Hukumat boshqaruvidagi iqtisodga asoslangan O'zbekiston uzoq yillar mobaynida jahon bozoriga kirish va raqobatlashishdan bosh tortib kelgan, deyiladi Jahon bankining 2021-yilgi hisobotida.
Tilla singari serdaromad mahsulotlarini sotsa-da, O'zbekiston iqtisodiy tizimi 1990-yillarning o'rtalaridan boshlab, 2017-yilgacha dunyo uchun yopiq edi. Xalqaro moliya institutlari bu davrda mamlakatda iqtisodiy va ijtimoiy dinamika kuzatmagan.
Buni ham ko'ring Ekspertlar: Mintaqaviy integratsiya O'zbekistondan real islohotlar talab qiladiO'zbekiston og'ir sanoatga tayanib, tabiiy boyliklarini pullash hisobiga kun ko'rib keldi. Inson kapitaliga, ya'ni salohiyatli mehnat kuchi uchun oz sarmoya qildi. Oylik past, ish kam, resurslar taqchil ekan, millionlab o'zbekistonliklar chetdan imkoniyat izlashga majbur bo'ldi.
Jahon banki mutaxassislari fikricha, Islom Karimov hukmronligida O'zbekiston ko'p jihatdan sovet iqtisodiy sistemasida qoldi. Hamma uchun birdek xizmat va imtiyoz taklif qilinar ekan, o'sish va rivojlanish rag'batlantirilmadi. Mas'uliyat va mahsuldorlikka e'tibor berilmadi. Hukumat har qanday sohada nima xohlasa, shuni qiladi. Ayrimlarida ko'p ish qilindi, boshqalari esa chetga surildi. Taraqqiy etish uchun harakatni fuqaro emas, boshqaruv qildi. Fuqaro esa, nima xohlashidan qat'i nazar, hukumatga ergashishga majbur bo'ldi.
2016-yilda rahbarlikka kelgan Shavkat Mirziyoyev iqtisodni mana shu botqoqlikddan olib chiqishga qaror qilgani Jahon banki va uning qanoti ostidagi boshqa tashkilotlar tomonidan keng olqishlandi. Mirziyoyevning iqtisodiy modernizatsiya dasturi o'tgan besh yilda ancha olg'a siljigani e'tirof etiladi.
Dasturdagi asosiy maqsadlar: makroiqtisodiy barqarorlikni ushlab turish, bozor iqtisodiga o'tishni tezlashtirish, ijtimoiy himoyani oshirish, fuqaroga xizmat qilishni kengaytirish, bozor iqtisodi talablariga qarab siyosat yuritish va atrof-muhitni asrab-avaylash.
Jahon banki yetakchi eksperti Ivaylo Izvorski Vashingtondagi Brukings aql markazi chop etgan maqolasida O'zbekistondagi iqtisodiy siyosatni Sharqiy Yevropa va Shariy Osiyo davlatlaridagi dastlabki islohotlarga o'xshatadi.
Valyuta ayirboshlash masalasida hukumat jur'at va ishonch bilan harakat qildi, deydi Izvorski. Tashqi savdo ko'lami oshdi, sarmoya oqimi jadallashdi.
Biroq davlat moliya strukturasini isloh qilish va hukumatning iqtisoddagi rolini kamaytirish qiyin kechmoqda.
Buni ham ko'ring Markaziy Osiyo: Iqtisodiy o'sish emlanish sur'atiga bog'liqJahon banki tahlilicha, O'zbekiston daromadning salmoqli qismini ta'lim, sog'liqni saqlash va fuqaroga boshqa xizmatlarni ko'rsatish uchun sarflamoqda. Mirziyoyev ma'muriyati uchun bular ustuvor yo'nalishlar, deya kuzatadi Izvorski.
Soliq tizimi soddalashtirildi. Mutaxassis nazarida hozirda bu sistema oldingiga qaraganda xolisroq. Soliq boshqaruvi ham nisbatan yangilangan.
Umuman olganda, ekspert fikricha, iqtisodiyotning kengashi uchun zamin yaratilmoqda.
Biroq tadbirkorlik uchun muhitni yaxshilash, xususiylashtirsh va yangi bizneslarga sarmoya qilish bo'yicha chora-tadbirlar sust. Katta bizneslar kattalashyapti, kichiklari uchun esa imkoniyat oz. Ularning o'sishi yo'lida to'siqlar talay. Xususiy sektor, kredit tizimi va moliyaviy xizmatlar - bularning rivoji bir-biriga chambarchas bog'liq, deydi Izvorski.
Aholining o'rtacha yoshi 28; uchdan ikki qismi 15-64 orasida. Ta'lim va sog'liqni saqlashga katta e'tibor berilayotgani shu bois ham to'g'ri, deydi mutaxassis. Ammo odamlar o'zlari bu ikkisiga sarmoya qila olishi kerak, ya'ni o'qishi va salomatligini ta'minlashi zarur.
Jahon banki inson kapital indeksiga ko'ra, O'zbekistonda tug'ilgan odamning, hozirgi ko'rsatkichlarga qaralsa, mahsuldor inson bo'lish ehtimoli 62 foiz.
Vashingtondagi yana bir aql markazi, Jeymstaun fondi, ilmiy xodimi Margarita Assenova "National interest" saytiga yozgan maqolasida O'zbekistonni Markaziy Osiyoning bugungi lideri deb ataydi.
Qozog'istonda yil boshida kuzatilgan norozilik namoyishlari, qonli to'qnashuvlar va g'alayonlar Rossiya va Xitoyning bevosita ta'siri ortidagi mintaqada vaziyat bir pasda keskinlashishi mumkinligini ko'rsatdi, deydi Assenova.
Qozog'istondagi voqealar, uning nazarida, yana bir haqiqatni urg'ulagan: iqtisod adolatli va shaffof bo'lmasa, barqarorlik ham bo'lmaydi. Iqtisodiy taraqqiyot xalq hayotini osonlashtirishi, uning asosiy talablarini qondirishi, hukumat va fuqaro orasidagi ishonchni oshirishi, ijtimoiy progress real sezilishi lozim.
O'zbekiston mana shunday yutuqlarga erisha oladimi? Assenova fikricha, Markaziy Osiyoning eng yirik jamiyati buning uddasidan chiqsa, mintaqa xavfsizligi va farovonligining garovi bo'ladi.
Mirziyoyev ma'muriyati xalqqa xizmat qilishga va'da bergan. Mas'uliyatli va shaffof boshqaruv, qo'shnilar bilan yaqin hamkorlik, mintaqaviy integratsiya, nafaqat Markaziy Osiyo doirasida, balki Janubiy Osiyo bilan ham iqtisodiy bog'lanish - Toshkent ko'zlagan maqsadlar va zimmasiga olgan vazifalar.
Dunyo O'zbekiston hukumatidan shu bois ham shaxdam qadamlar va ulkan progress kutmoqda, deydi Assenova, chunki Toshkent muvaffaqiyat qozonsa, butun mintaqa foyda ko'radi. Shuningdek, siyosiy-iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan kuchaygan O'zbekiston qo'shni Afg'onistonning oyoqqa turishida ham tayanch bo'la oladi.
Assenova tahlilicha, respublika koronavirus pandemiyasidan inqirozsiz chiqdi. Virusga qarshi kurash uchun milliardlab dollar sarflab, deya yozadi ekspert, hukumat iqtisodni qulashdan saqlab qoldi.
Tadqiqotchi O'zbekistondagi ko'rsatkichlarini qayd etadi: iqtisod 2021-yilda 7,4 foizga o'sgan, 100 ming kishi biznes boshlagan, 700 ming fuqaro mustaqil mehnat qiladi.
Jahon banki taxminicha, respublika iqtisodiyoti joriy yilda 5,6 foizga, kelasi yil esa 5,8 foizga kengayadi.
Buni ham ko'ring Markaziy Osiyoda iqtisodiy ahvol qanday va qay tomon yo’nalmoqda?Lekin inflyatsiya rasman 10 foiz. Oziq-ovqat ishlab chiqarishi oshsa, balki 2022-yilda 9 foizga tushar. Yonilg'i bahosi o'zgarmagan, biroq taqchillik kuzatiladi. O'zbekiston Rossiya va Xitoyga gaz eksportini to'xtatgan.
"Transparency International" xalqaro tashkilotiga ko'ra, O'zbekiston hamon korrupsiya eng chuqur ildiz otgan, qonun ustuvor bo'lmagan davlatlardan biridir.
Hukumat muammolarni tan oladi, ularga qarshi kurashayotganini bildiradi va oldingiga qaraganda ochiqroq faoliyat yuritadi, deydi Assenova.
Ekspert O'zbekistonda qashshoqlikni kamaytirish, ish o'rinlari yaratish, uy-joy barpo etish yo'lida olib borilayotgan say-harakatlarni tilga oladi.
Shaxsga solinadigan daromad solig'i 22 foiz, yirik bizneslarga esa 7,5 foiz ekani alohida ta'kidlanadi.
O'tgan 30 yilda O'zbekiston aholisi 75 foizga oshgani va jamiyat bugun asosan yoshlardan iborat ekani inobatga olinsa, deydi Assenova, hukumat ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarga zo'r berishi tabiiy talabdir.
Tadqiqotchi AQSh va Yevropa Ittifoqini Toshkent bilan aloqani kuchaytirib, O'zbekiston taraqqiy etishi va ko'zlagan maqsadlariga erishishi uchun yordamni oshirishga undaydi.