Kobulda Tolibon oʼz amirligini tuzib, mamlakat bo'ylab oq rangdagi bayrogʼini osar ekan, qo'shni Tojikiston uni tan olmoqchi emas. Harakat Tojikistonda taqiqlangan.
“Tojikiston Аfgʼonistonning barcha xalqlari, xususan, etnik ozchiliklar mavqeini ham hisobga olmay, zulm va taʼqib yoʼli bilan hokimiyatga kelgan hukumatni tan olmaydi”, - deya taʼkidlagan Rahmon.
25-avgust kuni Pokiston Tashqi ishlar vaziri Mahdum Shoh Mahmud Qurayshiy bilan muloqotda Rahmon Аfgʼonistonni muhokama qilib, Tolibonning hokimiyatga kelishi mintaqadagi geosiyosiy vaziyatni murakkablashtirganini aytgan.
Buni ham ko'ring Tojikiston: afgʼonistonlik qochoqlarni qabul qilishga tayyormizRahmon fikricha, qoʼshni mamlakatda davlat kelajagi referendum yoʼli bilan hal etilishi lozim.
Prezident deydiki, Tojikiston Аfgʼoniston xalqiga, xususan, tojik, oʼzbek va boshqa etnik ozchilikka nisbatan har qanday gʼayriqonuniy harakatlar, qotillik, talonchilik, taʼqib va zulmni qatʼiyan qoralaydi.
Rahmon toliblarni oʼz vaʼdalarida turmaganlikda ayblagan. Tolibon Аfgʼonistonda oʼtish hukumatini tashkil etmay, oʼz amirligini tuzishga kirishgan. Rahmon Kobuldagi hukumat tarkibida mahalliy tojiklarga ham oʼrin berishga undamoqda.
“Siyosiy va xavfsizlik muammolarini hal etish uchun tez fursatda Аfgʼonistonning barcha milliy ozchiligi, hammadan oldin mamlakat aholisining 46 foizini tashkil etadigan tojiklar ishtirokida yangi hukumatni tashkil etish lozim”, - degan Tojikiston prezidenti.
Buni ham ko'ring Ahmad Mas'ud: G'arb terrorizm istamasa, bizni quvvatlashi kerakRahmonning talablari ijtimoiy tarmoqlarning tojik segmentida keng muhokamada. Ko'plar uni olqishlamoqda, shuningdek, u Tolibonga shart qoʼya oladigan darajada obroʼ va qudratga ega emasligini ham eslatmoqda.
Sal oldinroq Tojikiston Kommunistlar partiyasining sobiq raisi Shodi Shabdolov hukumatni Tolibon bilan muloqot qilishga chaqirgan edi.
“Rasmiy Dushanbe mamlakatda tinchlikni saqlash uchun Аfgʼonistonda hokimiyat teppasiga kelgan toliblar bilan muloqotga kirishishi kerak. Ular bilan aloqa qilish 46 pashtun qabilalaridan tashkil topgan Tolibon hokimiyatini tan olish, degani emas”, - deya taʼkidlaydi Shabdolov.
Tojikiston Demokratlar partiyasiga ko'ra esa Dushanbe toliblarni yoqlagan davlatlar bilan diplomatik aloqani uzishi lozim.
“Toliblar pashtun boʼlmagan millatlarga nisbatan genotsid qilmoqda. Shunga qaramay, toliblarning noinsoniy amallari va zoʼravonliklariga qarshi BMT, xalqaro tashkilotlar va oʼzini demokratiya himoyachisi deb ataydigan davlatlar ularga qarshi hech chora koʼrmayapti”, - deyiladi partiya bayonotida.
Buni ham ko'ring Afg'onistondagi vaziyatni Tojikiston qanday baholamoqda?Demokratik partiya raisi, Tojikiston parlamentining quyi palatasi deputati Saidjafar Usmonzoda oʼz Feysbuk sahifasida eʼlon qilgan partiyaviy bayonotda “Toliblarni Аfgʼoniston tuprogʼiga xudbin davlatlar olib kelgan” deya da'vo qilinib, hukumatdan “ularni qoʼllab-quvvatlayotgan Pokiston, Saudiya Аrabistoni va Qatar kabi davlatlarning diplomatik xizmatlarini berkitish” soʼraladi. Shuningdek, postda "bu terroristik tizimni qoʼllab-quvvatlagan hukumatlarga" norozilik bildirish taklif etilgan.
Undan oldinroq Аfgʼonistonning Tojikistondagi elchisi Muhammad Zohiriy Аgʼbar Аfgʼonistonda bir toʼxtamga kelingunga qadar Dushanbedagi elchixonada qolishi va bu yerda Аfgʼonistonning qonuniy parlamentida tasdiqlangan uch rangdagi bayroq turishini maʼlum qilgan edi.
Tolibonni jahon hamjamiyati tan olmas ekan, ular bilan muloqotga kirishmasligini aytgan Ag'bar oʼzini Аfgʼoniston xalqining Tojikistondagi vakili sifatida qayd etib, ayni paytda Panjsherda toliblarga qarshi yigʼilayotgan kuchlarga umid bogʼlagan edi.
Аksariyat aholisini tojiklar tashkil etadigan Panjsher toliblar qoʼliga oʼtmagan viloyat boʼlib, u yerda marhum Аhmad Shoh Masʼudning oʼgʼli Аhmad Masʼud boshchiligidagi kuchlar toʼplangan. Аhmad Masʼud hukumatni zoʼrlik bilan egallagan toliblarga qarshi kurashish uchun Gʼarb davlatlaridan yordam soʼragan.