Bayden musulmonlar ovoziga tayanmoqda

  • Amerika Ovozi

Jo Bayden Pensilvaniya shtatida, 9-iyul, 2020

AQShda prezidentlik uchun demokrat nomzod Jo Baydenga ko'ra, mamlakatdagi musulmon saylovchilar uning tarafida. Yirik tashkilotlar shuni bayon etgan.

"E'tiqodimiz asoslari bir ildizga borib taqaladi", - deydi nasroniy siyosatchi.

"Menga bildirayotgan ishonchingiz va meni saylovda quvvatlayotganingiz uchun minnatdorman", - deydi Bayden Delaver shtatidagi uyidan turib, Amerika musulmonlariga murojaat qilar ekan.

"Musulmonlar bu jamiyatda hozirgi ko'lamdagidek faol bo'lmagan. Kelayotgan saylovlarda eng ko'p musulmon ovoz berishini kutayapmiz, kamida bir million. Buning ahamiyati juda katta. Sizning ovozingiz, sizning tanlovingiz. Amerika musulmonlari elektoratning ajralmas qismi", - deydi Bayden.

Rasmiy hisoblarga ko'ra, musulmonlar AQSh aholisining bir foizini tashkil etadi, ya'ni 330 milliondan 3-4 millioni islomga e'tiqod qiladi.

Musulmon tashkilotlar “Million Muslim Votes” degan tashabbus doirasida birlashib, bu din vakillarini 3-noyabrdagi saylovlarda ovoz berishga va aynan demokrat nomzodni tanlashga undamoqda. Saylov nafaqat Oq uy uchun, balki Kongress va mahalliy rahbarlar va qonunchilik organlari uchun hamdir. Ularda ham musulmon liderlar demokratlarni quvvatlang, deya undamoqda.

Kongress a'zosi Ilhan Umar aslida Berni Sanders tarafida edi. Biroq Sanders prezidentlik poygasidan chiqqach, Umar Baydenni quvvatlay boshladi.

Baydenning yonida turgan musulmonlar siyosatchilar safida Kongress a'zolari Ilhan Umar va Andre Karson hamda sobiq kongressmen Kit Ellison bor.

Ilhan Umar prezidentlik uchun aslida Berni Sandersni yoqlayotgan edi, lekin Sanders poygadan chiqqach, Bayden tarafiga o'tdi.

Musulmonlar orasida Trampning ham tarafdorlari bor, ammo so'rovlarga ko'ra, ularning soni ozayib bormoqda. Jamoa asosan Trampning ayrim musulmon davlatlari fuqarolarini AQShga kiritmaslik qarori hamda immigratsion cheklovlaridan norozi.

Bayden Oq uyga saylansa, prezidentligining birinchi kunidayoq bu farmon va tartiblarni bekor qilishga so'z bermoqda.

Musulmonlar, shuningdek, Trampni Amerikada ularning diniga nisbatan munosabatni salbiylashtirganlikda, o'z chiqishlari va so'zlarida islomni bevosita va bilvosita qoralab kelayotganlikda ayblaydi. Respublikachi prezident esa musulmonlarga nisbatan adovati yo'qligini, bayonotlari va fikrlari asosli ekanini qayd etadi.