Tolibon Panjsher vodiysida unga qarshi kurashayotgan kuchlarni yo'q qilish uchun yuzlab jangchilarini safarbar etgan. Panjsher Kobuldan 150 kilometr shimolda joylashgan tog'li hudud bo'lib, mintaqa azaldan tojik liderlar qo'lida. Ahmad Shoh Mas'ud uzoq davr mobaynida u yerdan turib, sovet qo'shinlari, keynchalik esa Tolibon bilan olishgan. 1996-2001 yillarda Afg'onistonni Tolibon boshqargan paytda ham bu rahbarlarning qo'li Panjsherga yetmagan.
Ahmad Shoh Mas'udning o'g'li Ahmad Mas'ud hozirda bu kuchlarga bosh-qosh ekani ma'lum. Uning harakatiga endilikda afg'on armiyasining sobiq zobitlari, maxsus tayyorgarlikdan o'tgan jangchilar va mamlakatning boshqa qismlaridan qochib borgan afg'onlar qo'shilgan.
O'tgan hafta Mas'udning qo'shini Penjsher atrofidagi uch tumanni toliblardan tortib olgan. Tolibon buni inkor etadi.
Ahmad Shoh Mas'ud "Panjsherning sheri" deya tanilgan edi. 1980-2001 yillar orasida qaqshatqich zarbalari va ona yurtining mardona himoyasi uchun u Afg'onistonning qahramoni sifatida nufuz qozongan edi. Mas'ud 2001-yilda, AQShdagi terror xurujlari oldidan, o'ldirilgan. Uning o'g'li Ahmad Mas'ud, hozirda 32 yoshda, Britaniyada harbiy akademiyani bitirgan hamda urush va jang san'ati bo'yicha oliy ma'lumotga ega.
Bir necha kun oldin prezidentlikni tark etgan Ashraf G'anini qoralab, unin o'rniga o'zini muvaqqat rahbar deya e'lon qilgan Amrullo Solih ham Ahmad Mas'udni quvvatlamoqda. Lekin Mas'ud yetakchilidagi front uni prezident sifatida tan olmagan.
Tolibon Mas'ud kuchlariga Panjsherni topshirish uchun to'rt soat muhlat bergan, ammo qarshi tomon bunga bo'ysunmagan. Orada kechgan muzokara natija bermagan. Muzokaraga Mas'udning qarindoshi Pokistonda boshchilik qilgani ma'lum.
Tolibon markaziy hukumat tuzish harakatida va saylov o'tkazmoqchi. Mas'udga ko'ra esa hukumat markazlashmasligi lozim, viloyatlar o'zini o'zi boshqara olishi kerak va barcha fuqarolarning erkinligi va huquqlari kafolatlanishi shart.
Mas'ud matbuotga bildirishicha, "Tolibon har bir qadamini muzokara qilgan holda tashlashi zarur". U boshliq kuchlar jang qilishga shaylangan. "Birortasi totalitar rejimga bosh egmaydi", - deydi Mas'ud.
Bu qo'shin Tolibonni Panjsherga yaqinlashtirmaslik uchun yetarlicha kuchga egami? Mas'udning fronti "ha" deya javob beradi. Qon to'kmay, muzokara orqali til topishishga bu harakat hali ham ochiq.
"The Washington Post" gazetasida chiqqan maqolada Mas'ud G'arbni uning frontini quvvatlashga chaqiradi.
"Tolibon faqat Afg'oniston xalqining boshidagi balo emas. Tolibon ostida Afg'oniston terrorizm o'chog'iga aylanadi. Demokratik davlatlarga qarshi hujumlar shu yerdan rejalanadi", - deya ogohlantiradi u.
Mas'ud uning kuchlarini qurol bilan ta'minlashni so'ramoqda. Bu kurashga u ikki yildan beri tayyorgarlik ko'ra boshlagan, chunki Amerika Tolibon bilan muzokara boshlaganidayoq u bu dialog "Afg'oniston uchun faqat shum xabarlar keltirishini" bilgan. Mamlakat armiyasi Tolibonga qarshi kurashmayotganidan norozi zobitlar va ko'ngillilar uning kuchlariga qo'shilgan.
Mas'ud fronti iznida bir necha vertolyot va boshqa ilg'or vositalar bor, xususan SSSR davridan qolgan tanklar va Rossiyada ishlab chiqarilgan havo vositalari.
Bu kuchlar qishgacha Tolibon bilan olishadi, keyin qahraton sabab janglar susayadi va bahorgacha murosa qilish uchun vaqt bo'ladi, deya umid bildiradi Mas'ud tarafdorlari.
Bu harakat qo'shni davlatlardan yordam so'ramagan. Tojikiston o'z vaqtida Ahmad Shoh Mas'udni qo'llagan. O'g'li esa asosan G'arb bilan ishlashga bel bog'lagan. Amerika hozirgacha unga aniq javob bergan emas, ammo Ahmad Mas'ud Kongressga bilan aloqada ekani ma'lum. O'tgan yili u Fransiya rahbari Emmanuel Makron bilan Parijda uchrashgan. Fransuz faylasufi Bernard-enri Levi otasining yaqin do'sti bo'lgani bois bu uchrashuvni uyushtirib bergani aytiladi.
Mas'ud tarafdorlari Vashingtonni bu kuchlarni terrorizmga qarshi tabiiy ittifoqchi sifatida ko'rishga undamoqda. G'alabasidan kuchlangan Tolibon ekstremizmga zo'r berib, G'arbga nisbatan nafrat urug'ini sochishda yetakchilik qiladi, deya ogohlantirmoqda Panjsherdagi front.
2001-yilning 11-sentabridagi terror xurujlarigacha Markaziy Razvedka Boshqarmasi Panjsherda keng faoliyat olib borgan, deya eslatadi bu haqda kitob yozgan tahlilchi Tobi Harnden.
Keng quvvatlovsiz Ahmad Mas'ud Tolibonga qarshi uzoq jang qila olmaydi. Panjsherda aeroport yo'q. Bu kuchlarni harbiy ta'minlash uchun infrastruktura kerak.
Mas'ud maslahatchilariga ko'ra, Tolibonning zaif jihatlari ko'p. Uning qo'shini oz, uzog'i bilan 75 ming, aksariyati malakasiz, deydi ular. G'arb madadi bilan Tolibonga qarshi kuchlar undan bir necha karra ko'proq bo'lishi va ustun kela olishi mumkin.
“Tolibonni yana hokimiyatga olib kelgan omil bu uning boshqa hududlardagi mahalliy qabilaviy liderlar bilan kelisha olgani", - deydi ism-sharifi aytilishini istamagan, Afg'onistonda ishlagan razvedkachi.
“Kobulga yo'lni shu qabilaviy yetakchilar ochib berdi", - deya qo'shadi mutaxassis. "Ammo manfaatlarga zarar yeta boshlasa, ular bu quvvatlovni qaytib oladi".
Afg'onlarda bir hikmatli gap bor, deydi bu razvedkachi, "meni yollashing mumkin, lekin sotib ololmaysan".