Boltiqbo’yi davlatlari AQSh qurollarini Ukrainaga jo’natmoqda

  • Amerika Ovozi

Ukrainalik askar, Debaltsevo shahri

Qo’shma Shtatlar Boltiqbo’yi davlatlari Estoniya, Latviya va Litvaga AQShda ishlab chiqarilgan tankka qarshi va havo hujumiga qarshi raketalarni Ukrainaga yuborishga ruxsat bergan.

Uch davlat mudofaa vazirlarining qo’shma bayonotiga ko’ra, Estoniya tankka qarshi “Javelin” raketalarini, Latviya va Litva esa “Stinger” havo mudofaa tizimlarini jo’natmoqda.

“NATO bo’yicha ittifoqchilarimiz Estoniya, Latviya va Litvaning Ukrainaga Rossiyaning asossiz va mas’uliyatsiz agressiyasidan o’zini himoya qilish uchun texnika yo’llashini to’liq qo’llab-quvvatlaymiz”, - deya yozdi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken “Twitter” sahifasida.

Ukrainaga jo’natilayotgan o’q-dori, qurol va jihozlar, Dover havo bazasi, Delaver shtati, AQSh.

Oq uyga ko’ra, Prezident Jo Bayden Kemp Deyvid qarorgogida xavfsizlik bo’yicha maslahatchilari bilan uchrashgan. Ukrainaga tajovuz, deydi Bayden, Rossiya uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi.

“CNN” va “Fox News” telekanallari xabariga ko’ra, AQShning Kiyevdagi elchixonasi ba’zi xodimlarini va ularning oilalarini Ukrainadan chiqarish bo’yicha Davlat departamentiga murojaat qilgan.

Biroq departament vakilining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, evakuatsiya bo’yicha ko’rsatma berilgani yo’q.

“Xavfsizik bilan bog’liq vaziyat izdan chiqishi kabi holatlarga jiddiy tayyorgarlik ko’ramiz. Rossiya Ukrainaga qarshi harbiy harakatlar rejalayotgani haqidagi xabarlardan ogoh bo’ling, deb AQSh fuqarolariga tavsiya etilgan”, - deya ma’lum qildi Davlat departameniti, “Amerika Ovozi” savollariga javoban.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning 21-yanvar kuni Jenevadagi uchrashuvi natijasiz yakunlangan. Tomonlar o’z pozitsiyasida qat’iy.

G’arb Rossiyadan o’z qo’shinlari va qurollarini Ukraina chegarasidan uzoqlashtirishni, Kreml esa sharqiy va markaziy Yevropada NATO faoliyatini cheklashni, shuningdek, Ukrainani harbiy alyansga qabul qilmaslikni talab qilmoqda.

Buni ham ko'ring Blinken Rossiya takliflariga yozma javob kelasi hafta berilishini aytdi

“AQSh ittifoqchilari va hamkorlari bilan Rossiya ko’tarayotgan masalalar yechimini muhokama qilishga tayyor, lekin Rossiya ham shu yo’ldan borishi lozim. Shaffoflikni oshirish, xavfni kamaytirish, qurollar nazoratini kuchaytirish va ishonchni tiklash uchun hammamiz, jumladan Rossiya ham, qadamlar tashlashimiz mumkin”, - deydi Blinken.

Britaniya

Britaniya kuni kecha Rossiyani Ukraina hukumatini ag’darishga, Moskvaga xayrixoh yangi hukumat o’rnatishga urinayotganlikda ayblab chiqdi.

Yangi hukumatni boshqarish uchun, Britaniya razvedkasiga ko’ra, jumladan, “Nashi” partiyasi rahbari Yevgeniy Murayev va boshqa ukrainalik siyosatchilar nomzodi ko’rib chiqilmoqda.

Murayevning partiyasi Ukraina parlamentida o’ringa ega emas, 2019-yilgi saylovlarda kamida 5 foiz ovoz to’play olmagan.

Bunga javoban Moskva Britaniyani dezinformatsiya va safsata tarqatayotganlikda aybladi. Xabarlarga ko’ra, Rossiya va Britaniya mudofaa vazirlari yaqin orada Moksvada uchrashishi kutilmoqda.