Xitoy yetakchiligidagi erkin savdo kelishuvi ratifikatsiya tomon yo'nalar ekan, Amerikaning Osiyodagi azaliy sheriklari yangi blokdan joy olmoqda.
Regional Mukammal Iqtisodiy Sheriklik deya nomlangan bitimda Yangi Zelandiya va Avstraliya ham bor.
Sakkiz yillik muzokara ketidan 2020-yilning noyabrida yakunlab, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari (ASEAN), shuningdek, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Yaponiya, Xitoy, va Janubiy Koreya ishtirokidagi yangi iqtisodiy tizim vujudga kelmoqda. Global yalpi mahsulotning 30 foizga yaqinini shu mamlakatlar ishlab chiqaradi.
Hujjatni Xitoy, Yaponiya hamda ASEANdagi ikki davlat allaqachon ratifikatsiya qilgan. ASEANdagi yana to'rt davlat va unga kirmaydiganlardan yana bittasi ham tasdiqlasa, kelishuv kuchga kiradi.
AQSh Trans-Tinch okeani sherikligidan chiqib ketgach, Amerika roli pasaydi va Xitoy o'z tashabbuslarini kengroq olg'a sura boshladi.
Xalqaro Respublikachilar institutidan Partik Kuirk deydiki, Xitoy iqtisodiy bog'liqlikni kuchaytiruvchi loyihalarini ishga solar ekan, AQShning ta'siri pasayib bormoqda.
"Regional Mukammal Iqtisodiy Sheriklik Pekin pozitsiyasini mustahkamlaydi", - deydi ekspert.
Ammo Osiyodagi ayrim mutaxassislar nazarida bu bitim aslida Amerika manfaatlari uchun ham xizmat qiladi.
"Regional Mukammal Iqtisodiy Sheriklik, Bayden ma'muriyati istaganidek, global me'yorlarga asoslanadi va savdoni tartibga soladi", - deydi Jeffri Uilson, Avstraliyadan tahlilchi.
Bu mamlakatdan yana bir ekspert, Shiro Armstrong fikricha ham Amerika yutqazayotgani yo'q. "Bitim bozorlarni ochadi va shaffoflikka yetaklaydi. Bu esa Amerika uchun biznes imkoniyatlar ochadi".
Yangi Zelandiyadan professor Jeyn Kelsi AQSh tashabbuslari har doim ham boshqalarning manfaatlarini ko'zlamaydi, deydi. Trans-Tinch okeani sherikligiga uning mamlakati qarshi chiqqan.
"Regional Mukammal Iqtisodiy Sheriklikka esa rozimiz", - deydi u.
Australiya senatori Erik Abetz:
“AQSh biz uchun eng muhim strategik hamkor va bu o'zgarmaydi. Lekin bu bizni regional bitimlarga, jumladan bu savdo kelishuviga kirishdan ushlab turolmaydi".
Regional Mukammal Iqtisodiy Sheriklik Xitoyni kuchaytiradi, degan xavotirlar asosli, deya tan oladi senator, ammo boshqa davlatlar ham qo'l qovushtirib o'tirmaydi.