So’nggi so’rovlarga qaraganda, AQSh kasalxonalarida hamshiralarning 31 foizi ish joyida bemorlar tomonidan haqorat va dashnomlarga, hatto zo’ravonlikka duch keladi. Pandemiya davrida sog’liqni saqlash sohasida bu muammo ko’lami yanada ortgan.
“Bemorlar tomonidan ikki marta jismoniy tajovuzga uchraganman. Lekin har navbatchiligimda kamida bir bemor qarg’aydi, so’kadi. Mendan shikoyat qiladi”, - deydi Missuri universitetiga qarashli kasalxona tibbiyot xodimi Benjamin Kou.
Kouning aytishicha, COVID-19 bo’yicha talablar ko’pchilikka yoqmaydi. Natijada, ziddiyatlar kelib chiqmoqda.
Vaksina va davolanish shunchalik siyosiylashtirilganki, muammolarga endi siyosat sabab bo’layapti”, - deydi Kou.
Hamshiralar uyushmasi sentabrda o’tkazgan so’rovga ko’ra, hamshiralarning 31 foizi ish joyida zo’ravonlikka uchragan. Mart oyida bu raqam 22 foiz edi.
Uyushma a’zosi Mavata Kamaraga ko’ra, muammo qisman hamshiralar yetishmasligi bilan bog’liq.
“Ko’p odamlar tez yordam xonasida soatlab navbat kutib o’tirishidan asabiylashadi. Afsuski, haqiqat shuku, xuddi shunday ahvoldagi boshqa bemorlar ham bor, hammaga birday vaqt, e’tibor qaratishim kerak”, - deydi hamshira.
Tajovuzga duch kelsa, hamshiralar boshlig’i yoki politsiyaga arz qilishi mumkin. Doim ham shikoyat qilishmaydi.
“Hamshiralar shikoyat qilishdan qo’rqadi, o’ch olishlaridan, qora ro’yxatga tushishdan xavfsiraydi. Yoki kasalxona shikoyat qilmaslikni aytadi, bemorlarning kasalxonadan qoniqish reytinglari deb”, - deydi Hamshiralar tajovuzga qarshi tashkiloti a’zosi Sandra Rizoldi.
Bu javobgarlik tizimi buzildi demakdir. Shikoyat qilmaslik tajovuzkorlarni jazosiz qolishiga olib keladi, deydi Tez yordam hamshiralari uyushmasi vakili Richard Murou.
“Jinoiy javobgarlik belgilagan 31 ta shtat bor. Agar tez yordam hamshirasiga qo’l ko’tarsangiz, jinoiy javobgalikka tortilsangiz, bir yoki undan ko’proq yilga ozodlikdan mahrum etilasiz”, - deydi Murou.
AQSh Senatida taklif qilingan qonun ish beruvchilardan hamshiralar va boshqalarni zo'ravonlik haqida xabar bergani uchun tazyiqdan himoya qilishni talab qiladi.
Merilend Kasalxonalar Asssotsiatsiyasi 53 ta kasalxona va yettita sog’liqni saqlash idorasini o’z ichiga oladi. Ish joyidagi zo’ravonlikning oldini olish uchun bir qator choralar ko’rganini bildiradi.
“Ko’proq kameralar, qo’riqchilar”, - deydi tashkilot rahbari Bob Atlas.
AQShda ro’yxatdan o’tgan to’rt milliondan ortiq hamshira bor. Pandemiyaday mushkul davrda qiyinchiliklarning kattasini aynan ular o’z gardaniga oldi. O’z navbatida ular ham bemorlardan ana shu fidoyilikni qadrlashlarini so’raydi.