O'zbekiston: Afg'onistonda tinchlik o'rnatilishiga ishonamiz

Strategik va mintaqaviy izlanishlar insituti rahbari Eldor Aripov (chapda) va O'zbekistonning Afg'oniston masalalari bo'yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, Vashington, 18-noyabr, 2020

O'zbekistondan siyosiy delegatsiya ayni damda Vashingtonda. Turli vazirliklar, agentliklar va tahlil markazlarida uchrashuvlar va davra suhbatlari kechmoqda.

18-noyabr kuni AQSh Tinchlik institutida so'zlagan Ismatilla Irgashev, O'zbekistonning Afg'oniston masalalari bo'yicha maxsus vakili, bugungi siyosatni shunday tushuntirdi:

"Afg'onistondagi vaziyat va jarayonlar bizga bevosita ta'sir qiladi. Qo'shning tinch, sen tinch, degan maqolimiz bor. Biz bugunga kelib, bu birodar xalqqa yordamlashishga, bu davlat bilan hamkorlik qilishga va uni quvvatlashga bel bog'laganmiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Afg'onistonga yangicha ko'z va umid bilan qaraymiz".

Buni ham ko'ring Afg'oniston, O'zbekiston, Qozog'iston va AQSh elchilari tinchlik va taraqqiyot haqida gaplashdi

AQSh Tinchlik instituti Markaziy Osiyoda bevosita ishlamaydi, lekin AQSh Davlat departamenti bilan yaqindan hamkorlik qiladi hamda mintaqa diplomatlari va mutaxassislari bilan aloqada. Afg'onistonda tinchlikni targ'ib qilish bu ilmiy maskan missiyasiga kiradi.

Irgashev deydiki, Afg'oniston bilan bog'liq har qanday qaror Kobuldagi markaziy hukumat bilan kelishgan holda qilinadi. Toshkent ichki siyosiy masalalarni murakkablashtirishni aslo xohlamaydi. Siyosiy guruhlar bilan muloqotdan asosiy muddao - ularni tinchlikka undash.

Toshkent Vashington bilan ham yaqindan maslahatlashgan holda qadam tashlamoqda, deydi Irgashev. Uch tomonlama, ya'ni Afg'onistonni ham o'z ichiga olgan kelishuv bor. Uning doirasida ishchi guruhlar tuzilgan va siyosiy, iqtisodiy, ilmiy va texnologik yo'nalishlarda harakat qilmoqda.

O'zbekiston uchun Afg'oniston endilikda Markaziy Osiyoning ajralmas qismi. U integratsion jarayonlardan chetda qolmasligi lozim, deydi Irgashev. Shimoldagi qo'shnilar janub tomon savdo yo'llari va biznes imkoniyatlarini Afg'oniston orqali ochadi. O'zbekiston o'tgan yillarda Afg'oniston bilan tijoratni oshirgan.

Buni ham ko'ring Afg'oniston: Vashington, Kobul va Toshkent birga harakat qiladi

Mirziyoyev ma'muriyati Yevropa Ittifoqi va Osiyo davlatlari bilan ham bu borada hamfikr va muntazam dialog shakllangan, deydi Irgashev.

"Muhimi, Afg'onistondagi siyosiy taraflar kelishib, murosa qilsin va bu diyorda barqarorlik ravnaq topa boshlasin", - deydi maxsus vakil.

O'zbekiston hukumatining asosiy tadqiqot markazi - Strategik va mintaqaviy izlanishlar instituti rahbari Eldor Aripov deydiki, hozirgi Markaziy Osiyo Afg'onistonni ham shubhasiz qamrar ekan, regional dinamika o'zgargan.

Barcha respublikalar bugungi muloqotlarda Afg'oniston manfaatlarini hisobga oladi, uning pozitsiyasiga jiddiy qaraydi va o'zaro maslahatlashadi. O'tgan yillar ichida O'zbekiston yetakchiligida mana shunday yutuqqa erishildi, deya maqtaydi Aripov.

O'zbekiston qo'shni davlatlar bilan chegaralarini aniqlashtirish uchun muzokaralarni to'xtatmagan va bu borada qator kelishuvlarga erishilgan.

Chegaralar ochilgani, savdo va tijoratni kamida ikki baravar oshirdi, deydi Aripov. Qatnov faollashgan, xususan Afg'oniston bilan ham.

"O'zbekiston bu jarayonlardan umidvor va yangi loyihalar ishga solinar ekan, real yutuqlarni ko'zlayapti", - deydi ekspert.

"Bundan hamma manfaatdor. Energiya eksporti bo'ladimi va boshqa tijoriy imkoniyatlar, barchamiz Afg'onistonda tinchlik bo'lishidan birdek foyda ko'ramiz".

O'zbekiston va Afg'oniston rahbarlari o'tgan to'rt yildan beri yaqin aloqada, deydi rasmiylar. Surat 2017-yilning 5-dekabrida olingan. Toshkentdagi muzokaralar ketidan.

"Yagona muammo - hozirgi beqaror vaziyatda kommunikatsiyani rivojlantirish... Bir narsa aniq: urushni to'xtatib, savdo qilish kerak, chunki mojaro hech kimga naf keltirmaydi", - deydi Aripov.

Tramp ma'muriyati yil oxirigacha Afg'onistondagi qo'shinlarni yanada kamaytirishga qaror qilgan. Amaldagi rejaga ko'ra, 2021-yilning yozigacha afg'on zaminida Amerikaning juda oz sonli maxsus zobitlari qoladi.

Irgashev Amerikaning mintaqadagi roli va xususan Afg'onistondagi missiyasiga urg'u berar ekan, Vashington uzoqni ko'zlab ish tutadi degan umidda.

"Amerikada rahbariyat yangilanishi va kelajakda qanday qarorlar qabul qilinishidan qat'i nazar biz bu davlatning Afg'onistondagi jarayonlarga jiddiy qarashda davom etishini, bu mamlakatga madad ko'rsatib, uni quvvatlashini kutib qolamiz. Albatta, mintaqadagi integratsion jarayonlarda ham AQShning o'ziga xos hissasi bor", - deydi O'zbekiston maxsus vakili.

Amerika siyosatdonlari va tahlilchilar O'zbekistondan kelgan rasmiylarni tinglar ekan, umumiy taassurot shuki, Toshkent Afg'oniston bo'yicha g'arbu sharq bilan bog'langan va hamjihatlikda harakat qilmoqda. O'zbekiston Afg'onistondagi siyosiy kuchlar orasida astalik bilan ildamlayotgan tinchlik muzokaralaridan umidvor. Lekin Mirziyoyev ma'muriyati hozirgi vaziyat tahlikali ekanini ham tushunadi.

Afg'onistonda aholiga xurujlar to'xtamagan. Ularda Tolibon qo'li borligi tan olinadi. Kobuldagi markaziy hukumat bu harakatni fuqarolar qonini to'kayotganlikda ayblaydi. Afg'on jamoatchiligi orasida hukumatga ham, toliblarga ham ishonch va hurmat past.

O'zbekiston delegatsiya bulardan xabardor ekanini ta'kidlab, Toshkent pozitsiyasini eslatadi: Afg'onistonda qurol bilan tinchlikka erishish mumkin emas. Qanchalik qiyin bo'lmasin, urushayotgan tomonlar murosa qilishga majbur.