Yil sarhisobi: Bayden immigratsiya bo'yicha nimalarni amalga oshirdi?

  • Amerika Ovozi

Meksikadan AQSh chegarasi sari oqib kelayotgan muhojirlar, 2021-yil, 27-oktabr

O’tgan yili Jo Bayden saylov kampaniyasi paytida Tramp ma'muriyatining immigratsiya siyosatini tanqid qilib, boshpana izlovchilar va qochqinlarni himoya qilishga qaratilgan keng qamrovli islohotlarni amalga oshirishga va'da bergan edi. Baydenning Oq Uyda o’tgan birinchi yili sarhisob qilinganda uning immigratsiya bo'yicha amalga oshirgan ishlarida avvalgi ma’muriyatdan jiddiy farqli biror o’zgarish yo’qligi ko’zga tashlanadi.

Prezident Bayden, avvalo, lavozimiga kirishishi bilan AQSh-Meksika chegarasi bo'ylab devor qurilishini to'xtatishni buyurdi.

Ammo Tramp davridagi immigratsiya siyosatining aksariyati hanuz saqlanib qolmoqda. Bayden ma'muriyati pandemiya bilan bog'liq, migrantlarni chegara tashqarisida saqlashga doir 42-raqamli tartibni saqlab qoldi. Amerika o'zining quruqlik chegaralarini Meksika va Kanadaga ochgan bo'lsa ham, sog'liqni saqlash chorasi sifatida migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborish amaliyoti davom etmoqda. Federal sud esa siyosiy boshpana so’raganlarni chegaraning Meksika tomonida ushlab turish haqidagi Tramp farmonini o’z kuchida qoldirish haqida qaror chiqardi.

Immigrantlar himoyachilarining aytishicha, Bayden Amerikaning immigratsiya tizimiga bir oz insoniylik fazilatlarini qo'shgan, ammo amalda ko’p narsa o’zgargani yo’q.

"Biz ushbu ma'muriyatdan 42-raqamli tartibni bekor qilishni, hibsdagi bolalar va oilalarni ozod qilishni hamda nafaqat so’zda, balki amalda chegarada boshpana berish jarayonini qayta tiklash uchun faolroq strategiyaga ega bo'lishni so'radik, - deydi Texasning El-Paso shahridagi Inson huquqlari boʻyicha chegara tarmogʻi direktori Fernando Garsiya - Ammo amalda chegarada Trampdan qolgan meros davom etayotganini koʻrishimiz mumkin".

AQSh-Meksika chegarasi va boshpana izlovchilar

Chegaradagi devor qurilishini to’xtatishdan tashqari Bayden yanvar oyida inauguratsiya ortidan siyosiy boshpana izlovchilarni chegaradan tashqarida saqlab turish haqidagi Tramp tartibini bekor qilish haqida ham farmon chiqargan edi.

Buni ham ko'ring AQSh-Meksika chegarasida muhojirlar oqimi biroz kamaygan

AQShning Meksika bilan chegaradosh Texas shtati bu tartibni o'z kuchida qoldirish uchun Bayden ma'muriyatini sudga berdi. Avgust oyida federal sudya Bayden ma'muriyati siyosatni noto'g'ri tugatgan deb qaror qildi va uni qayta tiklashni buyurdi.

"Men janubiy chegaramizni himoya qilish uchun kurashdim va g'alaba qozondim, - dedi Texas Bosh prokurori Ken Pakston o'sha paytda chiqargan bayonotida. - Men Texas aholisining xavfsizligini ehtiyotsiz prezidentning ixtiyoriga topshirib qo’yishga yo'l qo'ymayman."

Bu qaror ustidan qayta shikoyat qilar ekan, Bayden ma'muriyati Meksika qaytgan muhojirlarni qabul qilishga rozi bo'lganidan keyin 6-dekabr kuni tartibni qayta tiklashga majbur bo’ldi.

2020-yilning 20-martidan beri Qo‘shma Shtatlardan boshpana so‘ramoqchi bo‘lgan yuz minglab muhojirlar o‘z vatanlariga chiqarib yuborildi. Trump ma'muriyati tomonidan umumiy siyosat sifatida amalga oshirilgan bu chora Bayden davrida hamrohsiz yosh bolalar va yosh bolali oilalar uchun bekor qilindi.

Qochqinlar

Trampning to‘rt yillik boshqaruvi davomida AQSh qochqinlarni qabul qilishning yillik chegarasini 85 mingdan 15 mingga tushirdi.

Bayden ham dastlab qochqinlar chegarasini 15 000 darajasida ushlab turdi. Bu AQSh zamonaviy tarixidagi eng past ko'rsatkich bo'lib, Kongressdagi demokratlar noroziligiga sabab bo'ldi. May oyida ma'muriyat cheklovni 62500 ga ko'tardi. Shunga qaramay, 30-sentabrda yakunlangan 2021-moliya yili uchun AQSh bor-yo’g’i 11 411 nafar qochoqni qabul qilgan, xolos.

Bayden ma’muriyati 2022-yilgi qochqinlar kvotasi 125 000 ga oshirilishini e’lon qildi. Ammo amalda qabul qilinayotganlar soni bundan ancha kamligicha qolishi kutilmoqda. Bunga pandemiya bilan bog’liq vaziyat hamda hujjatlarni ko’rib chiqish uzoq vaqt olishi sabab qilib ko’rsatilmoqda.

Ma’muriyat oldidagi muhim vazifalar

AQSh-Meksika chegarasiga rekord darajada migrantlarning yig’ilgani birinchi yilida Baydenning eng ko'p e'tiborini tortgan masala bo'lsa-da, tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, federal chegara nazorati bo’yicha biror jiddiy o’zgarish yuz bergani yo’q.

Meksikadan AQShga o'tishga urinayotgan muhojirlar

Migratsiya siyosati instituti tahlilchisi Jessika Bolterning aytishicha, AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) milliy xavfsizlik yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan hujjatsiz immigrantlarnigina hibsga olishga e’tibor qarata boshlagan. Tramp maʼmuriyati davrida AQShda ruxsatsiz yashovchi har qanday immigrant hibsga olinishi va deportatsiya qilinishi mumkin edi.

"Bular AQShdagi immigrant aholining kundalik hayotiga ta'sir qiladigan o'zgarishlar”, - dedi Bolter.

Bayden ma'muriyati, shuningdek, sud binolarida hibsga olish va homilador ayollarni hibsga olish amaliyotiga chek qo’ydi.

"Ehtimol, ular huquqni muhofaza qilish sohasida qo'ygan eng muhim qadamlardan biri bu ish joylarida [noqonuniy muhojirlarni topishga qaratilgan] ommaviy operatsiyalarni tugatganidir", - deya qo'shimcha qildi Bolter.

Qonuniy immigratsiya

Bir yildan ortiq yopiq qolishi ortidan AQShning dunyo bo'ylab elchixonalari va konsulliklari immigratsion va noimmigratsion vizalarni yana bera boshladi. Shunga qaramay, davom etayotgan COVID-19 pandemiyasi tufayli bunday xizmatlar cheklanganligicha qolmoqda.

Noyabr oyida Davlat departamenti 460 000 dan ortiq odam viza uchun intervyu kutayotganini e'lon qildi va bu AQShda qonuniy rezidentlik va boshqa toifalar uchun ariza topshirganlar sonini o’z ichiga olmaydi.

AQSh Fuqarolik va Immigratsiya xizmati Bayden davrida ba’zi o'zgarishlarni amalga oshirdi.

Agentlik o'z nashrlaridan ba'zilar tomonidan haqoratomuz sifatida ko'riladigan "kelgindi" (alien) so'zini "fuqaroligi bo'lmagan" yoki "hujjatsiz fuqaroligi bo'lmagan" so'zlari bilan almashtirdi va immigratsiya shakllarini "aniqroq, o'z vaqtida va tushunarliroq" qilishga va'da berdi.

Immigratsiya qonunchiligi to'xtab qoldi

Prezident Bayden Oq uyga kirgan birinchi kunidayoq immigratsiya islohoti to'g'risidagi keng qamrovli AQSh fuqaroligi to'g'risidagi qonunni e'lon qilgan edi. U taxminan 11 million hujjatsiz immigrantga sakkiz yilda fuqarolik olish sari yo’l ochadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Bayden janubiy chegarada qanday o'zgarish qildi?

Ammo qonun loyihasi haligacha Vakillar palatasi yoki Senat tomonidan ovozga qo'yilmagan.

Senatdagi demokratlar bir necha bor immigratsiya islohoti elementlarini ijtimoiy xavfsizlik xarajatlari to'g'risidagi yirik qonun loyihasiga qo'shishga harakat qildi, ammo respublikachilar qarshiligi tufayli bu choralar ovozdan o’tmadi.

Immigratsiya islohotiga oid qonun 100 a'zolik Senatdan o’tishi uchun senatorlarning beshdan uch qismi uni qo'llab-quvvatlashi kerak bo'ladi. Demokralar soni 50 ta ekani hisobga olinsa, buning amalga oshishi deyarli imkonsiz.

"Umidimiz, talabimiz va kutganimiz shu ediki, bu yangi ma'muriyat immigratsiyaga nisbatan insonparvarroq yondoshib, yangi havo olib kirishi kerak edi va biz bunga ishongan edik", - deydi Garsiya.

Bir tomondan immigratsiya tarafdorlari Bayden ma'muriyati Tramp siyosatidan voz kechish masalasida ko'proq ish qilmaganidan hafsalasi pir bo'lgan bo'lsa, boshqa tomondan respublikachilar prezidentni chegarada yanada ko’proq muhojirlar to’planishiga sababchi deb ayblamoqda. Amaldagi ma’muriyat tanqidchilariga ko’ra, Baydenning muhojirlarga nisbatan iliq bayonotlari AQSh endi chegaralarni ochadi, degan yanglish qarash shakllanishiga va natijada chegara sari yanada ko’proq odamlar kelishiga sabab bo’lgan.