Blinken Kiyevda Rossiyani yana bir bor ogohlantirdi

  • Amerika Ovozi

Rossiya Ukrainaga qarshi harbiy agressiyani davom ettirsa, Qo’shma Shtatlar va uning ittifoqchilari “kuchli va qat’iy” choralar ko’rishga tayyor, ammo Vashington Moskva diplomatik yo’lni tanlaydi deya umid qilmoqda.

AQSh Davlat davlat kotibi Entoni Blinken bu haqda “Amerika Ovozi” bilan Kiyevda o’tgan suhbatda bayon qildi.

“Rossiya ikki yo’ldan birini tanlashi kerak. Bir tomonda, dialog va diplomatiya. Ikkinchi tomonda, qarama-qarshilik va uning oqibatlari”, - deydi Blinken.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, ingliz tilida:

AQSh bosh diplomati bugun Kiyevda rasmiylar bilan uchrashdi.

“Rossiya o’z tahdidlarini kuchaytirib, Ukraina bilan chegarada qariyb 100 ming qo’shin to’plagan. Qisqa vaqt ichida ular sonini ikki karra oshirishi ham mumkin”, - dedi Blinken Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan uchrashuv ketidan o’tgan matbuot anjumanida.

Bugun Bayden ma’muriyati Kiyevga 200 million dollarlik harbiy yordam ajratilishini ma’lum qildi.

Blinkenning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Rossiya agressiyani davom ettirgan taqdirda nafaqat sanksiyalar bilan yuzlashadi.

“Yevropadagi ittifoqchilarimiz bilan moliyaviy, iqtisodiy va eksport bilan bog’liq sanksiyalarni muhokama qilayapmiz. Tafsilotlariga to’xtalmayman. Ikkinchidan, Ukrainaga harbiy yordamni oshiramiz. Uchinchidan, NATO o’zining mudofaa tizimlarini kuchaytirishi ham deyarli aniq”, - dedi diplomat.

Rossiyani SWIFT xalqaro moliya tizimidan uzib qo'yish hamda shaxsan Vladimir Putin va uning oilasiga nisbatan sanksiyalar joriy etish ham muhokama qilinyaptimi, degan savolga Blinken shunday javob berdi:

"Buni aytayotgan faqat men emas. "Katta Yettilik" guruhi, dunyoning yetakchi demokratik davlatlari, Yevropa Ittifoqi va NATO birgalashib, Rossiyani jiddiy oqibatlar haqida ogohlantiryapti, agar u Ukrainaga qarshi agressiyaga qo'l ursa. Choralar 2014-yildagidan ham kuchliroq bo'lishini ta'kidlayapmiz. Har biriga to'xtalmayman, ammo bu yo'ldan bormaslik afzalroq. Kelishmovchiliklarni diplomatik yo'l bilan hal qilishni istaymiz".

Prezident Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvda Blinken AQSh Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo’llab-quvvatlashini aytdi.

“Ukraina kelajagi faqat ukrainaliklar qo’lida, boshqa hech kim bunga aralasha olmaydi”, - deydi Blinken.

Kreml AQSh va NATOdan Ukraina hech qachon bu tashkilotga qo’shilmasligini hamda xavfsizlik kafolatlari talab qilib, o’z takliflariga yozma javob kutmoqda. Bu haqda so’ralganda, Blinken “keyingi qadamimiz Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashish”, deya javob berdi. Uchrashuv 21-yanvar kuni Jenevada o’tishi belgilangan.

Entoni Blinken Ukrainadan so’ng Germaniya, Britaniya va Fransiyaga yo’l oladi. Ukraina va xavfsizlik masalalari bo’yicha o’tgan haftadagi AQSh-Rossiya muzokaralari natijasiz yakunlangan.

Entoni Blinken "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Kiyev, 19-yanvar, 2022

Vashingtonning ogohlantirishicha, Rossiya Ukraina sharqiga sabotaj guruhlarini jo’natgan. Ularning vazifasi, deydi rasmiylar, Rossiya askarlari va obyektlariga qarshi soxta hujumlar uyushtirib, Ukrainaga bostirib kirish uchun bahona yaratishdir.