Tramp Kongressga hujum qilgan tarafdorlari bilan hamon hamnafas

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp Texas shtatida taraforlari bilan uchrashuvda, 29-yanvar, 2022

Prezidentlikdan ketganidan bir yil o'tib ham Donald Tramp Oq uyga qayta saylana olmaganini fakt sifatida qabul qilmaydi. Tramp jamoat e'tiboridan tushmaslik uchun tez-tez tadbirlar o'tkazib turadi. 2021-yilning 6-yanvarida uning tarafdorlarining Kongressga qigan hujumi bilan bog'liq tergov ishlari davom etar ekan, Tramp ham bu tekshiruvlar doirasida.

2024-yilgi saylovda nomzodini qo'yishni istashini sobiq prezident bir necha bor qayd etgan. Ikkisi ham 80 yoshga yaqinlashayotganiga qaramay Bayden va Tramp Oq uy uchun yana bir bor bellashishi mumkin, deydi siyosiy tahlilchilar.

Tramp fikricha Bayden prezidentlikni mutlaqo eplay olmayapti. Bayden esa Trampni Amerika demokratik tizimini ishdan chiqarishga uringanlikda, xalqni va davlatni egri yo'llarga yetaklaganlikda ayblaydi.

Ammo hozirgi e'tibor 2024-yilgi saylov yoki bu yilning noyabrida o'tadigan Kongress saylovlarida emas. Huquq tartibot organlarining diqqati Tramp prezidentligi qanday yakun topganida, xususan 2021-yilning ilk kunlarida.

Jorjiya shtatida 2020-yilgi prezident saylovi uchun Bred Raffensperger mas'ul bo'lgan

Jorjiya shtatida hozirda maxsus tergov boshlangan. Unda o'tgan yilning boshida Tramp bu shtatning saylov bo'yicha bosh rasmiysi Bred Raffenspergerga telefon qilib, uni saylanganini ta'minlash uchun yetarlicha ovoz topishni talab qilgani tekshirilmoqda. Bu paytgacha Tramp shtatda yutqazgani e'lon qilingan bo'lgan, ammo tergovchilarga ko'ra, Oq uydan Raffenspergerga qo'ng'iroq va bosimlar tinmagan. Buni aks ettiru audio yozuvlar bor.

“Qara, sendan so'rayotganim shuki”, - degan Tramp Raffensperger bilan gaplashar ekan, “11 ming 780 ovoz kerak. Bu bilan bizning yutganimiz isbotlanadi".

Shuningdek, Tramp o'sha paytda Mudofaa va Ichki xavfsizlik vazirliklariga qator shtatlarda ovoz berish texnologiyasini musodara qilishni ham buyurmoqchi bo'lgan. Buyruqlar yozilgan, lekin berilmagan.

Tramp yutqazgan shtatlarda natijani tan olmay, sudga arz qilgan, lekin hukmlarga ko'ra, Baydenning g'alabasi asosli va haqiqat. O'sha paytdagi Adliya vaziri Uillyam Barr ham prezident saylovi adolatli va tekis o'tgan, deya xulosa qilgan. Vazirlik tekshiruvlari buni isbotlaydi, degan Barr.

Sobiq vitse-prezident Mayk Pens

6-yanvar kuni Kongress saylov natijasini tasdiqlashi kutilayotgan paytda Tramp u yerga g'azabga to'la tarafdorlarini yuborgan. Oq uydagi muddati bitayotgan prezident ommani Baydenga yo'l ochilmasligini ta'minlash uchun "jon-jahdingiz bilan kurashing", deya undagan.

Yuzlab tarafdorlar qonunchilik organiga bostirib kirib, Kapitoliyni vayron qilgan. 140 kishi jarohatlangan, besh kishi halok bo'lgan.

768 fuqaro bu jinoyatlarda ayblangan. 178 nafari aybga iqror bo'lgan. Ko'plari bir necha haftalik qamoq jazosiga hukm qilingan. Eng qattiq jazo belgilanganlar to'rt yarim yilgacha qamalgan. Qolgan ishlar hali yakun topmagan.

Kapitoliy, Vashington, 6-yanvar, 2021

Vakillar palatasida to'qqiz a'zolik hay'at bu voqealarni hamon terkshirmoqda. Shu kungacha 300 dan oshiq guvohni tinglagan, xususan Oq uy sobiq xodimlarini. Hay'at xulosalari shu yil o'rtalarida e'lon qilinishi kutilmoqda.

Tramp nazarida bu tekshiruvlar safsatabozlik va aslida 2020-yilgi prezident saylovlari qanday o'tgani qayta ko'rib chiqilishi kerak.

Yaqinda Texas shtatida tarafdorlari oldida gapirar ekan, Tramp deydiki, agar Oq uyga qaytsa, hozirda tergov ostidagi fuqarolarini kechiradi. Sobiq prezidentga ko'ra, uning tarafdorlari adolatsizlik qurbonidir.

Qator respublikachilar uning bu gaplarini la'natlab, Trampni Amerika bo'ylab nafrat urug'ini sochayotganlikda, beqarorlikka turtki berishga urinayotganlikda ayblaydi.

Kongress a'zosi Liz Cheyni, Vayoming shtatidan saylangan respublikachi, Trampning ashaddiy tanqidchilaridan biri

“Tramp 6-yanvarda zo'ravonlikka yetaklagan so'zlarini takrorlamoqda. O'sha kuni jinoyatlar sodir etganlikda ayblangan odamlarni afv etar emish. Ularning ayrimlari tuzumni to'ntarishga uringanlikda ayblangan. Tramp prokurorlarga tahdid qilmoqda. U saylov natijasini o'zgartirishga harakat qilganini ochiq tan olmoqda. Tramp, imkoniyat berilsa, bu ishlarni yana qiladi", - deydi Liz Cheyni, Vakillar palatasining respublikachi a'zosi.

Respublikachi senator Lindzi Grem ham Trampning Texasdagi gaplarini nomaqbul deb baholab, zo'ravonlik orqali siyosiy o'zgarishlar qilishni xohlaydigan guruhlar borligini ta'kidlagan. Grem fikricha, Trampning bunday chaqiriqlari nihoyatda xavotirli.

Oq uy ham Tramp o'z tarafdorlariga berayotgan va'dalarni qoralab, sobiq prezidentni fuqarolarni jinoyat qilishga undayotganlikda tanqid qilgan.

Sobiq vitse-prezident Mayk Pens, Tramp bilan yonma-yon xizmat qilgan respublikachi uning tarafida emas. Bayden ma'muriyatiga ko'ra, mana shu faktning o'zi ham Tramp tutgan yo'l naqadar asossiz va adolatsiz ekanini ko'rsatadi.