Migrantlar himoyachisini O’zbekistonga deportatsiya qilishmoqchi

Valentina Chupik

Markaziy Osiyolik minglab mehnat muhojirlariga huquqiy yordam ko’rsatib kelayotgan o’zbekistonlik faol Valentina Chupik Rossiyadan haydab chiqarilmoqda.

“Tong Jahoni” inson huquqlari tashkiloti rahbari Valentina Chupik Rossiyadan O’zbekistonga chiqarib yuborilishi mumkin. U 25-sentabr kuni Armanistondan Rossiyaga qaytayotganda Moskvadagi Sheremetyevo aeroportida ushlangan.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi Valentina Chupikka berilgan qochqinlik maqomi bekor qilingani, uning Rossiyaga kirishiga 30 yillik taqiq qo’yilgani va u O’zbekistonga deportasiya qilinishini ma’lum qilgan.

Ta’kidlanishicha, Chupik soxta ma’lumotlar taqdim etganlik asosida qochqinlik maqomidan mahrum qilingan.

O’zbekistonni 2006-yilda tazyiqlar tufayli tark etgan Valentina Chupik Rossiyada qochqinlik maqomini olgach, uning rahbarligidagi “Tong Jahoni” inson huquqlari tashkiloti Rossiyadagi mehnat muhojirlari huquqlari bilan shug’ullanib kelayotgan edi.

Chupik ayni damda Sheremetyevo aeroportida qolmoqda. U bilan aloqa cheklangan, advokatlar kiritilmayotgani, faolning o’zini O’zbekistonga jo‘natishga hozirlik ko’rilayotgani xabar qilinadi.

Huquq himoyachisi ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishida aeroportda ushlanishi ortidan u bilan Ichki ishlar vazirligi va FSB xodimlari suhbat o’tkazgani, shu suhbat asosida qochqinlik maqomidan mahrum qilinishi, deportatsiyaga yuzlanishi sababi kasbiy faoliyati bilan bog’liq ekanligi haqida xulosaga kelganini aytadi.

Valentina Chupik inson huquqlariga oid faoliyatini hali O’zbekistonda boshlagan. O’zbekistonni Andijon fojiasi ortidan mamlakatda vaziyat jiddiy keskinlashishi, fuqarolik tashkilotlariga nisbatan tazyiqlar kuchayishidan so’ng 2006-yilda tark etgan.

U O’zbekistonga qaytishni o’zi uchun hamon xatarli deb hisoblaydi. Ta’kidlashicha, hibsda qolar ekan, ijtimoiy tarmoqlar orqali uni O’zbekistonda kutishayotganiga doir tahlikali xabarlar olgan.

Qator inson huquqlari tashkilotlari bir necha kundan buyon aeroportda ushlab turilgan Valentina Chupikni zudlik bilan ozod qilishni talab etishmoqda.

Moskvadagi o’zbek faollarining bildirishicha, Chupik bilan bog’liq bosim kelib chiqishi Markaziy Osiyo yoki O’zbekistondan bo’lgan huquq himoyachilariga ko’rsatilayotgan birinchi tahdid emas. Bungacha ham ularning bir qanchasi politsiya, maxsus xizmatlar tomonidan uyushtirilgan turli tazyiqlar bilan to’qnash kelgan.

Rossiyadagi mehnat muhojirlariga huquqiy ko’mak ko’rsatib kelayotgan faollardan biri Botirjon Shermuhammad Valentina Chupikni o’z kasbining haqiqiy fidoyisi sifatida ta’riflaydi.

“Valentina Chupikni 2010-yillardan buyon taniyman. Shuni aniq aytishim mumkinki, mehnat muhojirlari huquqini himoyalash masalasida Rossiyadagi hech bir tashkilot Chupik faoliyatiga tenglashmaydi. U yetakchiligidagi tashkilot har yili bir necha o’ng minglab muhojirlarga yordam ko’rsatadi. Shaxsan uning o’zi mehnat muhojirlariga 24 soat davomida yordam ko’rsatishga tayyor edi. Moskvada, uning atrofidagi politsiya, ichki ishlar xodimlari Chupikni mehnat muhojirlari bilan bog’liq tinimsiz murojaatlari tufayli ham yaxshi bilishadi. Chunki u muhojirlarga tamagirlik qilgan, qiynoq ko’rsatgan har bir holat bo’yicha albatta shikoyat bilan tegishli organlarga murojaat qilar edi. Nazarimda, uning ushlanishi, qochqinlik guvohnomasini bekor qilinishi, 2051-yilga qadar Rossiyaga kirishiga taqiq qo’yilishi, istalmagan shaxs sifatida topilishi sababi shunga, muhojirlarga yordam ko’rsatishda yirik hajmdagi ishni bajarib kelayotgani, ichki ishlardagi korrupsiyaviy holatlarni ochiqlab kelgani bilan ham bog’liq”, - deydi Shermuhammad.

Valentina Chupik - O’zbekiston fuqarosi. Mehnat muhojirlari huquqlari bo’yicha mutaxassisni O’zbekistonning Moskvadagi elchixonasida ham yaxshi bilishgan. Elchixona vakillari ayrim holatlarda huquqiy yordamga muhtoj fuqarolarni Valentina Chupikka yo’llab ham turishgan.

Ammo hozircha O’zbekiston tomoni to’rt kundirki, aeroportda ushlab turilgan huquq himoyachisi bilan bog’liq mojaro yuzasidan biror munosabat bildirmagan.