Oliy Majlis a'zolari nazarida internet milliy qadriyatlarni buzmoqda, axloqsizlik o’chog’iga aylanmoqda. Senatning 4-fevral kuni o’tgan yalpi majlisida shunday xulosa e'lon qilinib, hukumatga parlament so’rovi jo’natishga kelishilgan.
“Internet tarmog‘i orqali tarqatilayotgan g‘arazli ma’lumotlar, turli buzg‘unchi g‘oyalar, odob-axloqni yemiruvchi illatlar aholini tashvishga solmoqda", - deyiladi rasmiy bayonotda.
Yalpi majlisdan biroz avval “Adolat” partiyasi mamlakatda "Tik-Tok" ijtimoiy tarmog’ini taqiqlash bo’yicha tashabbus bilan chiqqan edi.
O’zbekistonda qonunchilikka kiritilgan o’zgarishlarga ko’ra, foydalanuvchilarga doir shaxsiy ma’lumotlar bazasini mamlakat hududida saqlamagan ijtimoiy tarmoqlar faoliyati taqiqlanishi, cheklanishi kerak.
O’zbekiston hukumati bu qonunni amalda sinab ko’rdi. O’tgan yilning noyabr oyida kutilmaganda ijtimoiy tarmoqlarga kirish bloklandi. “O’zkomnazarot” bu qarorni qonunchilikka kiritilgan o’zgarishlar bilan asosladi.
Ammo ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi jamoatchilikda keskin norozilik uyg’otishi ortidan prezident matbuot xizmati darhol vaziyatga aralashib, matbuot kotibi Sherzod Asadov “O’zkomnazorat” bir yoqlama qaror qabul qilgani, Prezident Shavkat Mirziyoyevning bundan xabarsizligi yuzasidan izoh bilan chiqqan edi.
Bu voqea ijtimoiy tarmoqlarga qo’yilgan blokning tezda olinishi, qonun ijrosini ta’minlagan “O’zkomnazarot” mulozimi G’olibsher Ziyoyevning ishdan olinishi bilan yakunlangan edi.
Senat majlisidagi muhokamada aynan qaysi ijtimoiy tarmoqlar buzg’unchilik bilan shug’ullanayotgani, milliy qadriyatlarga putur yetkazayotgani aniq ko’rsatilmagan.
Ammo O’zbekiston aholisining ijtimoiy tarmoqlardagi faolligiga doir statistik ma’lumotlar keltirilgan.
“Mamlakatimizda ayni vaqtda “Facebook”da 4,7 million, “Instagram”da 3,7 million, “Linkedln”da 288 ming, “Telegram”da 18 million, “Odnoklassniki”da 16,7 million, “Twitter”da 51,6 ming va “V-kontakte”da 2,6 million foydalanuvchi mavjud bo‘lib, ularning ko‘pchiligini yoshlar tashkil qilmoqda”, - deyiladi bu boradagi axborotda.
Parlament “Uz” domenidagi veb saytlarni tahlil qilgan. Xulosalarga ko’ra, milliy domenda faoliyat yuritayotgan aksariyat saytlar, axborot vositalari milliy qadriyatlarga javob bermaydi.
“UZ” domenidagi veb-saytlarda milliy mentalitetimizga yot bo‘lgan, fuqarolarning, shu jumladan, yoshlarning ongi, ruhiyati, ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan, axloqsizlik, behayolik, pornografiya, shafqatsizlik, zo‘ravonlik, qimor hamda tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar targ‘ibotiga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan materiallar yoki boshqa veb-resurslarga havolalar joylashtirish (foydalanuvchilar tomonidan) kuzatilmoqda”, - deyiladi bayonotda.
Parlamentdagi bu muhokamalar, hukumatga axborot xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan so’rov yuborish qarori mamlakatda milliy ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar yaratishga hozirlik ketayotganidan darak beradi.
Shu yilning oxiriga qadar mahalliy ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar yaratish va ishga tushirish - Mirziyoyevning “2022-2026 yillarga mo’ljallangan Yangi O’zbekistoning taraqqiyot strategiyasi to’g’risida”gi farmonida belgilangan vazifa.
Bu farmonga muvofiq milliy ijtimoiy tarmoqlar va messenjirlar davlat budjeti hisobidan yaratiladi. Loyihani bajarish, milliy ijtimoiy tarmoqlarni yaratish, ishga tushirish asosan O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi zimmasiga yuklatilgan.
O’zbekistonda milliy ijtimoiy tarmoqlar yaratishga urinish yangi loyiha emas.
Bunga internet, ijtimoiy tarmoqlar ham keskin nazorat ostida bo’lgan Islom Karimov boshqaruvi davrida ham urinib ko’rilgan. Milliy qadriyatlarga sodiq, “buzg’unchi” g’oyalardan soqit qilingan “Muloqot.uz” ijtimoiy tarmog’i chiqarilgan edi.
Bir necha yillik faoliyati ortidan ham ommalshmagan, ijtimoiy muloqot darajasiga ko’tarilmagan bu milliy tarmoq 2018-yilga kelib o’z faoliyatini tugatgan.
Ijtimoiy tarmoqlar nazoratiga doir maqsadlar jamoatchilikka tanilib qolgan blogerlar tomonida xavotir bilan qabul qilinmoqda.
Ulardan birining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, kutilmaganda O’zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi jamoatchilikni “portlatgan” edi, ayniqsa muloqot uchun boshqa maydon bo’lmagan bir sharoitda.
Hukumat, katta ehtimol bilan, mahalliy qonunchilikka rioya etmayotgan, milliy qadriyatlarga “putur yetkazayotgan” ijtimoiy tarmoqlarni bloklash qaroriga qaytishdan avval jamoatchilikka muqobil milliy tarmoqlarni taqdim etmoqchi.