilan birga AQSh Eron quvvatlovchi guruhlar va islomiy respublikaning maxsus bo'linmalarini ham harbiy va siyosiy nishonga olgan. Vashington nazarida "Quds kuchlari" terrorist guruh. Hizbulloh ham terrorist, deydi Amerika rasmiylari. O'tgan yili G'arbiy Yevropa va Janubiy Amerika davlatlari ham shunday qarorga kelgan.
Yaqin Sharq va Afrika, Osiyo va Amerika qi'talarida terroristik harakatlar uyushtirishga moyil guruhlar bor va xavfni bartaraf etish uchun qonuniy choralar ko'rilmoqda, deyiladi hisobotda.
Tramp ma'muriyati terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirgan, yangi sanksiyalar orqali. AQSh dunyo bo'ylab bu borada hamkorlikni mustahkamlamoqda.
Tahlilnomaga ko'ra, AQSh Suriya va Iroqqa borib qolgan fuqarolarini qaytarmoqchi bo'lgan hukumatlarga madadkor. O'n minglab odamlarning taqdiri haqida gap ketmoqda, deydi Seyls. Amerika o'z fuqarolarni ham vatanga olib kelgan.
Buni ham ko'ring Afg'oniston: Vashington, Kobul va Toshkent birga harakat qiladiHisobotda davlatma-davlat vaziyatga nazar tashlanar ekan, Markaziy Osiyoda O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston va Turkmanistonda 2019-yilda terror xurujlar kuzatilmadi, deya qayd etiladi. Tojikistonda ikki hujum yuz bergan, o'nlab insonlar halok bo'lgan.
Afg'oniston dunyodagi eng notinch mamlakatlardan biri. Xurujlarda 2000 ga yaqin odam o'lgan va qariyb 5000 kishi jarohatlangan, xususan chet elliklar va jumladan harbiylar.
Markaziy Osiyo davlatlari uchun terrorizm va ekstremizm xavfi real va hukumatlar shu xulosadan kelib chiqqan holda siyosat yuritmoqda, deyiladi hisobotda. Qo'shma Shtatlar bilan hamkorlikning katta qismi shu sohada.
O'zbekistonda huquq va tartibot hamda chegara xavfsizligini ta'minlash - ustuvor masalalar va terrorizmga qarshi kurash alohida e'tiborda.
BMT, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va boshqa xalqaro organlar bilan hamkorlikda ham O'zbekiston aynan terrorizmga qarshi kurashga jiddiy qaraydi va Amerika nazarida, Toshkent kontrterrorizm tashabbus va loyihalariga sodiq.
Hukumat Rossiya va boshqa davlatlarda yurgan fuqarolar terroristlar to'riga ilinishi mumkinligidan xavotirda. Qaynoq nuqtalarga borib qolgan o'zbekistonliklarni qaytardi va bu boradagi harakatlarini to'xtatmagan.