Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) O’zbekistonga vijdon erkinligi va diniy tashkilotlarga doir qonun loyihasiga qator o’zgarishlar kiritishni, unda saqlanib qolgan cheklovlarni olib tashlashni tavsiya etmoqda.
O’zbekiston Oliy Majlisi yangi tahrirda qabul qilishga hozirlanayotgan mazkur loyihani xalqaro me’yorlarga muvofiqlashtirish maqsadida avgust oyida YXHT ekspertlariga taqdim etgan.
Yaqinda bu ekspertlarning (Inson huquqlari va demokratik institutlar byurosi, Yevropa Komissiyasining Venetsiya kengashi) qonun loyihasi bo’yicha tavsiyalari e’lon qilindi.
Ularni ishlab chiqishida bir muncha avval O’zbekistonga safar qilgan BMTning diniy erkinlar bo’yicha maxsus vakili Ahmad Shahid ham ishtirok etgan.
Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlarga doir qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi O’zbekiston jamoatchiligi kutayotgan muhim o’zgarishlardan biri hisoblanadi.
Yaqinda Andijonda ro’mol o’ragan maktab o’quvchisiga nisbatan maktab direktori tomonidan qilingan tahdid yuzasidan Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov bergan izoh e’tiqod erkinligi bilan bog’liq vaziyat hamon qaltis ekanidan darak beradi.
O’zbekistonning e’tiqod erkinligi cheklangan davlatlardan biri sifatida tanilishida diniy faoliyat va diniy tashkilotlar ustidan davlat nazorati keskin kuchaytirilgan amaldagi qonun muhim rol o'ynab keladi.
YXHT tavsiyalaridan kelib chiqilsa, e’tiqod erkinligiga doir yangi qonun loyihasida ham diniy tashkilotlar va guruhlar ustidan nazorat hamda cheklovlar hukumat foydasiga saqlab qolingan.
Xorijiy ekspertlar diniy tashkilotlar faoliyatini erkinlashtiruvchi, diniy guruhlarni ro’yxatga olish tartibini soddalashtiruvchi, e’tiqodiga muvofiq yashayotgan dindorlar hayotiga davlat aralashuvini cheklovchi, diniy ta’lim olish, diniy adabiyotlar o’qish erkinligini ta’minlovchi, ziyoratlarni tashkil etish, xususan hajni hukumat tasarrufidan chiqaruvchi, diniy targ’ibot va missionerlik faoliyatiga doir ko’plab o’zgarishlar kiritishn tavsiya qiladi.
YXHT mutaxassislarining yana bir maslahati: yangi qonun loyihasida saqlanib qolgan “noqonuniy diniy faoliyat” atamasini mutlaqo loyihadan olib tashlash va uning o’rniga ro’yxatdan o’tmagan, ma’lum bir e’tiqodga tayanuvchi diniy guruhlarning ro’yxatsiz ham faoliyat yuritishi mumkinligini belgilovchi o’zgartirish kiritish.
Qonunda “xususiy diniy ta’lim”ning taqiqlanishi ham ekspertlar nazarida xalqaro standartlarga mos emas va loyihadan olib tashlanishi kerak.
Diniy adabiyotlar tayyorlashda, olib kirilishida va tarqatilishida tegishli idoralarning “ekspertiza xulosasi” majburiyligi, shuningdek, diniy tadbirlar o’tkazilishidan din ishlari bo’yicha qo’mitani ogohlantirish majburiyati ham e’tiqod erkinligini cheklovchi bandlar qatoriga qo’shilgan.
Ekspertlar tavsiyasida O’zbekistonda diniy erkinlik toptalishining asosiy ko’rsatkichi bo’lgan “diniy ekstremizm, fundamentalizm” atamasiga ham izoh berilgan.
Ta’kidlanishicha, xalqaro me’yorlarda “diniy ekstremizm”, “fundamentalizm” atamalari bo’yicha ayni paytda aniq tasnifning o’zi yo’q. Shu bois bu atamalarning yuridik maqomda, ayniqsa jinoyat kodekslarida aniq o’lchamlarsiz qo’llanilishi davlat idoralariga haddan ortiq shafqatsiz choralar qo’llash, kuch ishlatish imkoniyatini beradi.
O’zbekiston misolida bu “ekstremizm”ga oid ko’plab ayblovlar, qiynoqlar va boshqa shafqatsiz munosabatlar mavjudligida o’z isbotini ko’rsatgan. “Diniy radikalizm”, “Fundamentalizm” atamalarining umumiyligi kuch ishlatar idoralariga turlicha talqin imkoniyatini beradi, qonunda bu aniq o’lchamlarda aks ettirilishi kerak.
Diniy e’tiqod erkinligiga doir qonun loyihasiga berilgan tavsiyalarda O’zbekistonda missionerlik va prozelitizm (ma’lum bir dinga kiritish uchun targ’ibot) faoliyatiga taqiq qo’yilganiga ham diqqat qaratilgan. Missionerlik va prozelitizm ham diniy e’tiqod erkinligining tarkibiy qismi ekanligi, diniy jamoalar zo’ravonliksiz o’z e’tiqodlariga ishontirish, targ’ib qilish imkoniga ega bo’lishi zarurligi ta’kidlanadi.
O’zbekistonda diniy e’tiqod erkinligiga doir qonun loyihasi bir muncha avval jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan, diniy liboslar bilan bog’liq band keskin munozaralar keltirib chiqargan edi.
Bu munozaralar ortidan qonun loyihasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
O’zbekistonda avgust oyidan buyon bu borada Qonunchilik palatasi doirasida, shuningdek, xalqaro ekspertlar bilan ham turli darajadagi muhokamalar o’tkazilmoqda.
YXHT ekspertlarining e’tiqod erkinligiga doir qonun loyihasi yuzasidan bergan bu tavsiyalari O’zbekiston qonunchilari tomonidan qanchalik e’tiborga olinishi hozircha noma’lum.
O'zbekiston matbuotiga ko’ra, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasida ikkinchi o’qishda ko’rib chiqish uchun tayyorlanmoqda.