O’zbekistonda kutilmaganda ijtimoiy tarmoqlarni cheklash haqida qarorga kelinishi jamoatchilikni junbushga keltirgan voqelikka aylandi.
Norozilik, g’azab, munozaralar to’lqini ortidan tarmoqlar faoliyati qisman qayta tiklandi. Shu orada davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev mamlakatda ijtimoiy tarmoqlar cheklanganidan xabarsizligi yuzaga chiqdi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov “Hukumat ko‘rsatmasiga asosan “O‘zkomnazorat” tomonidan bir yoqlama, uzoqni o‘ylamay qilgan harakati haqida Prezident xabar topdilar. O'ylaymanki, tez orada barcha tarmoqlarga ulanish tiklanadi”, - deb bayonot berdi.
Prezident matbuot kotibining bu izohi ortidan ijtimoiy tarmoqlarga ulanish qisman qayta tiklandi. “O’zkomnazorat” mulozimi G’olibsher Ziyoyev ishdan olindi. Holat yuzasidan surishtiruv o’tkazilmoqda.
Ammo bu qaror jamoatchilikdagi norozilikni tinchlantirgani yo’q. Ko'pchilik ijtimoiy tarmoqlarni cheklash qarori hukumat rahbariyati tomonidan berilganiga, Ziyoyev shunchaki ijrochi ekaniga shubha qilmaydi.
Jamoatchilikda ijtimoiy tarmoqlarni cheklash qarori ortida bevosita Bosh vazir Abdulla Aripov turgani, aynan bosh vazir iste’foga chiqarilishi lozimligi haqida munozara ketmoqda.
Jurnalist, huquq himoyachisi Nosir Zokirning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, buyruqni bajargan mulozim emas, buyruq bergan mulozimning o’zi ishdan ketishi kerak.
“Keyingi paytlarda g’alati hodisalar kuzatilayotgan edi. Masalan, prezident bir gapni aytadi, u yerda bosh vazir ham, boshqa mulozimlar ham o’tirishadi, lekin amalga kelganda mutlaqo teskarisi bo’ladi. Men buni hech tushuna olmas edim. Mana kechagi hodisa buni ko’rsatdi. Ijtimoiy tarmoqlarni bloklash bo’yicha bosh vazirning o’zi shaxsan buyruq bergan ekan. Bu hozirgi siyosatga mutlaqo qarshi. O’zi qilib qo’ydi, endi bundan prezident xabar topganidan keyin, uning buyrug’ini ijro qilgan mulozimni ishdan haydadi. Lekin aslida buyruq bergan odamning o’zi ishdan ketishi kerak edi. Nazarimda, bu birinchisi emas. Nega prezident uy buzmanglar deydi? Lekin bu yoqdan buzilaveradi?! Sababi, Vazirlar Mahkamasidan boshqacha buyruq chiqadi. Islohot dushmanlariga bu ma’qul. Mana bosh vazir boshqacha buyruq berdi deyishadi. Shuning uchun ham bosh vazir iste’fo berishi kerak”, - deydi Nosir Zokir.
Avvalroq Qonunchilik palatasida “Shaxsga doir ma’lumotlar to’g’risidagi” qonun qabul qilingan. Keyinchalik bu qonun Senat tomonidan tasdiqlangan, prezident tomonidan imzolangan.
Ijtimoiy tarmoq egalariga O’zbekiston fuqarolariga doir shaxsiy ma’lumotlarni mamlakat hududida saqlash majburiyatini yuklagan bu qonun imzolanishi ortidan uning ijrosi faqat vaqt talab etayotgan edi.
Vazirlar Mahkamasi qonunlar ijrosini ta’minlovchi asosiy organ ekanligi inobatga olinsa, jamoatchilikni larzaga solgan bu muammodan deputatlar, senatorlar, qonunni imzolagan prezident Mirziyoyevning o’zi ham chetda emas.
Ijtimoiy tarmoqlarni cheklash bilan bog’liq mojaro O’zbekistondagi islohotlar taqdiri, mamlakat rahbariyati qanday yo’nalishda rivojlanishiga doir savollarni ham o’rtaga chiqarmoqda.
“Agar biz haqiqatda demokratik jamiyat qurish niyatida bo’lsak, islohotga, so’z erkinligiga qarshilik qilganlarning uzrlarini qabul qilavermasdan ishdan haydash kerak. Prezidentning o’zi ham “basharasini ko’rsatinglar” deb bir aytgan edi. Xalqqa basharasini ko’rsatib, keyin bularni ishdan olish kerak. Agar demokratiya yo’lidan ketadigan bo’lsak, demak kim islohotga qarshilik qilsa, ishdan bo’shatilishi kerak. Bundan tashqari, avval ham talab qilganmiz, Karimov davriga ham siyosiy baho berilishi kerak”, - deydi Nosir Zokir.
O’zbekistonda prezidenti saylovlari g’olibi Shavkat Mirziyoyev ikkinchi muddatga qasamyod qabul qilishi ortidan yangi hukumat shakllantirishi kerak. Hozircha hukumat rahbarligiga yana qayta Abdulla Aripovning ko’rsatilishi ehtimoli kuchli.