Agar Tolibon Xitoy mulki va ishchilari xavfsizligini ta’minlay olsa, Pekin Afg’onistonga milliardlab dollar sarmoya kiritishni istaydi. Bu haqda Tolibonning Axborot va madaniyat vaziri o’rinbosari Zabihulla Mujohid bayon qildi.
Kobulda “Amerika Ovozi” bilan o’tgan suhbatda Mujohid Tolibonning AQSh va boshqa davlatlar bilan muzokaralari, Afg’onistonning oqsayotgan iqtisodiyoti, xotin-qizlar huquqlari va “Islomiy davlat” uyushtirgan so’nggi hujumlar xususidagi savollarga javob berdi.
Xalqaro hamjamiyat Tolibonni ayollar va ozchilikdagi guruhlar huquqlarini hurmat qilish va’dasini bajarmagani, boshqa etnik guruhlar vakillarini yetarli darajada hukumatga kiritmagani uchun tanqid ostida.
Guruh 6-11 sinfdagi qizlarga maktabga borishni taqiqlagan, o’g’il bolalar esa o’qishini davom ettirmoqda.
Buni ham ko'ring Tolibon muvaqqat hukumat tarkibini e'lon qildiTolibon tuzgan hukumat faqat erkaklardan va asosan pushtunlardan iborat.
Toliblar avvalgi hukumat vakillari, jumladan xavfsizlik kuchlari va razvedka xodimlari afv etilganini aytadi. Ammo Xalqaro Amnistiya huquq tashkilotiga ko’ra, harakat a’zolari 13 etnik hazorani, jumladan 17 yoshli qizni, noqonuniy ravishda o’ldirgan. O’ldirilganlarning aksariyati Tolibonga taslim bo’lgan xavfsizlik kuchlari xodimlari edi, deyiladi tashkilot hisobotida.
Quyida Zabihulla Mujohid bilan intervyu matni aniq va lo’nda bo’lishi uchun tahrir qilingan holda taqdim etilmoqda.
Amerika Ovozi: “Islomiy davlat” yaqinda Kobulda ikki yirik hujum, boshqa viloyatlarda ham kichik xurularni amalga oshirdi. Ular buni qanday uddalayapti, nima deb o’ylaysiz?”
Zabihulla Mujohid: “Daish biz uchun katta muammo emas. Afg’onistonda bu guruh a’zolari oz va yashirinib yurishga majbur. Shunday bo’lsa-da, ular ba’zida Kobuldagi kabi hujumlarni amalga oshirishni uddalayapti. Lekin islom amirligi ularning ketiga tushgan, kuchlarimiz bu guruhning ildizlarini topishga harakat qilayapti. Oxirgi 1,5 hafta mobaynida “Islomiy davlat” a’zolarining bir nechasini qo’lga oldik, yashiringan uylarining bir qanchasini yo’q qildik, hujumlarini bartaraf etdik. Daish jonlanganiga sabab shuki, Tolibon ko’pgina qamoqxonalarni ochib tashlaganida bu guruh a’zolari ham qochib ketgan. Bu ularga yordam bo’ldi. Lekin biz “Islomiy davlat” guruhini Afg’onistondan yo’q qilamiz”.
Amerika Ovozi: “Qunduzda o’zini portlatgan odam uyg’ur edi. Xitoy sizga xavotirini bildirdimi? Hujumdan keyin Xitoy nima dedi sizlarga?”
Zabihulla Mujohid: “Biz bu masalada hech bir mamlakat bilan gaplashmadik. Daish jangchilarining barchasi afg’onlar. Orasida chet elliklar yo’q”.
Buni ham ko'ring Afg'oniston iqtisodiy inqiroz yoqasidaAmerika Ovozi: “Endi iqtisodiyotga o’tsak… Afg’oniston hozir qiyin ahvolda. Iqtisodiyotni tiklash rejangiz nimadan iborat?”
Zabihulla Mujohid: “Iqtisod normal holatga qaytmoqda. Milliy resurslarni to’pladik va to’plashda davom etyapmiz. Savdogarlarimiz sarmoya qilishga tayyor. Yirik loyihalar, jumladan yo’llar qurilishi davom etyapti. Ba’zi davlatlar bilan foydali qazilmalarni qidirish bo’yicha bitimlar imzolashga yaqinmiz”.
Amerika Ovozi: “AQSh bilan muzokaradan nima kutayapsiz? Agar muzlatilgan pullaringizni qaytarsa, buning evaziga nima taklif etasiz?”
Zabihulla Mujohid: “Afg’oniston aktivlarini muzlatish – bu afg’on xalqiga nisbatan adolatsizlik. Amerikaliklar bilan muzokara olib borayapmiz. Boshqa davlatlar va xalqaro banklar bilan ham gaplashyapmiz, chunki bu pullar afg’on xalqiga tegishli, shu xalqning noni. Bu moliyaviy resurslar ular yuzlashayotgan muammolarni hal qilish uchun kerak”.
Amerika Ovozi: “AQSh ochiqchasiga so’ragan narsalardan biri bu - qizlar uchun o’rta maktablarni ochish. Tolibon ham ayollar ta’lim oladi, deb va’da bergan. Maktablarda shundoq ham o’g’il va qiz bolalar bir-biridan ajratilgan. Nimani kutayapsiz, nega maktablarni ochmayapsiz?”
Zabihulla Mujohid: “Hozircha Amerika hech qanday aniq talab qo’ygani yo’q. Ayollar huquqi va inson huquqlari to’g’risida xavotir bildirishgan xolos. Ishontirib aytamizki, biz bu huquqlarni hurmat qilamiz, biroq islom qoidalari va qonunlari asosida. Bu boradagi siyosatni ko’rib chiqayapmiz. Qizlar maktabga bormasin, demayapmiz. Maslahat qilib reja tuzayapmiz va masalani tez orada hal qilamiz degan umiddaman”.
Amerika Ovozi: “Menga qizlar ta’limi bo’yicha bu rejani tushuntirib bera olasizmi? Hozirgisidan nimasi bilan farq qiladi?”
Zabihulla Mujohid: “Faqat protsessual o’zgarish bo’ladi. Ayollarning maktabga va ishga qatnayotganida xavfsizligini ta’minlash, jismonan xavfsiz bo’lishi va ruhan qoniqishi uchun maktablarda mas’uliyatli muhitni yaratish bo’yicha reja ishlab chiqilmoqda”.
Buni ham ko'ring Afg'on ayollari ta'lim imkoniyatlari tiklanishini talab qilmoqdaAmerika Ovozi: “Tolibon ayollarga islom qoidalari doirasida ishlashga ruxsat berishini aytgan. Ammo sizning ta’rifingiz bo’yicha islomiy degani nima? Bu borada chalkashliklar ko’p. Masalan, bu yerda o’tirib sizdan intervyu olayotganim islomga to’g’ri keladimi?”
Zabihulla Mujohid: “Ayollar uchun qoidalarni, ular ishlash va o’qishni qanday davom ettirishlarini islom ulamolari belgilaydi. Ulamolar yig’ilib, bu masala bo’yicha maslahat qilishini kutyapmiz. O’z qarorini ular hukumatga ma’lum qiladi”.
Amerika Ovozi: “Ko’pgina ziyoli afg’onlar mamlakatni tark etdi. Ba’zilar fikricha, Afg’onistonni boshqarish uchun malakali kadrlar yetarli emas. Qanday uddalaysiz bu ishni?”
Zabihulla Mujohid: “Biz malakali xodimlarni maxsus bilim va tajriba kerak bo’lgan boshqarmalarga joylashtirishga harakat qilayapmiz. Masalan, sog’liqni saqlash sohasida shifokor odam vazir bo’lsin. Savdo sohasida tijorachi vazir bo’lishini xohlaymiz. Bank-moliya sektorida bankir. Boshqa sohalarga ham xuddi shu tarzda e’tibor qaratamiz. Boshqarmalarda ishlayotganlarning aksariyati ilgari ham shu ishda ishlagan”.
Amerika Ovozi: “Xitoy Afg’onistonga sarmoya olib kirishiga qiziqish bildirgansiz. Tolibon Xitoydan nima xohlaydi?”
Zabihulla Mujohid: “Xitoy – kuchli iqtisodiyotga ega qo’shni davlat. Ular bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga harakat qilayapmiz. Ammo Xitoy bilan savdo-sarmoya bo’lishini xohlasak-da, ichki ishlarimizga aralashuvga yo’l qo’ymaymiz”.
Amerika Ovozi: “Xitoy diplomatlari bilan muloqot qilganingizda, ular Afg’onistonda qanday ishlarni amalga oshirishni xohlaydi? Ular sizdan nima xohlaydi?”
Buni ham ko'ring Xitoy Afg'onistonning tabiiy boyliklariga ko'z tikdimi?Zabihulla Mujohid: “Ular ishchilari, sarmoyachilari xavfsizligi ta’minlanishini xohlaydi. Afg’onistondagi ayrim sektorlarga sarmoya kiritish istagi bor va bunday hamkorlik tafsilotlari bo’yicha muzokara o’tkazishmoqchi. Masalan, loyihalardan biri bu – Mes Aynak mis koni. Ular bu sohaga milliardlab dollar sarmoya yotqizmoqchi. Afg’onistonga ham kerak bu. Xitoy sarmoyasi va aktivlari xavfsizligini ta’minlashni va’da qildik”.
Amerika Ovozi: “Nega rahbaringiz Shayx Haybatulla haligacha omma oldida ko’rinmadi? Bu uning o’lgani haqida mish-mishlarga sabab bo’lishi mumkin. Ayniqsa Mulla Umarning o’limini 2-3 yil sir tutganingiz hisobga olinsa”.
Zabihulla Mujohid: “Ko’rinish beradi. Hukumatimizni endigina tuzdik. Xavfsizlik nuqtai nazaridan tan soqchilari muayyan cheklovlar qo’ygan. Lekin Haybatulla tirik, faol, izdoshlariga ko’rsatmalar bermoqda. Yaqin kunlarda omma oldiga chiqadi”.
Amerika Ovozi: “Tolibon inklyuziv hukumat tuzishga va’da bergan edi. Xalqaro hamjamiyat hukumatingiz inklyuziv emasligini aytmoqda. Inklyuziv deganda nimani nazarda tutgansiz, va’da qachon bajariladi?”
Zabihulla Mujohid: “Hukumatda barcha etnik guruhlardan afg’onlar ishtirok etishi kerak. Bu borada taklifimiz bor. Mahkamamiz turli millat vakillaridan tashkil topgan. Ular mamlakatni boshqarishda ishtirok etyapti. Hukumat hanuz shakllanish bosqichida. Bu masalalar hammasi hal bo’ladi”.
Amerika Ovozi: Zabihulla Mujohid, “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashganingiz uchun rahmat.