Demokratik partiya va u Oq uyga ko'rsatayotgan nomzod Jo Bayden amaldagi prezident Donald Trampning Xitoy bilan savdo aloqalarini egri deb biladi. Bayden mudofaa va harbiy sektor uchun kamroq sarflash va xalqaro mojarolarga ehtiyotkorlik bilan yondashish tarafdori.
Demokratlar olg'a surayotgan takliflarni Bayden, prezidentlikka saylansa, inobatga olmasligi mumkin. Prezidentlar, odatda, vaziyatga qarab, yonidagi maslahatchilarga tayangan holda qarorlar qiladi.
Biroq partiyaning bu boradagi 80 betlik platformasi, deydi uning ustida ishlagan demokratlar, Bayden shu paytgacha targ'ib qilgan g'oyalarni o'z ichiga oladi.
Tashqi siyosat haqida gap ketganda, eng keng muhokamadagi mavzu - Xitoy, xususan, u bilan qanday savdolashish, biznes qilish va u yerdan chiqqan pandemiyaga qarshi qanday chora ko'rish.
Demokratlar nazarida, Tramp Xitoyga nisbatan katta gapirib, kichik choralar ko'rib kelayotgan prezident. Oq uy Pekindan qo'rqadigandek ish tutmoqda, deydi muxolifat. Demokratlar Xitoyni nayrangbozlikda, savdo bitimlarini buzayotganlikda va Amerika intellektual mulkini muntazam ravishda o'g'irlab, daromad olayotganlikda ayblaydi.
Bayden va uning partiyadoshlari Pekindan kiber-josuslik amaliyotlari oshirganlikda gumon qiladi. Ular nazarida, Tramp Xitoy tovarlariga tariffni oshirib, aslida Amerika ishlab chiqaruvchilariga zarar qildi. Demokratlar bu borada ham tamoman o'zgacha siyosat yuritishni va'da qilmoqda.
Tramp va uning ma'muriyati Xitoyni valyuta manipulyatsiyasi, harbiy agressiya, pandemiya va huquqbuzarlikda ayblab keladi.
Bayden ham Pekinga nisbatan o'xshash tanqidlarni yog'dirsa-da, taktik jihatdan boshqacha ish tutmoqchi ekanini aytadi. U Xitoyga qarshi xalqaro hamkorlar bilan birga, ittifoqchilar bilan kelishgan holda chora ko'rishni xohlaydi.
Jons Hopkins universiteti professori Charlz Stivenson deydiki, Bayden va Tramp orasidagi eng katta farq nima qilmoqchi ekanida emas, qanday qilmoqchi ekanida. Tramp Amerika yakka holda, "hammadan yaxshiroq biz bilamiz" degan qabilda harakat qilmoqda. Bayden esa AQSh xalqaro hamjamiyat bilan birga ishlashi kerak va shu tariqa liderlikda turishi lozim, deb biladi.
Tramp xalqaro tizim, ittifoqchilar va tashkilotlarga umid va ishonch bilan qaramaydi, jumladan NATO, BMT va uning agentliklariga.
Demokratlar esa buning aksini targ'ib qiladi, ya'ni Amerika amaldagi xalqaro tizim asoschisi, uning uchun azaldan ulkan mablag' sarflab keladi va o'z manfaatlari va insoniyat manfaatlarini himoya qilishda ularga tayanishi va ularni ishga solishi lozim.
Diplomatiya, Bayden fikricha, tinchlik va murosa kaliti. Tramp buzgan aloqalarni, deydi u, Bayden prezidentligi usta diplomatlar orqali tuzatadi, Yevropadan Afrikagacha, Osiyodan Lotin Amerikasigacha.
Buni ham ko'ring AQSh qo'mondoni: Iroqdagi missiyani kam sonli kuchlar bilan bajara olamizTramp ma'muriyati esa diplomatiyadan aslo voz kechmaganini, lekin Amerika o'z manfaatlari yo'lida hech kimdan izn olmay, hech kimga bosh egmay harakat qilayotganini aytadi.
Tramp davrida Pentagonning byudjeti oshirildi, Bayden uni kamaytirmoqchi. Demokratlar ham kuchli harbiy tizim istaydi, lekin ularga ko'ra, bu maqsadga kamroq sarflab ham erishish mumkin.
Bayden ham Tramp singari chet eldagi harbiylar sonini kamaytirish tarafdori, jumladan, Afg'onistondagi qo'shinni.
Virjiniya universiteti olimi Kayl Kondik tahlilicha, respublikachilar va demokratlar orasida harbiy sohada uncha katta tafovut yo'q. Hillari Klinton prezidentlikka saylanganida bu borada Trampdan farqli ish tutmagan bo'lar edi va Bayden ham Tramp o'rnini egallagan taqdirda, undan keskin darajada boshqacha yo'ldan bormaydi, deydi Kondik.
Lekin demokratlar deydiki, Yamandagi urushda Saudiya Arabistonini quvvatlashni bas qilish kerak. Eronda esa, ularga ko'ra, tuzumni o'zgartirish uchun harakat qilmaslik kerak. Tramp, muxolifat nazarida, shu yo'ldan bormoqda.
Buni ham ko'ring AQSh-Markaziy Osiyo: "Hammaning e'tibori Mirziyoyevda... potensial reallikka aylanishi kerak"Demokratlar platformasi Erondan tortib jamiki davlatlarda inson huquqlari va erkinlik targ'ibotiga urg'u berishi kerakligini uqtiradi.
Bayden hozircha muayyan mintaqalarga, jumladan, Markaziy Osiyoga nisbatan qanday siyosat yuritishi mumkinligi haqida og'iz ochmagan. Lekin ko'plab mutaxassislar ta'biricha, Obama prezidentligi davridagi yo'ldan borishi mumkin, ya'ni o'zaro manfaatlar va pragmatik yondashuvga asoslangan rishtalar.
Tramp ma'muriyati ham shunday yondashuv bilan ishlayotganini bildiradi.
Saylovda, umuman olganda, tashqi siyosat asosiy omil emas, deya eslatadi professor Stivenson.
"Bu yilgi bosh omil - pandemiya va undan qanday chiqish".
Ommaviy so'rovlarda amerikaliklarning 80 foizga yaqini iqtisodiy takliflarga qarab ovoz bermoqchi ekanini aytgan. Sog'liqni saqlash va Oliy sudga kimlar ko'rsatilgani ikkinchi va uchinchi asosiy masalalar.