12-avgust kuni AQShda demokratlardan prezidentlikka nomzod Jo Bayden va u vitse-prezidentlikka tanlagan liberal senator Kamala Harris ilk bor omma oldiga chiqdi. Demokratik partiya Amerika xalqiga to'g'ri yo'l ko'rsatmoqda va saylovchi uni tanlashi kerak, deydi nomzodlar.
Oq uyga qayta saylanish umididagi Donald Tramp nazarida Bayden Harrisni tanlab, prezidentlikdan yanada uzoqlashdi. 3-noyabrda, deydi u, saylovchilarning aksariyati amaldagi rahbarni quvvatlab ovoz beradi.
77 yoshli oq tanli erkak Oq uy uchun kurashda o'ziga 55 yoshli qora tanli va osiyolik muhojirlar farzandini sherik sifatida ma'qul ko'rgani strategik jihatdan to'g'ri qaror, deydi siyosatdonlar. Kamala Harris afro-amerikaliklar va umuman ozchilikdagi saylovchilar va xususan xotin-qizlar ovozini olish uchun kerak.
"Kamala, bilasiz, juda aqlli va kuchli. Tajribali va jasur. O'rta sinfni kuchaytirish tarafdori va shu yo'lda kurashib keladi. Kamala boshqaruv nima ekanini ham tushunadi. Talabchan va maqsaddan ko'zini uzmaydigan lider. Vitse-prezidentlikka shay. Biz xizmatga tayyormiz", - deydi Bayden.
Buni ham ko'ring Saylov oldidan Donald Trampga qanday baho berilmoqda?Demokratlarga ko'ra, pandemiyadan chiqish - eng asosiy vazifa. Iqtisodiy qiyinchiliklarni yengish, davlatga ishonchni oshirish hamda Amerikaning global maydondagi obro'yini tiklash - Bayden va Harris uchun ustuvor maqsadlar.
Baydenning ona shtati Delaverdan turib so'zlar ekan, Harris Amerikada ijtimoiy adolatsizlikdan noliyotganlarning dardini diqqat bilan eshitayotgani va muammolarni hal etishga bel bog'laganini aytdi.
Kamala Harris ziyoli oiladan chiqqan. Otasi Yamayka, onasi esa Hindistondan kelgan muhojirlar. Kaliforniya shtatida katta bo'lgan Harris siyosatga o'sha yerda kirgan va 2016-yilda Senatga saylangan. Hali birinchi muddatini tugatgani yo'q.
Buni ham ko'ring Mayk Pens vitse-prezident sifatida qanday baholanadi?"Vitse-prezidentlik uchun munosib ko'rilish men uchun sharaf va xizmatga tayyorman", - deydi Harris.
Uning fikricha, AQShning hozirgi rahbari koronavirusga qarshi kurashni nafaqat eplay olmadi, balki mamlakatni egri yo'ldan olib ketmoqda.
Prezident Tramp va Vitse-prezident Mayk Pens buning aksini aytadi.
Kamala Harris mamlakat tarixida vitse-prezidentlik uchun ko'rsatilgan birinchi qora tanli hamda uningdek aralash etnik kelib chiqishga ega ilk amerikalik. Bayden yutsa, Harris Amerikaning birinchi ayol vitse-prezidenti bo'ladi.
Buni ham ko'ring Bayden poygada oldinda, lekin yuta olarmikan?Muhojirlarning Amerikada voyaga yetgan va yetayotgan avlodlari hamda xotin-qizlar unga havas va umid bilan qarayotganini biladi.
"Mendan oldin harakat qilgan ayollar jasorati va irodasidan o'rnak olib, ular qo'shgan hissa samarasi o'laroq shu yerda turibman", - deydi Harris.
Saylovning oxirgi uch oyida raqobat kun sayin keskinlashib, siyosiy bahs-tortishuvlar daqiqa sayin avj oladi. Tomonlar bir-birini qoralash, bir-biriga siyosiy tosh otish bilan ovora. Saylovchining ham e'tibori oshib boradi, ayniqsa nomzodlar debatlarga tayyorlanar ekan. Debatlar saylovoldi qurultoylaridan keyin boshlanadi.